Indoneziyaning Jakarta shahridagi Sharif Hidoyatullo Davlat islom universiteti va Qurʼon ilmlari instituti olimlari hamda turizm va bank sohalari vakillari, sanʼatkorlardan iborat delegatsiya yaqinda yurtimizga, xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga kelgan edi.
Xalqaro markaz matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu tashrif tafsilotlari Indoneziyaning bir necha ommaviy axborot vositasida keng yoritildi.
Mamlakatning rasmiy axborot agentligi hisoblangan ANTARA News sayti delegatsiya aʼzolarining Markaz bilan ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga alohida toʻxtalgan.
Xabarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodovning Indoneziyadagi ilmiy muassasalar bilan aloqalar cheklangani, aslida ular koʻlamini oshirish uchun ishtiyoq va imkoniyatlar ikki tomonda ham koʻpligi, ushbu tashrif hadis ilmi, Imom Buxoriy asarlarini oʻrganish va boshqa ilmiy loyihalar boʻyicha yaqin hamkorlikka tamal tosh qoʻyishi haqidagi fikrlari keltirilgan.
Universitet va Qurʼon ilmlari instituti olimlari, tadbirkorlar, bank sohasi vakillari va sanʼatkorlardan iborat delegatsiya aʼzolari bilan oʻtkazilgan muzokaralar davomida joriy yil iyun oyida Jakartada va oktyabrda Samarqandda “Imom Buxoriy merosi – musulmon dunyosi nigohida” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etish va oʻtkazish, qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va boshqa bir qator amaliy takliflar bildirilgani maʼlum qilingan.
Liputan6.com axborot saytida esa oʻzaro hamkorlik Imom Buxoriyning asarlarini oʻrganishga, uning merosini birgalikda tadqiq etib, keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgani tilga olinib, mazkur yoʻnalishdagi faoliyatning salmogʻi va ahamiyatini bir qadar oshirishga xizmat qilishi taʼkidlangan.
Nahdlatul Ulama tashkilotiga tegishli NU Online sayti Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasidagi hamkorlik istiqbollariga kengroq oʻrin ajratgan. Taʼkidlanishicha, Malayziya, Turkiya va boshqa koʻplab davlatlar tadqiqotchilari qatnashgan mazkur dastur boʻyicha Indoneziya bilan hozirgacha oʻrnatilmagan hamkorlik tashrif natijalariga koʻra yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi.
Aspirasinusantara.id sayti eʼlon qilgan maqolada bir guruh faollarning xorijda, xususan, Oʻzbekistonda, Imom Buxoriy merosini oʻrganish, yoritish va musulmon dunyosi uchun uning ahamiyatini targʻib qilishga qaratilgan tashabbuslari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikni oʻz ichiga olishi qayd etilgan.
Xuddi shu material AswajaTV saytida ham eʼlon qilingan.