Falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev 75 yoshda
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori maslahatchisi Baxtiyor Toʻrayev ziyoli oilada kamol topib umrini maʼrifat, ilm-fanga bagʻishlab kelayotgan inson. Otasi Omonxon Toʻraxonov maʼrifatli kishilardan edi. Onasi Oydin Nuriddinova chorvachilik va bogʻdorchilikda dong taratgan dehqon oilasida tarbiya topgan.
B.Toʻrayev Payariq tumanidagi 6-maktabni tamomlab, 1968-yilda Toshkent davlat universitetiga oʻqishga kirdi. Oliygohni imtiyozli diplom bilan bitirgach, falsafaning ontologik muammolarini tadqiq etishga kirishdi. Uning Beruniy merosi, olamning kosmologik manzarasi, sunʼiy intellekt imkoniyatlari, fazo va vaqtning chekliligi va cheksizligi muammolariga bagʻishlangan tadqiqotlari ilmiy jamoatchilikning eʼtiborini qozondi.
Shu bois universitet taqsimot komissiyasi B.Toʻrayevga 0ʼzFAning Falsafa va huquq institutiga yoʻllanma berdi. Uning fazo-vaqt strukturasi rivojlanishida dialektik ziddiyatlar haqidagi tadqiqoti sobiq ittifoq yosh olimlari tanlovida maxsus diplom bilan taqdirlandi.
1979-yilgacha mazkur institutda ishlagan yosh olim falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. Keyin 0ʼzFAning ijtimoiy fanlar boʻlimida ilmiy kotib, falsafa kafedrasi katta oʻqituvchisi, ToshDUning falsafa kafedrasida mehnat qildi. Moskva davlat universitetining falsafa kafedrasi professorlari P.AIekseyev, O.Fayzullayevlar ilmiy maslahatchiligi asosida doktoranturada oʻqidi. 1992-1993-yillarda ToshDU qoshidagi ijtimoiy fanlar oʻqituvchilari malakasini oshirish instituti dotsenti sifatida faoliyat yuritdi.
1993-yildan I.Moʻminov nomidagi falsafa va huquq institutining fan va texnika falsafasi boʻlimiga rahbarlik qildi. Bu muassasada “Borliqning fazo-vaqt strukturasi rivojlanishi haqidagi konsepsiyalarni falsafiy asoslash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Olim 0ʼzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida “Yosh olimlar klubi”ni tashkil etdi. Yurtimizda dastlabki ilmiy-ommabop va fantastik maqolalarni chop etuvchi “Sirli olam” jurnalining tashkil etilishida tashabbuskorlik koʻrsatdi.
Professor B.Toʻrayev ilmiy tadqiqotlari davomida fazo va vaqt aloqadorligi, miqdor va sifat xususiyatlari, qora tuynuklar fizikasi qonuniyatlariga koʻra, koinotda mikro, makro va megadunyolarning bir-biriga bogʻliqligi, koinot rivojlanishining oʻziga xos belgilari, Beruniy va Ulugʻbek astrologik hisob-kitoblarining bir-biriga uygʻunligi, tasavvuf taʼlimotida Mahdumi Aʼzamning qarashlari, aholi bandligi muammosini hal etish qonuniyatlarini falsafiy jihatdan asosladi, tahlil qildi. 0ʼzbekiston faylasuflari milliy jamiyati tashkilotchilaridan biri sifatida milliy gʻoya va milliy mafkuraning konseptual asoslarini ishlab chiqishda qatnashdi.
Hozirgi paytda olim oʻzbek xalqi milliy falsafasining konseptual asoslarini yaratish va olamning sinergetik manzarasi tamoyillari ustida izlanish olib bormoqda.
Shuningdek, professor Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori maslahatchisi lavozimida ishlab, Markaziy Osiyoda oʻtgan buyuk mutafakkir bobokalonlarimizning maʼnaviy merosini tadqiq etish ishlariga bosh-qosh boʻlmoqda. Bulardan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tarkibida ilmiy tadqiqotlarni attestatsiya qilish jarayonida ham faol qatnashmoqda. 0ʼzbekiston Milliy universiteti va I.Moʻminov nomidagi falsafa va huquq institutining falsafa fanlari boʻyicha birlashgan ixtisoslashgan kengashining faol aʼzosi, Samarqand davlat universiteti huzuridagi falsafa fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi.
Olim oʻndan ortiq mualliflik monografiyalari, falsafa, tabiatshunoslik falsafasi, fazo va vaqt, hozirgi zamon kosmologiyasi, mantiq, ijtimoiy falsafa va milliy gʻoyaning falsafiy muammolariga doir 900 dan ortiq ilmiy maqolalar, risola va monografiyalar muallifi hisoblanadi, oʻnlab darslik va oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. 2015-yilda oʻzbek va rus tillarida nashr qilingan uch jildlik “Tanlangan asarlar” kitobining chop etilishi shubhasiz, 0ʼzbekiston madaniy hayoti va faylasuflar olamida juda katta voqea boʻldi.
Uning ilmiy rahbarligida 7 nafar fan doktori va 12 nafar falsafa doktori yetishib chiqdi.
Nafaqat 0ʼzbekiston, balki Markaziy Osiyoning falsafa boʻyicha yirik mutaxassisi, respublikadagi yetakchi jamiyatshunos olimlardan biri Baxtiyor Toʻrayevni qutlug1 75 yoshi bilan tabriklaymiz. Ustozga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, ilmiy va ijodiy izlanishlariga baraka tilaymiz.
B.RAHMONOV, J. MUSTAFOYEV, J.OCHILOV,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktorlari (PhD)
Manba: “Zarafshon” gazetasi 2025-yil 12-mart, 31 (24.057)-son