Home / MAQOLALAR / KICHIK YOSHDAGI SAHOBALAR

KICHIK YOSHDAGI SAHOBALAR

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo

Abdulloh paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga paygʻambarlik vazifasi berilganidan ikki yil oʻtgach Makkada dunyoga keldi. Otasi – paygʻambar alayhissalomning ikkinchi xalifasi hazrati Umar islomni qabul qilganlarida esa Abdulloh hali 4-5 yoshdagi bolakay edi. Ancha yosh boʻlishiga qaramay, boshidan kechirganlari, koʻrganlari va eshitganlarini diqqat bilan kuzatib, zehniga muhrlar edi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo butun umri davomida otasiga loyiq bir shaxsiyat boʻldi. Hali kichik yoshdagi bola ekan otasi hazrati Umar roziyallohu anhuning musulmon boʻlishi sirasida guvoh boʻlgan bir hodisani aslo unutmadi. Yillar oʻtgach koʻrgan-kechirganlarini shunday hikoya qilgandi:

“Otam musulmon boʻlgach, atrofidagilarga: “Makkaliklarning qay biri eshitganlarini insonlarga tez tarqatadi?” deb yuzlandi. Ular: Jamil ibn Maʼmar” deyishdi. Otam tashqariga chiqdi. Nima sodir boʻlishini juda ham qiziqish bilan kuzatayotgandim. Otamni kuzatish uchun men ham u bilan tashqariga chiqdim. Otam Jamilning oldiga borganda: “Ey Jamil! Bilasanmi, men musulmon boʻldim! Muhammadning diniga kirdim”, dedi.

Otam hali soʻzini tugatmasdanoq Jamil bizdan uzoqlashib keta boshladi. Otam unga, men esa otamga ergashdim. Jamil Kaʼbaga yetgach: “Ey Qurayshliklar! Umar dinidan qaytibdi!” deya baqirdi. Shunga javoban otam: “Yolgʻon gapiryapsan, men musulmon boʻldim”, deb javob qaytardi”.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo yoshi kichik boʻlishiga qaramay, otasi bilan birga kattalarning majlislarida ishtirok etardi. Biroq qayerda va qanday harakat qilish kerakligini yaxshi bilar edi.

Bir kuni u ulugʻ sahobalar bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam majlisdagilarga savol berdilar:

“Moʻmin kishi Parvardigorining izni bilan doim meva beradigan, barglari toʻkilmaydigan bir daraxtga oʻxshaydi. U qaysi daraxt?”

Hozir boʻlganlardan har biri birma-bir turli daraxt nomini aytdi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoning xayoliga “xurmo” javobi kelgan edi. Ammo otasi hazrati Umar roziyallohu anhu va hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu kabi ulugʻ sahobalar hech qanday javob bermagan edi. Shuning uchun u ham hayo qilib, aytmaslikka qaror qildi. Hech kim toʻgʻri javobni topolmaganida paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“U xurmo daraxtidir” dedilar.

Abdulloh guvoh boʻlgan bu hodisadan muhim bir dars olgan edi.

Bir kuni rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati Umarga bir hadya berdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu:

“Ey, Rasululloh! Buni mendan faqirroq boʻlgan kishiga bering!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunga javoban:

“Ol! Istasang, molingga qoʻsh, istasang, bir faqirga sadaqa sifatida ber! Istalmagan va ortidan quvilmasdan kelgan molni ol! Aks holda olma, ortidan ham quvma!” dedilar.

Bu hodisadan dars olgan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo hayoti davomida hech kimdan hech narsa soʻramadi. Istalmagan holda va kutilmaganda unga hadya qilingan narsani hech qachon qaytarib yubormadi.

Abdulloh bolalik yillarida otasidan eshitgan nasihatlarini hech qachon unutmadi, umri davomida bu nasihatlarga toʻliq amal qildi. Hatto bu nasihatlar kundalik hayot bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻlsa ham.

“Olov – tahlikali dushman kabidir, undan ehtiyot boʻling!”

“Katta boʻlganingizda bir uyga jamlanmang, alohida uylarda yashang! Shunday qilmasangiz, qarindoshlik rishtalaringizni uzishingizdan yoki orangizda yomon hodisalar yuz berishidan qoʻrqaman”.

“Xat yozishni boshlaganda, avval oʻz ismingizni, keyin suhbatdoshingizning ismini yozing”.

Abdullohning yoshlik chogʻidagi eng katta orzusi – chiroyli bir tush koʻrish edi. Chunki kim chiroyli bir tush koʻrsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, tushini soʻzlab berardi. Bu holatni kuzatib yurgan Abdulloh ham tush koʻrib, Rasulullohning huzurlariga borib, u zotga soʻzlab berishni judayam istardi.

Nihoyat, Abdullohning orzusi ushaldi. Masjidi Nabaviyda uxlab qolib, bir tush koʻrdi. Tushida ikki farishta uni ushlab olov tomon yetaklayotgandi. Shu sirada olov suv toʻgʻoni kabi chayqalayotgandi. Olov ichida unga tanish boʻlgan baʼzi kishilar ham bor edi. Olov kuydirishidan qoʻrqib, Allohga iltijo qila boshladi. Ikki farishta uni olov tomon yetaklar ekan, uchinchi bir farishta kelib unga: “Qoʻrqma!” dedi. Tushning shu joyiga yetganida birdan uygʻonib ketdi va darhol borib tushini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga soʻzlab berdi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdullohning soʻzlarini eshitib:

“Abdulloh ibn Umar qanday ham yaxshi inson! Boz ustiga kecha namozini ham ado etsa” dedilar. Buni eshitgan Abdulloh umrining oxiriga qadar tungi namozni qoldirmadi.

Abdulloh yoshligiga qaramay, paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga baʼzi safarlarga ham chiqqan edi.

Bir safar asnosida Abdulloh mingan tuya tezligini oshirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalaridan ilgarilab ketdi. Chunki paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam mingan tuya yosh va kuchli boʻlgani bois uni tizginlashga biroz qiynalayotgan edilar. Bu hodisani koʻrgan otasi hazrati Umar roziyallohu anhu:

“Ey, Abdulloh! Hech kim Rasulullohdan oldinga oʻtolmaydi!” deb ogohlantirdi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darhol oraga kirib:

“Bu tuyani menga sot!” dedilar. Hazrati Umar bunga javoban:

“Bu tuya sizga fido boʻlsin, ey Allohning Rasuli!” dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soʻzlarida qatʼiy turib:

“Tuyani menga sot!” dedilar. Otasi tuyani sotgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdullohga yuzlanib:

“Bu tuya seniki boʻlsin, ey Abdulloh! Uni istaganingdek boshqar!” dedilar.

Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

JOHILLIK DARAJASIGA TUSHIRADIGAN AMALNI BILASIZMI?

Itoat islomning muhim shartlaridan biridir. Musulmonlarning Alloh va Rasuliga itoat etishi farz boʻlgani kabi oʻz …