Home / FOTO LAVHALAR / Islom maʼrifati tarannumi

Islom maʼrifati tarannumi

17-mart kuni Toshkent islom institutida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan yangi nashr etilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, institut rahbariyati, ustoz va talabalar ishtirok etdi.

Prorektor Soatmurod Primov mamlakatimizda diniy maʼrifat sohasiga davlat tomonidan qaratilayotgan alohida eʼtibor, ajdodlarimiz merosini oʻrganish va asarlarini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi. Bu yoʻnalishda tashkil etilgan muassasalarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari va joylarda oʻtkazilayotgan maʼrifiy-targʻibot tadbirlarining ahamiyatini alohida taʼkidladi.

Ilmiy xodim Jonibek Jumayev yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Navroʻz ayyomi va muborak Iydi Ramazon bilan samimiy qutlab, Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, erishayotgan natijalari va kelgusi rejalari haqida maʼlumot berdi.

Yana bir ilmiy xodim Usmonxon Muhammadiyev taqdim etilayotgan kitoblar xususida toʻxtalib, ularning ilmiy qiymati va islom ilmlari rivojidagi ahamiyatini keng yoritib berdi.

Tadbir ishtirokchilari bunday maʼrifiy tadbirlar ilm ahli va talabalar uchun yangi asarlar bilan tanishish orqali islom tarixi va ajdodlarimiz merosini chuqurroq oʻrganish va anglashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Taqdim etilgan kitoblar talaba va tadqiqotchilar uchun yangi izlanishlar yoʻlini ochishiga ishonch bildirildi.

Taqdimot uchun keltirilgan barcha kitoblar institut kutubxonasiga hadya qilindi.

Talabalar mazkur kitoblar yoshlarda maʼnaviy uygʻonish va ilmga ishtiyoqni qondirishda beqiyos manba boʻlishini aytib, Markaz ilmiy jamoasiga minnatdorlik izhor etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy anjuman: tafakkur, jamiyat va koinot haqidagi chuqur munozaralar markazi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish …