Home / FOTO LAVHALAR / Amir Temur – buyuk qahramon va adolatli hukmdor

Amir Temur – buyuk qahramon va adolatli hukmdor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va AQSHdan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda AQSHning Indiana universiteti Hemilton Lugar nomidagi Global va xalqaro tadqiqotlar maktabining Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha dotsenti prof. dr. Ron Sela “Ilk yangi tarix davrida Markaziy Osiyoda Amir Temur shaxsini qayta jonlantirish harakatlari” mavzusida maʼruza qildi.

Olimning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatida Sohibqiron Temur nomi yuksak mavqega ega. Biroq uning shaxsiyati va merosi asrlar davomida oʻz vatanidan tashqarida koʻproq eʼtirof etilgan, Hindiston, Eron, Usmoniylar imperiyasi, hatto Yevropa va Amerikada ham qadrlangan. XVIII-XIX asrlarga kelib, Temur shaxsi Markaziy Osiyoda yana shon-sharafga burkanganiga guvoh boʻlamiz. Maʼruzachi bunga mintaqada yuzaga kelgan siyosiy va ijtimoiy beqarorlikni asosiy sabab qilib koʻrsatdi.

Sarkardaning tarjimayi holi, hayoti va faoliyatiga oid tarixiy ramzlar va hukmdorligining qonuniyligini mustahkamlashga qaratilgan rivoyatlar aynan shu davrda ommalashdi. Maʼruzada bu jarayonga taʼsir qilgan omillar tahlil qilinib, Temur shaxsiyati xalq uchun buyuk qahramon, adolatli hukmdor timsoli boʻlib qolgani qayd etildi.

Bu jarayonning kulminatsiyasi haqida Ron Sela bunday dedi: “Temur mahalliy jamoa, muxolifat va hukmronlikka intilayotgan qatlamlar uchun kerak edi. Chunki u chingiziy suloladan emas, xalqning oʻz farzandi, uning qahramonligi haqida eng goʻzal rivoyatlar hikoya qilingan va u butun dunyoga hukmronlik qilgan.”

Shunday qilib, Amir Temur nomi XVIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyoning siyosiy-mafkuraviy manzarasida qayta jonlanib, Koʻragoniyning tarixdagi oʻrni uning gʻalabalari va adolatli hukmdor sifatidagi obrazini mustahkamladi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xorijiy tillarni oʻrganish va taʼlim muammolari muhokamasi

19-fevral kuni Toshkentda Oriyental universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Xorijiy tillar tadqiqi va taʼlimi muammolari” …