Home / MAQOLALAR / TAROVEH NAMOZI HAQIDA MAZHABLAR NIMA DEYDI?

TAROVEH NAMOZI HAQIDA MAZHABLAR NIMA DEYDI?

Baʼzilar hozirgi kunda odamlarning ibodatlarini shubha ostiga qoʻyish bilan ularning fikrlarini oʻzgartirishga urinib kelmoqda. Taroveh namozi rakatlarining soni va ulamolar bu borada ixtilof qilganini aytib, bunday maʼlumotga ega boʻlmaganlar koʻngliga gʻulgʻula solmoqda. Shuning uchun taroveh toʻgʻrisida mazhablarning fikrini eslab oʻtishga jazm etdik.

Hanafiy mazhabida taroveh namozi 20 rakat boʻlib, sahobalar ijmosiga koʻra, erkaku ayollar uchun sunnati muakkada (yaʼni, bajarilishi alohida taʼkidlangan sunnat)dir. Jamoat bilan oʻqiladi. Uyda yolgʻiz oʻqisa ham boʻladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan savob umid qilib, Ramazon namozini (tarovehni) oʻqisa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deganlar (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Tarixdan maʼlumki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yolgʻiz oʻzlari oʻqiganlar. Davomli tarzda emas, baʼzi-baʼzida odamlarga 20 rakat oʻqib berganlar. Sahobalar ham Umar roziyallohu anhu xalifa boʻlgunicha, tarqoq holda oʻqigan. Keyin hazrati Umar bu namozni jamoat bilan (20 rakat) oʻqishni joriy qilgan (Molik rivoyati). Ali roziyalohu anhu: “Umar masjidlarimizni tarovehning fayzi bilan nurlantirganidek, Alloh ham Umarning qabrini nurlantirsin!” deb, bu ishdan mamnun boʻlganini bildirgan.

Umar roziyallohu anhu buni oʻzicha joriy etmagan, albatta. Bu xunuk bidʼat ham emas. Buni hazrati Umar faqat oʻsha davrda yuzaga kelgan (yozilmagan) odat va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yoʻllariga asoslanib joriy etgan (Hasan Shirinbiloliyning “Maroqil falloh” asaridan).

Molikiy mazhabida taroveh 36 rakat boʻlib, mustahab hisoblanadi. Uyda yolgʻiz oʻqish afzaldir. Imom Molik bunday degan: “Taroveh namozi oʻrtacha qiroat bilan 20 rakat boʻlgan. Soʻng qiroati qisqartirilib, 36 rakatga uzaytirilgan” (Bahrom Damiriyning “Taxbirul muxtasar” asaridan). Yana bir rivoyatda Madina ahli Makka ahliga (savobda) tenglashish uchun 36 rakat oʻqigani aytiladi. Chunki Makka ahli har bir dam olishda (yaʼni, har toʻrt rakatdan keyingi tasbeh vaqtida) Kaʼbani tavof qilardi. Shunday qilib, ular bir kechada toʻrt marta tavof amalini bajarardi. Madina ahli har bir tavofni toʻrt rakatga almashtirgan va shu tariqa tarovehni 36 rakatga yetkazgan (Yahyo Imroniyning “Al-Bayonu fi mazhabil imomish Shofeiy” asaridan).

Shofeiy mazhabida taroveh 20 rakat boʻlib, ravotib sunnat sanaladi. Yaʼni, kundalik farz namozlariga tobe boʻlgan nafllar kabidir. Xatm qiladigan qori boʻlmasa, yolgʻiz oʻqigan afzal. Imom Shofeiy: “Ramazonning qiyomiga kelsak, mening nazdimda yolgʻiz oʻqigan yaxshiroq”, degan. Shofeiylarning baʼzi ulamolari sahobalarning xatti-harakatlaridan vorid boʻlganiga asoslanib, jamoat bilan oʻqish afzalligini aytgan.

Hanbaliy mazhabida taroveh namozi mustahab boʻlib, uni jamoa bilan oʻqish afzal koʻriladi. Bu haqda ikki xil rivoyat kelgan: birinchisi mazhabda mashhur boʻlib, sahoba roziyallohu anhum oʻqiganidek, 20 rakatdir (Abdulloh Tayyorning “Vabalul gʻamoma” asaridan). Ikkinchisi Imom Ahmaddan rivoyat qilingan: “Vitr bilan qoʻshganda, oʻn bir rakat, yo yigirma uch rakat, yo oʻttiz toʻqqiz rakat oʻqiydimi, bularning har biri chiroylidir” (Ahmad Xalilning “Sharh zodil mustaqniʼ” asaridan).

Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum kabi ulugʻ sahobalar davridan boshlab, hozirgi kungacha taroveh namozi yigirma rakat oʻqiladi. Sahobalardan hech kim bunga eʼtiroz bildirmagan, mazhablarning hech birida yigirma rakat oʻqishga qarshilik yoʻq. Keyingi ulamolar ham bu borada ixtilof qilmay kelmoqda.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TAOMLANISH SIRLARI (6-qism)

TAOMLANISH SIRLARI (7 qismdan iborat)ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:  DASTURXON  ATROFIDA:  Oliyjanob tarbiya koʻrgan, …