Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiyadagi Izmir Katip Chelebiy universiteti rektori professor, doktor Saffet Koʻse tashrif buyurdi.
Mehmonni Markaz direktori Shovosil Ziyodov qabul qilib, faoliyat yoʻnalishlari, erishilayotgan natijalar va Turkiyadagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari haqida soʻzlab berdi.
Professor Saffet Koʻse samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, oʻzi rahbarlik qilayotgan universitet haqida maʼlumot berdi.
Turkiyaning nufuzli taʼlim maskanlaridan biri sanalgan bu dargoh 2010-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda jami 13 fakultet, 3 institut va 5 ta oliy kasb-hunar maktabiga ega. Hozir bu yerda tibbiyot, ilohiyot, muhandislik, iqtisodiyot, sanʼat, ijtimoiy fanlar kabi yoʻnalishlar boʻyicha 20 mingga yaqin talaba tahsil oladi, mingdan ziyod malakali professor-oʻqituvchi dars beradi.
Suhbat chogʻida Markaz va Izmir Katip Chelebiy universiteti oʻrtasida qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, simpoziumlar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy forumlar oʻtkazish, talabalar va mutaxassislar almashuvini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Ikki tomonning oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi niyat va intilishlari, maqsadlari mushtarak ekani qayd etildi.
Professor Saffet Koʻse muloqot juda foydali, qiziqarli va qizgʻin ruhda oʻtganini taʼkidladi, kelgusida aloqalar mustahkamlanishiga qatʼiy ishonch bildirdi.