Home / XALQARO YANGILIKLAR / Markaz xodimi tadqiqoti xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiboriga havola etildi

Markaz xodimi tadqiqoti xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiboriga havola etildi

Ijtimoiy fanlar, gumanitar soha va diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar bo‘yicha nufuzli xalqaro nashr – “Journal of Social Sciences and Humanities Research Fundamentals” jurnalida 2025-yil 23-yanvarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarovning “Imom Buxoriy “Al-Jome’ as-sahih” asarining islom olamida keng tarqalishi tarixi” nomli ilmiy maqolasi chop etildi.

Maqolada ushbu mashhur hadis to‘plamining yoyilish tarixi ilmiy-tarixiy jihatdan va manbashunoslik asosida tahlil qilinib, asarning ilk nusxalari bizgacha qanday yetib kelgani, hadislarning ishonchliligi va roviylar silsilasi, asarni oqqa ko‘chirish va tarqatishda ishtirok etgan muhaddis va xattotlar, kitobning Buxoro, Samarqand, Nasaf, shuningdek, Afrika, Iroq, Shom, Arabiston va Andalusiyada tarqalish bosqichlari, turli ilmiy markazlarda o‘rganilganlik darajasi kabi masalalar batafsil yoritilgan. “Sahih”ning dunyo bo‘ylab keng tarqalishida Buxoro, Samarqand, Kesh, Ishtixon, Axsikentdan yetishib chiqqan muhaddislarning buyuk xizmatlari alohida ta’kidlangan. Asarning bir necha asosiy qo‘lyozma nusxalari qiyosiy o‘rganilgan, Imom Buxoriydan keyin uni saqlab qolish va tarqatishda muhim rol o‘ynagan muhaddislar faoliyati chuqur tahlil qilingan.

Sh.Umarov maqolada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi haqida ham ma’lumot berib, uning islomiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, saqlash va ilmiy tadqiq qilishdagi ulkan o‘rnini alohida ta’kidlaydi. Ayniqsa, “Sahihul Buxoriy” asarining qo‘lyozma nusxalarini tahlil qilish, turli hadislar sanalarini solishtirish va manbalarni qayta tiklashda Markazning ilmiy ishlanmalari katta ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatib o‘tgan. 

Soha bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, Islom tarixi, hadisshunoslik va qo‘lyozmalar tadqiqoti bilan shug‘ullanuvchi olimlar, talabalar va keng jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega mazkur mualliflik ishi “Al-Jome’ as-sahih” asarining tarqalish tarixini yoritish bilan birga, islom ilmiy merosini asrash va undan to‘g‘ri foydalanishning muhim jihatlarini ham ochib beradi.

Manba: UzA

Check Also

Malayziyada ilk marta O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida film taqdimot qilinadi

Malayziya telekanalida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus film taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bunday …