Prezidentimizning 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda tom maʼnoda tarixiy voqelik boʻldi. Ushbu muhim hujjat buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish, moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik, moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda gʻoyat ulkan ahamiyat kasb etadi.
Aks sado
Imom Moturidiy haqida soʻz borganda, dastlab u zotning “hidoyatga boshlovchi imom” rutbasi yodga keladi. Dunyo musulmonlarining aksariyati asarlarini hujjat deb qabul qiladigan, aqidasini tayanch deb biladigan alloma boshqa yuksak unvonlar bilan ham sharaflangan. “Hidoyat bayrogʻi”, “Musulmonlar aqidasini isloh etuvchi”, “Ahli sunna peshvosi” shular jumlasidan.
Imom Moturidiy islom olamining eng eʼtiborli va eʼzozli allomalari safida doim katta hurmat bilan tilga olinishi bejiz emas, albatta. Hidoyatga boshlovchi imom islom tarixining oʻta tahlikali davrida yuzaga kelgan koʻplab buzgʻunchi oqimlarga mardonavor qarshi kurashgan, ularning har biriga asosli raddiyalar berishga jurʼat va shijoat topa olgan. Aqida — kalom ilmiga asos solib, ahli sunnani eng mustahkam poydevor uzra jipslashtirishga bor kuch-gʻayrati, ilmi va salohiyatini yoʻnaltira bilgan. Shu bois ham, Imom Moturidiy taʼlimoti ahli sunna val jamoa aqidasining asl oʻzagi ekanini barcha zamonda ulamolar birdek eʼtirof etadi.
Benazir olim yashagan davrni tasavvur qilishning oʻzi juda ogʻir. Turli firqalar oʻz gʻoyalarini ilgari surib, odamlarni chalgʻitar, ularning mafkuraviy bahslari koʻplab noxushliklarga sabab boʻlar edi. Imom Moturidiy har bir adashgan oqimning botil ekanini peshma-pesh raddiyalar bilan asoslay borib, pirovardida ularni “ochiq jang maydoni”da butunlay magʻlub qilishdek ulkan jasorati bilan musulmonlar aqidasini isloh etuvchi boʻldi. Aqida ilmining ham oʻz davri, ham kelajak avlod uchun oʻlmas ilmiy poydevorini bunyod qildi. Uning asarlari asrlarga tatiydigan manba va ikkilanmay aytish mumkinki, manguliklar ichra mardonavor qad koʻtarib turadigan istehkomdir.
Bu fikrni tasdiqlash uchun Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” tafsiriga nazar solishning oʻzi kifoya. Alloma Qurʼonni tafsir qilar ekan, oʻrni kelganda, oʻz davridagi adashgan oqimlarning gʻoya va qarashlarini ham keltirib, ularga naqliy va aqliy dalillar bilan javob beradi. Ularning qayerda qay yoʻsin adashganini, xatosi nimadan iborat ekanini koʻrsatadi. Shu bilan birga, goʻyo uzoq kelajakka koʻz tikib, oʻzidan keyin roʻy berajak voqealarni koʻrgandek, “agar bizga falon-falon deb savol berishsa, u holda bunday deymiz…” deb, hali oʻrtaga chiqmagan, bahs maydoniga tashlanmagan masalalarni ham keltiradi va ularning yechimini isbotlaydi.
Imom Moturidiyning daholigi shunda-ki, u shunchaki tafsir bilan cheklanib qolmagan. Soddaroq aytadigan boʻlsak, “Taʼvilot al-Qurʼon”ning dohiyona asar ekaniga oddiy misollardan biri shuki, muallif oʻzining soʻz va fikrlari toʻgʻriligiga, avvalo, Qurʼonning oʻzidan dalil keltiradi. Bunday asosni esa, tabiiyki, hech qanaqasiga inkor yo rad etib boʻlmaydi. Soʻngra ishonchli hadislar, mujtahidlarning soʻzlaridan misollar keltirib, dalillarini yanada quvvatlaydi.
Barchamizga yaxshi maʼlumki, “Taʼvilot al-Qurʼon”ning 30-juzi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilk marta oʻzbek tiliga oʻgirilib, 2021-yilda nashrdan chiqarildi va keng jamoatchilikka taqdim qilindi. Endilikda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bu estafetani joʻshqin davom ettirmoqda. Bu ishlar xalqimizning koʻp asrlik tarixi davomida misli koʻrilmagan voqealardir. Negaki, hali Imom Moturidiy asarlari ona tilimizga oʻgirilmagan edi.
Islom ilmlarining ustunlari boʻlgan yetuk allomalarning aksariyati biz yashab turgan mana shu zamindan yetishib chiqqan boʻlsa-da, oʻzimiz turli sabablarga koʻra ularning merosidan bebahra qolib kelganimiz va endi-endi ularni qaytadan tanib, kashf qilib, oʻrganayotganimiz inkor etib boʻlmas haqiqat. Toʻgʻri, bugun Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi nomlarni eshitmagan hamyurtimiz yoʻq hisobi. Lekin afsus, ularning koʻpchiligi bu ulugʻ zotlar nima sababdan butun islom olamida eʼzozlanishi borasida aniq maʼlumotga ega emas. Biz buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz, ammo aksariyatimiz bu iftixor manbalari haqida joʻyali gap ayta olishga qodir emasmiz. Shu choqqacha ular haqida bevosita biz, vorislar emas, balki xorijliklar koʻproq bilim va maʼlumotga ega boʻlib keldi.
Shu bois yangi Oʻzbekistonda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taʼsis qilindi. Ularning bosh maqsadi ajdodlar merosini tiklash, oʻrganish va targʻib etishdan iborat. Bunda moʻtabar asarlarni tarjima qilib, xalqimizga taqdim etishga alohida eʼtibor berilmoqda. Imom Buxoriyning shoh asari oʻzbek tiliga oʻgirildi. “Sunani Termiziy”, “Sunani Dorimiy”, Abdulloh ibn Muborak va Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnad”lari kabi eng ishonchli hadis toʻplamlari ham oʻzbek tilida xalqimiz qoʻliga yetib bordi.
Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari hajman kattaroq boʻlgani va oʻta nozik prinsipial masalalarni qamragani bois uning ona tilimizga tarjimasi hali davom etmoqda. Bu juda mehnattalab, vaqttalab ish boʻlib, bosqichma-bosqich, lekin uzviylik asosida, maslahat bilan, qunt va oʻta sinchkovlik bilan yondashishni taqozo qiladi. “Taʼvilot al-Qurʼon” faqat aqida emas, balki fiqhga ham oid eng nodir manbalardan ekanini unutmaslik lozim.
Prezidentimiz qarori va unga muvofiq, joriy yilda yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanishi alloma hayoti, bebaho merosini chuqur oʻrganish hamda targʻib qilishda yangi davrni boshlab beradi. Jumladan, sanaga bagʻishlangan tadbirlar doirasida aprel oyida Samarqand shahrida oʻtkazilishi moʻljallanayotgan “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman alohida ahamiyatga ega. Dunyo boʻylab moturidiylikning eng zabardast olimlarini bir joyga toʻplaydigan bu forum islom olamida yangi muloqot platformasini yaratish bilan birga, bugun jahonda har turli shiorlar, buzgʻunchi mafkuralar bilan muqaddas dinimizni yomonotliq qilishga urinayotgan kuchlarga qarshi kurashish uchun mustahkam istehkomni vujudga keltirishda muhim oʻrin tutadi.
Imom Moturidiy tavalludining tantanasi doirasida xorijlik tadqiqotchilar oʻrtasida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha ilmiy tanlov oʻtkazish, gʻoliblar ishtirokida Oʻzbekistonda madaniy-maʼrifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish ham koʻzda tutilmoqda. Bu tadbirlar nufuzli anjumanning uzviy davomi boʻlib, u yaratadigan xalqaro hamkorlik maydonini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Albatta, esdalik sovgʻalarini muomalaga chiqarish, pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish, allomaning serqirra hayot yoʻli va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film suratga olish kabi tadbirlar keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida Imom Moturidiy va moturidiylikni oʻrganishga qiziqishni yanada oshiradi.
Yana bir voqea — Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti yoʻnalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bagʻishlangan asarlarning nodir qoʻlyozma va nashr nusxalari, kitoblari koʻrgazmasini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Bu allomaning hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga ishtiyoqmandlar safini yanada kengaytirib, tadqiqotchilarimiz uchun oʻziga xos ilmiy chashma boʻlib xizmat qiladi. Qarorning “moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning ilmiy merosi va noyob qoʻlyozma asarlarini oʻrganish boʻyicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borish” toʻgʻrisidagi bandi ham shunga qaratilgan.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga may va oktyabr oylarida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovini oʻtkazish topshirilyapti. Bu ham islom tinchlikparvarlik va ezgulik dini borasidagi qarashlarni keng targʻib etib, yot gʻoya va mafkuralarga qarshi immunitetni shakllantirish va uni kuchaytirish orqali yurtimizda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Imom-xatiblar va diniy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida tashkil etiladigan “Moturidiylik taʼlimoti bilimdoni” tanlovi, shuningdek, butun mamlakat boʻylab oʻtkaziladigan Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bagʻishlangan davra suhbatlari ham shu maqsadga qaratilgan. Imom Moturidiy tavalludining yubileyini nishonlash Oʻzbekiston va dunyo musulmonlarini, taʼbir joiz boʻlsa, turli buzgʻunchi kuchlarga qarshi yanada birlashtiradi.
Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori