Home / MAQOLALAR / Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: konstitutsiyaviy kafolatlar va ilmiy merosga masʼuliyat

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: konstitutsiyaviy kafolatlar va ilmiy merosga masʼuliyat

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ilmiy tadqiqotlar, tarixiy va maʼnaviy merosni oʻrganish, qadimiy manbalarni tiklash va ommalashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband ilmiy tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy islom instituti kabi muassasalar aynan ana shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatib, yurtimizning ilmiy va maʼnaviy nufuzini yanada yuksaltirmoqda. Ularda koʻplab qoʻlyozmalar oʻrganilib, tarjimalar amalga oshirilib, xalqaro hamkorlik kengaymoqda.

Bu jarayonlar Oʻzbekiston Konstitutsiyasida belgilangan huquq va vazifalarning amaldagi ifodasi boʻlib xizmat qiladi. Xususan, Konstitutsiyaning 53-moddasida har bir shaxsning ilmiy va badiiy ijod erkinligi kafolatlanishi, davlat esa jamiyatning ilmiy va madaniy rivoji uchun shart-sharoit yaratishi belgilangan. Shu bilan birga 61-moddada fuqarolarning tarixiy, maʼnaviy va ilmiy merosni asrab-avaylash burchi alohida taʼkidlanadi. Demak, davlat ilmiy va madaniy merosni muhofaza qilishga masʼul boʻlsa, fuqarolar, ayniqsa ilm ahli uning qadriga yetishi, uni oʻrganishi va avlodlarga yetkazishi shart.

Shu maʼnoda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng yorqin namunalaridan biridir. Markaz 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, u buyuk muhaddis Imom Buxoriy va boshqa ulugʻ allomalarimizdan qolgan merosni ilmiy asosda oʻrganish, targʻib qilish va jahon miqyosida taqdim etish maqsadida faoliyat yuritadi.

Markazda qoʻlyozmalarni izlash, ularni raqamlashtirish, tarjima qilish va nashr etish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlik kengaymoqda, konferensiyalar oʻtkazilmoqda, ilmiy safarlar tashkil qilinayotgani ham diqqatga sazovor. Markaz nafaqat ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanadi, balki yoshlarni maʼnaviy va intellektual jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni ham amalga oshirib kelmoqda.

Imom Buxoriy markazi faoliyati Konstitutsiyaning 53-moddasida belgilangan ilmiy ijod erkinligini taʼminlashga xizmat qiladi. Markaz tomonidan nashr etilayotgan kitoblar, yaratilgan ilmiy ishlar va tadqiqotlar jamiyat uchun ochiq boʻlib, ilm ahli va yosh tadqiqotchilar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, 61-moddada qayd etilganidek, markaz tarixiy va maʼnaviy merosimizni asrab-avaylashda davlat siyosatining muhim ustuni sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Buyuk allomalar merosini oʻrganish va uni kelajak avlodga yetkazish esa har bir fuqaro uchun ham maʼnaviy burchdir.

Yangi tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazlari yurtimizda mavjud boy ilmiy merosni chuqur, tizimli va zamonaviy yondashuv asosida oʻrganish uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi. 2017-yilga qadar bu yoʻnalishdagi ishlar toʻlaqonli va barqaror tarzda amalga oshirildi, deb boʻlmaydi. Chunki oʻsha davrda ilmiy merosni tadqiq etish bilan shugʻullangan ayrim tashkilot va muassasalarning asosiy vazifasi aynan ilmiy izlanish emas, boshqa yoʻnalishlarga qaratilgan edi. Masalan, diniy taʼlim muassasalari, avvalo, taʼlim berishni asosiy vazifa sifatida bajargan. Ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullangan baʼzi oliygohlar esa moddiy-texnikaviy baza, ilmiy laboratoriyalar, qoʻlyozmalar fondlari va davlat tomonidan zarur qoʻllab-quvvatlash yetarli boʻlmagani sababli keng qamrovli tadqiqotlar olib bora olmagan.

Yangi ilmiy markazlar tashkil etilganidan soʻng vaziyat tubdan oʻzgardi. Ularning faoliyati toʻliq ravishda ilmiy tadqiqotlarga qaratilgani, zamonaviy infratuzilma, kerakli moddiy baza va davlat siyosati darajasidagi qoʻllab-quvvatlash bilan taʼminlangani qisqa fursat ichida ulkan natijalarga olib keldi. Bir necha yil ichida amalga oshirilgan ishlar miqyosi va samarasi bilan butun bir asrlik ilmiy izlanishlar darajasiga teng boʻlib, milliy ilmiy merosimizni oʻrganishda yangi davrni boshlab berdi. 

Xulosa qilib aytganda, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa ilmiy tadqiqot markazlari yurtimizning ilmiy va maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutmoqda. Ularning faoliyati orqali Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy merosi yanada chuqur oʻrganilmoqda, xalqaro miqyosda eʼtiborga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bu markazlar orqali xalqimiz tarixiy merosi tiklanib, Konstitutsiyada eʼtirof etilgan huquq va majburiyatlar hayotda oʻz ifodasini topmoqda.

Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OILAVIY MUNOSABATLARNING ISLOMIY MEZONI

Soʻngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda diniy ilmlarni mukammal egallamagan boʻlsa-da, olimlik daʼvosini qilib, musulmonlarning boshini aylantirayotganlar …