Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Gʻallaorol tuman ixtisoslashtirilgan maktabining ustoz va oʻquvchilari tashrif buyurdi.
Mehmonlar Markaz muzeyida boʻlib, Imom Buxoriy siyrati, oʻlmas asarlari, ularning ilmiy ahamiyati va qiymati haqida maʼlumotga ega boʻldi. Oʻquvchilarga kitoblar mazmuni va ularning islom taʼlimotidagi oʻrni toʻgʻrisida tushunchalar berilib, qimmatli iqtiboslar keltirildi.
Tashrif davomida oʻquvchi yoshlar va tadqiqotchilar ishtirokida qiziqarli davra suhbati oʻtkazildi. Unda ilmga ishtiyoqni oshirish va aniq fanlarni oʻzlashtirishning istiqboldagi ahamiyatiga urgʻu berildi. Markaz ilmiy xodimi Abdulbosit Mamadaliyev yoshlar bilan ingliz tilida muloqotga kirishib, alloma ajdodlarimiz boshqa tillarda ham oʻz ona tilidagi kabi ijod qilgani, chet tillarni mukammal bilish bugun ham xalqaro ilmiy va madaniy maydonda erkin faoliyat olib borish uchun muhim ekaniga eʼtibor qaratdi.
Mutafakkirlarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros haqidagi qiziqarli maʼlumotlar yosh mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Suhbat davomida Markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasining mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berilib, qiziqarli savol-javoblar oʻtkazildi.