Home / FOTO LAVHALAR / Ilmiy anjuman: tafakkur, jamiyat va koinot haqidagi chuqur munozaralar markazi

Ilmiy anjuman: tafakkur, jamiyat va koinot haqidagi chuqur munozaralar markazi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Samarqand viloyati mintaqaviy filiali, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti, Oʻzbekiston faylasuflari assotsiatsiyasi hamkorligida “Inson, tafakkur, sotsium va koinot: taraqqiyoti, muammolari va istiqbollari” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya oʻtkazildi.

Anjuman Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining Bosh maslahatchisi, Turon Fanlar akademiyasi akademigi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayevning 75-yillik yubileyiga bagʻishlandi.

Tadbirda mamlakatimiz ilmiy muassasalari xodimlari, olimlar, oliy oʻquv yurtlari rektor va professor-oʻqituvchilari, faylasuf olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

 

Ochilish marosimida onlayn va oflayn soʻzga chiqqanlar professor Baxtiyor Turayevning ilmiy faoliyatini keng yoritib, falsafa sohasi rivojiga qoʻshayotgan hissasini eʼtirof etdi. Maʼruzachilar yubilyarning yuksak insoniy fazilatlari, uning fan taraqqiyotida tutayotgan oʻrni, asarlarida sinergetika falsafasining rivojlantirilishi va olimning yangi nazariy yondashuvlari masalalariga alohida toʻxtaldi.

“Ilm, maʼrifat va raqamlashayotgan dunyoning ijtimoiy-falsafiy masalalari”, “Ontologiya, gnoseologiya, mantiq masalalari va dunyoning sinergetik manzarasi”, “Ilmiy-maʼnaviy meros va falsafa tarixi masalalari, sunʼiy intellekt va uning sinergetik mohiyati” nomli shuba yigʻilishlarida ish yanada qizgʻin va sermazmun kechdi.

Ilmiy maʼruzalar asosan global muammolar va Oʻzbekistonning xalqaro jarayonlardagi oʻrni, adolat va tenglik masalalari, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning mustahkamlanishi, olam va inson tafakkuri haqidagi chuqur falsafiy munozaralar, ilm-fanning kelajakni belgilashdagi imkoniyatlari ochib berildi. Maʼruzachilar, shuningdek, inson va sunʼiy intellekt oʻrtasidagi tafovut va oʻxshashliklarni qiyoslab, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish barobarida sunʼiy intellektning inson huquqlari va axloqiy meʼyorlarga taʼsirini yoritdi.

Anjuman ishida ilmiy meros va zamonaviy texnologiyalarning falsafiy tahliliga ham alohida ahamiyat qaratilib, tarixiy ilmiy meros va uning bugungi ilmiy jarayonlarga taʼsiri muhokamalar maydonidan joy oldi.

Professor Baxtiyor Turayev ilmiy faoliyatini yoritishga bagʻishlangan tadbir ilmiy jamoatchilikning falsafa, ilm va maʼnaviyat taraqqiyotiga nazariy jihatdan yangicha yondashish imkoniyatlarini ham oshirdi. Shubalar ishida koʻtarilgan masalalar, maʼruzalarda ilgari surilgan fikrlar va bahs-munozaralar ilm ahli uchun ulkan tajriba maydoniga aylandi.

Anjuman doirasida “Qalbimdagi vatanim” nomli fotokoʻrgazma ham tashkil etildi. Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, fotorassom Fotoritm (Zafar Oʻskanovich Roʻziqulov) va farzand-shogirdi Laylo Oʻskanova hammuallifligidagi mazkur fotokoʻrgazmada namoyishga qoʻyilgan 40 ta badiiy fotosurat anjuman mohiyatini oʻzida aks ettirgani tomoshabinlar qalbida yorqin taassurot qoldirdi.

Anjumanning yuksak saviyasi, mazmundor ilmiy muhokamalar va bildirilgan turfa fikrlar istiqbolda yangi tadqiqotlarga yoʻl ochishi shubhasiz.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Indoneziya OAV eʼtiborida

Indoneziyaning Jakarta shahridagi Sharif Hidoyatullo Davlat islom universiteti va Qurʼon ilmlari instituti olimlari hamda turizm …