Home / MAQOLALAR / RAMAZONNING XOS FAZILATLARIDAN BIR SHINGIL

RAMAZONNING XOS FAZILATLARIDAN BIR SHINGIL

Mehr-shafqat, ezgulik, xayr-saxovat, ibodat, duo, tasbeh, tarovih va Qurʼon oyini – oylarning sultoni, eng ulugʻi va fazilatlisi boʻlmish muborak Ramazonni yurtimiz musulmonlari har doim oʻzgacha surur bilan kutib oladi. Zero, unda savoblarning ajri bir necha karra ziyoda qilinadi, Parvardigorning magʻfiratiga erishish osonlashtirilib, buning imkoniyatlari kengaytiriladi.

Bu oy roʻzasining farzligi haqidagi oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hijratning ikkinchi yili shaʼbon oyida nozil qilingan.

Muqaddas dinimizning moʻtabar manbalarida Ramazon oyining fazilatlari haqida juda koʻp maʼlumot mavjudki, ularning adogʻiga yetib boʻlmaydi. Avvalo, aytish kerakki, islomning bosh manbai, insoniyatning qiyomatgacha hayot dasturi – Qurʼoni karim ayni shu oyda nozil boʻlgan. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir”, deb marhamat qiladi (Baqara surasi, 185-oyat). Ushbu oyat Ramazon oyining boshqa oylardan afzalligiga, nisbatan ustun ekaniga yorqin dalolatdir.

Ushbu oyning fazilatlaridan biri shuki, unda jannat eshiklari ochilib, doʻzax eshiklari yopiladi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”, dedilar”.

Imom Termiziy bunday keltiradi: Ramazon oyining birinchi kechasida shaytonlar va oʻzboshimcha jinlar kishanlanadi, doʻzax eshiklari yopiladi, ularning birortasi ochilmaydi. Jannatning eshiklari ochiladi, ularning birortasi yopilmaydi. Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik istovchi, kelib qol! Ey yomonlik istovchi, bas qil!” deb nido qiladi. Ramazonda har kecha Allohning doʻzaxdan ozod qilinadigan bandalari boʻladi”.

Ramazon oyining fazilatlaridan yana biri unda Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati alohida xislatlar ziynatlanishidir. Abu Hurayra roziyallohu anhu Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qilgan: “Ummatimga Ramazon oyida avvalgi ummatlarga berilmagan besh xislat ato etiladi: 1) Roʻzadorning ogʻzidan keladigan hid Allohning huzurida misk (mushki anbar)dan xushboʻyroqdir; 2) Iftor qilguniga qadar farishtalar ularning haqqiga istigʻfor aytib turadi; 3) Alloh har kuni jannatini ziynatlab, unga: “Yaqinda Mening solih bandalarim mashaqqat va ozorlardan xalos boʻlib, senga keladi”, deydi; 4) Bu oyda shaytonlarning kattalari zanjirband qilinib, boshqa oylardagi erkinliklariga ega boʻlolmaydi; 5) Oxirgi kechada ularning gunohlari magʻfirat qilinadi”. “Ey Rasululloh! U Qadr kechasimi?” deb soʻraldi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Yoʻq, amal qiluvchi amalini tugatgach, ajri (ish haqi) toʻliq qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Ramazon oyining eng ulugʻ fazilatlaridan biri shuki, bu oyda Qadr kechasi bor. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qadr kechasini imon va savob umidida bedor oʻtkazsa, uning oʻtgan gunohlari kechiriladi, kimki Ramazon roʻzasini imon va savob umidida tutsa, uning oʻtgan gunohlari kechiriladi”, dedilar”.

Uboda ibn Somit raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni Qadr kechasidan xabardor qilish uchun oldimizga chiqqanlarida, ikki kishi oʻzaro tortishayotgan edi. “Sizlarga Qadr kechasi haqida xabar berish uchun chiqqandim. Falonchi bilan falonchi oʻrtasida tortishuv boʻlayotgani tufayli (uni) unutdim. Ehtimol, bu xayrlidir. Uni oxirgi oʻn kunlikning beshinchi, yettinchi va toʻqqizinchi kechalaridan izlang”, dedilar”.

Ramazon oyining fazilati haqida Salmon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod boʻlish fursati boʻlgan oydir”, deb rivoyat qilgan. Uning oxirgi oʻn kunligi “doʻzaxdan xalos boʻlish” davri sanaladi. Shu bilan birga, Ramazonda har kecha son-sanoqsiz odamlar doʻzaxdan ozod qilinadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonda har kecha Allohning doʻzaxdan ozod qilinadigan bandalari boʻladi”, deganlar. Demak, bu oyda duo, istigʻfor, salavot, tasbeh, tahlil, ibodat, tilovat, mehr-shafqat, xayr-saxovat kabi ezgu amallarni koʻpaytirish oʻzimiz uchun juda foydali va savobli boʻladi.

Ramazon oyining har kunida qabul boʻladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul boʻladigan bir duo bor”, deganlar (Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyat qilgan). Agar bu duo roʻzadorlik paytida, ayniqsa, iftorlikdan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, roʻzador iftorlik qilgunicha va mazlumning duosi”, dedilar (Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolodan bu muborak oyni barchamizga xayrli va barakotli qilishini soʻraymiz. Uni taqvo neʼmatiga erishishimiz uchun vasila qilsin. Alloh taolo jonajon yurtimizni Oʻz panohida asrasin!

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

JOHILLIK DARAJASIGA TUSHIRADIGAN AMALNI BILASIZMI?

Itoat islomning muhim shartlaridan biridir. Musulmonlarning Alloh va Rasuliga itoat etishi farz boʻlgani kabi oʻz …