Home / FOTO LAVHALAR / Markaz salohiyatining eʼtirofi

Markaz salohiyatining eʼtirofi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziyaning SIRIM akademiyasi (Standard and Industrial Research Institute of Malaysia) vakillari tashrif buyurdi.

Mehmonlar Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yoʻnalishida turizm boshqaruvi va soha marketingini takomillashtirish, shuningdek, mamlakatimizda musulmonlarning doʻstona turizmi (Muslim-friendly tourism) standartlarini joriy etish imkoniyatlarini oʻrganib, bu borada yurtimiz boʻylab mutaxassislar uchun tashkil etilayotgan maxsus kurslarda oʻz tajribasini oʻrtoqlashib kelmoqda.

SIRIM akademiyasi – Malayziyadagi ilmiy va texnik taʼlim, tadqiqot va standartlashtirishga ixtisoslashgan oliy toifali muassasa boʻlib, asosiy vazifasi sanoat va texnologiyani rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat. 1975-yilda tashkil etilgan akademiya bugungi kunda Malayziyaning eng yirik xalqaro standartlar, innovatsiyalar va tadqiqot markazlaridan biriga aylangan.

Akademiyaning maxsus oʻquv kurslar, tadqiqot ishlari, sertifikatlashtirish va standartlashtirish ishi bilan shugʻullanuvchi xodimlari innovatsion yechimlar ishlab chiqish, sifatni nazorat qilish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Malayziyalik tadqiqotchilar Markaz muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishib, Imom Buxoriy siyrati va boy ilmiy merosi boʻyicha bilim va tushunchalarini boyitdi. Mehmonlar yangidan barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi hamda Markazning ziyorat turizmi yoʻnalishidagi salohiyatini yuqori baholadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Sheʼriyatning oliy mutasavvifi, tasavvufning aʼlo shoiri

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi …