Alloh taolo bandalarini zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga chiqarish uchun ulkan fazlu marhamat koʻrsatib, ularga muqaddas islom dinini tuhfa qildi. U zot buni Qurʼoni karimda quyidagicha bayon qilgan: “U Oʻz Rasulini hidoyat va haq din bilan yuborgan Zotdir” (Tavba surasi, 33-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida “Din nasihatdir”, degan boʻlsalar, boshqasida “Din muruvvatdir”, deganlar. Bundan islom ezgulik va tinchlik dini ekanini anglash mumkin.
Islom insoniyatni doimo ilm-maʼrifatga undab kelgan. Kim islomni toʻgʻri anglab, unga xolislik bilan yondashgan boʻlsa, hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Buyuk alloma va mutafakkirlarning koʻpchiligi musulmonlardan ekani hech kimga sir emas.
Bu muqaddas dinda insonlarning oilaviy ahvolini yaxshilashga ham katta ahamiyat qaratilgan. Ayniqsa, farzand tarbiyasi, qiz farzandni oʻgʻil farzanddan kam koʻrmaslik masalalariga alohida eʼtibor berilgan.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deyilgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ikki qizni voyaga yetgunicha tarbiya qilsa, men va u jannatda mana bunday kiramiz”, deb koʻrsatkich va oʻrta barmoqlari bilan ishora qildilar”.
Mazkur hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkita qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan kishi u zot bilan jannatda qoʻshni boʻlishini ochiq bayon qilmoqdalar.
Islomdan avval odamlar qiz farzanddan or qilar, hatto, ularni tiriklayin koʻmish odat tusiga aylanib qolgan edi. Alloh taolo jamiyatdagi bu illatni islom bilan muolaja qildi. U Zot Oʻz Paygʻambari orqali qizni ham oʻgʻildek, balki undan ham koʻproq yaxshi koʻrish kerakligi toʻgʻrisida taʼlim berdi. Mazkur hadisda aytilganidek, oʻgʻil farzand bilan yetib boʻlmaydigan darajalarga qiz farzand orqali erishish mumkin.
Islomda ota-ona va qarindoshlar bilan boʻladigan munosabatlar ham aniq belgilab berilgan. Shuning uchun musulmon kishi ota-onasiga doimo gʻamxoʻrlik qiladi. Oʻz rohatini oʻylab, ularni qariyalar uyiga tashlab ketmaydi. Bu islomning odamzod oʻylab topmagani va u Alloh taoloning insoniyatga tuhfa qilgan dasturi ekanini koʻrsatadi. Odamlar oʻylab topgan dinlarda ezguliklar bunday tizimli yoʻlga qoʻyilmagan boʻladi. Ularda juda koʻp gʻayri insoniy jihatlar mavjud. Mushriklar joriy qilgan qiz farzandni tiriklayin koʻmish odati bunga ochiq misoldir.
Internet rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda baʼzi kimsalar oʻzining gʻarazli maqsadlari yoʻlida islomni yomon koʻrsatishga urinmoqda. Ular bu muqaddas dindan kamchilik topishga harakat qiladi. Lekin bu dinning himoyachisi qodir Alloh ekanini unutib qoʻymoqda. Ular goʻyo Oʻz yaratuvchisini inkor qilib, islomga zarba bermoqchi boʻladi. Bunday buzgʻunchi toifalar Alloh taolo Qurʼonda: “Ular Allohning nurini (dinini) ogʻizlari bilan oʻchirmoqchi boʻladi. Holbuki, Alloh faqatgina Oʻz nurini (dinini) mukammal qilishni xohlaydi. Garchi, kofirlar buni yoqtirmasa ham” (Tavba surasi, 32-oyat), deganidan bexabar.