Jadid harakati tom maʼnoda maʼrifatparvarlik harakatidir. Maʼrifat tushunchasining lugʻaviy maʼnosi bilish, tanish va bilim demakdir, yoki kishilar bilimi, maʼnaviyatini oshirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya jarayonidir. Maorif tushunchasi esa, tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli bilimlarni aks ettiradi. Maʼrifatli kishi deganda fanning bir yoki turli sohalaridan maʼlum bilim va yoʻnalishlarni egallagan degan mazmun kasb etadi. Maʼrifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga oshiriladi. Demak, maʼrifat bilim va madaniyatning qoʻshma mazmuni boʻlib, maorif esa ana shu mazmunni yoyish vositasidir. Maʼrifatparvar maʼrifat uchun kurashuvchi, bilim tarqatuvchi va beruvchidir. Jamiyat taraqqiyotida bir bosqichdan keyingi bosqichga oʻtish maʼrifatparvarlikdan boshlanib, zamonaning yetuk, ongli, bilimli kishilari maʼnaviyat va maʼrifat tarqatgan. Alaloqibat, maʼrifatli kishilar maʼnaviy qaramlik, qoʻrquv hamda hadiksirashlarni bartaraf etib, beqiyos kuch-qudrat, salohiyat egasi boʻladi. Maʼrifatli kishilar millat va Vatan ozodligi, xalqning maʼnaviy uygʻoqligi va maʼrifati uchun kurashadi. Aynan shu nuqtayi nazardan xalqimiz hamisha ilmu maʼrifatga intilib kelgan. Xalqimizning yetuk vakillari dunyoviy va diniy ilmlarni uygʻunlashtirib, jahon taraqqiyotiga buyuk hissa qoʻshgan. Bular Forobiy, Ibn Sino, Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Ulugʻbek va boshqa koʻplab buyuk allomalarimizdir. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston jamiyatida maʼnaviy inqiroz chuqurlashgan boʻlib, milliy madaniyatni koʻtarmay turib, umuminsoniy qadriyatlardan xalq bahramand boʻlmasdan, maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar keng yoʻlga qoʻyilmasdan ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotga qadam qoʻyish mushkul edi. Shu sababdan jadidlar millatning maʼnaviy kamoloti maʼrifatga erishish bilan yuz beradi, deb tushundi. Buning uchun maktablarda dunyoviy bilimlarni berish bilan islohot qilish zaruriyatini uqtirishar va milliy uygʻonish va milliy ong uygʻonishida jiddiy rol oʻynagan edi. Jadidlar oʻz qarashlarini chuqur ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq qilishda faollik koʻrsatgan. Shunday maʼrifatparvarlardan Mahmudxoʻja Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvar Qori, Fayzulla Xoʻjayev, Soʻfizoda, Isʼhoqxon Ibrat va boshqalar millat kamolotini yuksaltirish, qadrini yerga urishga yoʻl qoʻymaslik uchun saʼy-harakatlarni kuchaytirdi.
Maʼrifatparvar jadidlar juda ogʻir sharoitlarda, gʻoyaviy-siyosiy tazyiqlarga qaramasdan millat maʼnaviy yuksalishi uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratishga harakat qildi. Tarixning bunday murakkab burilish pallasida millat ongini uygʻotish va yuksaltirish, milliy iftixor tuygʻularini kuchaytirishni birinchi darajali vazifa, deb bildi. Ular xalq bolalari uchun maktablar ochar, oʻquv qoʻllanma, darslik, kitoblar, maqolalar yozar, dars ham berardi. Bu yoʻlda hatto, oʻz shaxsiy mablagʻlarini ham ayamagan. Bunday saxovatpeshalik bizning hozirgi kunda hayotiy zarurat va ahamiyati beqiyosdir. Ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, baʼzan hatto mamlakatning oʻzida ham Konstitutsiya va qonunlarga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani, jumladan, diniy eʼtiqod niqobi ostida yoshlarni maʼrifatga emas, jaholatga undash holatlari paydo boʻlmoqda. Bunday vaziyatda jamiyatda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishni kuchaytirish, ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish lozim.
Jadidlar harakati XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi Rossiya mustamlakachiligi zulmini boshidan kechirayotgan turkiy xalqlar uygʻonishining boshida turgan “uchinchi muallim” Ismoilbek Gasparinskiy (Gasparali) edi. Bu nom yuz yil muqaddam turkiy dunyodagi eng mashhur nom edi. Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombaygacha bilar edilar. U chiqargan “Tarjimon” gazetasining 1908-yildagi 25-yillik toʻyida Xitoyning “Tarancha”sidan tabrik telegrammasi kelgan. 1910-yili esa Fransiyaning eng eʼtiborli jurnallaridan “Revyu de Mande musulman” uning millat oldidagi buyuk xizmatlari uchun nomzodini “Tinchlik borasidagi Xalqaro Nobel mukofoti”ga tavsiya qilgan va buni xorijiy mamlakatlardagi juda koʻp matbuot organlari qoʻllab-quvvatlab chiqqan edi.
U vafot etgan 1914-yilning 11-sentyabrida mashhur Narimonov yozadi: “Millat Ismoilbey kabi qahramonlarini unutsa oʻz hayotini barbod etajakdir”. Behbudiy soʻzlari bilan aytganda, “Rusiyadagi butun turk-tatar xalqlarini juda oz tarixiy muddatda xayr xushlik yoʻli bilan yaxlit bir milliy oilaga birlashtirmoqqa noil boʻldi”.
Jadidlar bugungi kunning dolzarb masalalariga gʻoyat ohangdoshdir. “Ikki emas, toʻrt til lozim” [3] yozadi Behbudiy, “Himmat va saboti boʻlmagan millatning haqqi hayoti yoʻqdir”. Abdulla Avloniy, xalqni faqat maʼrifatgina yorugʻlikka olib chiqadi, deb ishongan. Bundan tashqari, Ismoilbek Gasparali, Mahmudxoʻja Behbudiy, Ahmad Zaki Validiy, Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy va boshqalar milliy uygʻonish harakatining ilk qaldirgʻochlari edi. Faqat biz uzoq vaqt ularni oʻz nomi, oʻz tavsif-talqini bilan atay olmay keldik [4].
Ming istihola bilan tilga olgan taqdirda ham mafkuraviy, andozalarga moslash uchun goh oktyabr inqilobi kuychisi, gohida esa murakkab qiyofali ijodkor degan tavsiflarni qoʻllashga majbur boʻlardik. Jadidga “burjua” soʻzi qoʻshiladi-da, “adressiz” urilaveradi. Holbuki, u nom ostida deyarli odam qolgan emas. Bu bizning siyosatimiz bilan amaliyotimiz oʻrtasidagi oʻtib boʻlmas chohning bir ifodasi edi [2:3].
Turkiston ziyolilari Ismoilbek Gaspiralining fikrlaridan xabardor edi. Ular maʼrifatparvarning “Ovrupo madaniyatiga bir nazari muvozana” asari bilan ham tanish boʻlgan. Chunki Istanbul bilan bordi keldi, Usmonli davriy matbuoti namunalarining Turkistonda yoyilishi, nihoyat, Mahmudxoʻja Behbudiyning 1906-yilda eʼlon qilgan “Xayrul umuri Avsatuho” (Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir”) maqolasi shunday xulosa chiqarishga imkon berdi. Bu davrda Rossiya siyosiy sahnasida 4 firqa mavjud edi. Monarxistlar (buyruqratiyan mustabid”) partiyasi, Kadetlar (“Mashrutai Avomiya”) partiyasi, sotsialistik (“Ishtirokiyun”) partiya, Rossiya musulmonlari ittifoqi partiyasi.
Monarxistlar mavjud tuzumning himoyachilaridir. Ularning kelajagi yoʻq. Mamlakatni tanazzulga solgan – shular. Ular hokimiyat tepasida tursalar, Turkistonning yanada xarob boʻlishi aniq. Hatto sekin-asta yoʻq boʻlib ketishi ham mumkin. Turkiston hozir shunday bosqichda turibdi. Afsuski, bu siyosatni hamma ham bilavermaydi. Chunki koʻzboʻyamachilik koʻp. Milyoʻnur (millioner) yoʻq edi…”, deydilar, 6 million turkistonlik orasida 3 ta millioner bor. Ularni ham millioner deb boʻlarmidi?! Katta imoratlar hammasi yahudiylarniki, Ovrupoliklarniki. Turkistonliklar sinmoqda… vaqflar ketgan , madrasalar xarob …, kelajak yoʻq [1:145].
Bu borada maʼrifatparvar olim Said Rizo Alizoda ham katta ishlarni amalga oshirdi. U Samarqandda madrasalardan birida olti yil tahsil olgach, oʻsha yerdagi Demurov bosmaxonasiga harf teruvchi boʻlib ishga kiradi. Bosmaxonada yoshi anchaga borgan fransuz ayoli ishlar edi. U fransuz tilini yosh Alizodaga oʻrgatadi. Keyinchalik u ingliz, nemis, arab tillarini ham shu yerda oʻrganadi. Ivrit tilini oʻrganish uchun yahudiylar yashaydigan mahallaga qatnaydi.
Alizodani oʻz yaqinlari ruslar atrofida oʻralashib yurgani uchun yoqtirmaydi. Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan chop etilgan “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnali bilan hamkorlik qiladi. 1914-yilda oʻz hisobidan oʻzbek tilida “Telegraf xabarlari” nomli varaqa chiqaradi. 1917-yilda “Sharq” gazetasida muharrir, “Hurriyat” gazetasida tarjimon va muxbir, 1922-yildan “Zarafshon” gazetasida boʻlim mudiri boʻlib ishlaydi. 1919-yilda “Sharq mashʼali” nomi bilan haftalik jurnal tashkil etadi.
Adadi 4 ming nusxaga yaqin boʻlgan bu jurnal Oʻrta Osiyo, Kavkaz ortidan tashqari, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Hindiston va bir qancha arab mamlakatlariga tarqalgan edi. Saidrizo Alizodaning tanqidiy maqolalari, felyetonlari Bahpul, Zambur, Renebar, Bogʻishamoliy, Shapaloq, S.A kabi taxalluslar bilan “Turkiston xabarlari”, “Kambagʻallar uyi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Samarqand ovozi” gazetalari, “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” jurnallarida chop etilgan. Shoʻro inqilobigacha boʻlgan davrda u birinchilardan boʻlib mahallalarda kambagʻal dehqon farzandlari uchun jadid yoʻnalishidagi maktablarni ochdi va u yerda muallimlik qildi.
Oʻtgan yillar mobaynida Saidrizo Alizoda jadid harakatining peshqadamlaridan biri sifatida darslik va qoʻllanmalar tuzadi. Oʻzbek maktablari uchun “Birinchi yil nomli alifbo yozib, bepul tarqatadi. Tojik tilida “Sarf va nahv” (1934), oʻzbek tilida “Hosilot” (1926) kitoblarini chop ettiradi. U Samarqandda yashaydigan ruslar uchun kechki kurs ochib, ularga oʻzbek va fors – tojik tillarini oʻrgatadi. Maʼrifatparvar alloma Abdulla shoir bilan yangi Ozarbayjon alifbosini tuzadi. 1933-1934-yillarda ikki jildli ruscha-tojikcha lugʻat tuzib, nashr ettiradi. Said Rizo Alizoda 1933-1937-yillarda hozirgi Samarqand davlat universitetida talabalarga arab va fors tillaridan dars beradi. Ular orasida oʻsha paytda shu yerda taʼlim olayotgan Hamid Olimjon, Oʻtkir Rashid kabi shoirlarga, jurnalist Sharof Rashidov, faylasuf Ibrohim Moʻminov kabi koʻplab taniqli insonlar boʻlgan. Said Rizo Alizoda oʻz umri davomida 13 tilda gapirishni, yozishni mukammal egalladi. U Pushkin, Tolstoy, Gyugo, Mopassan, Karamzin va boshqa klassik yozuvchilar asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Qadimshunoslik, geografiya, tarix, astronomiya, arab grammatikasi singari jami 23 ta kitob yozdi. Mahmudxoʻja Behbudiy bilan “Samarqand” gazetasida yelkama yelka ishlagan davrlarda gazeta sahifalarida nopok mansabdor toʻralarni tanqid qildi. Alizoda xalqning ilmli, maʼrifatli, madaniyatli boʻlishiga hissa qoʻshishni oʻzining hayot mazmuni deb bildi.
Oʻsha paytda shoʻro tuzumi yosh avlodning ilmli boʻlishi uchun sharoit yaratib beradi, deb ishondi. Oʻzining maʼnaviy uygʻonish davridagi joʻshqin va serqirra faoliyati va xizmatlari uchun maʼrifat qahramoni degan unvon bilan taqdirlandi. Ammo uni keyinchalik Stalin portretining orqa tomonini osib qoʻygan, deb ayblashdi. Uning doʻstlari qattiq bosim va qiynoqlar ostida Alizodaga qarshi koʻrsatma berib, tuhmatdan iborat boʻlgan yozuvlarga imzo chekdi. (Guvohlardan biri oʻlimidan ikki kun oldin Alizodaning nevarasidan kechirim soʻrab, uni tuhmat qilishga majbur qilganlarini tan olgan). Alizoda doʻstlari bilan yuzma-yuz qilishni talab qiladi, lekin mahbusni Toshkentga joʻnatishadi. Oradan qirq yil oʻtgandan soʻng, 1985-yilda nabirasi Farhod Alizoda bobosi xokini Samarqandga koʻchirish arafasida uning jagʻlarida bittagina tishi qolganini koʻrgan.
1987-yilda Alizodaning nevarasi Farhod Alizoda Vladimirdagi DXK arxiviga boradi va bobosining tergovi qanday olib borilganini aniqlaydi. Said Rizo Alizodaning shaxsiy delosida latta parchalari, papiros qogʻozlari saqlangan. Buning evaziga u oʻzi uchun beriladigan nonlarni qamoqxona kuzatuvchilariga bergan. “Siyosiy mahbusning barcha fikrlari arab alifbosi va fors tilida yozilgan va bu yozuvni qamoqxona boshliqlari ham tushunmagan. Koʻpgina latta parchalarida hatto qon izlari ham qolgan. Maʼlum boʻlishicha, Alizoda shoʻro davridagi eng dahshatli qamoqxonalaridan birida, bir kishilik kamerada 8-yil umrini oʻtkazgan. Eng fojiali tomoni, Alizodaga yolgʻon koʻrsatma bergan odam uning eng yaqin doʻsti edi. U keyinchalik mashhur yozuvchiga aylanadi. Oradan bir qancha vaqt oʻtib, u ham NKVD tomonidan qamoqqa olinib, Sibirga surgun qilinadi va oʻsha yerda olamdan oʻtadi. Alizoda xalq dushmani deb eʼlon qilingandan keyin shahar ijroiya qoʻmitasida faoliyat koʻrsatayotgan oʻgʻli, fabrikada ishlab turgan ukasi hibsga olinadi. Alizodaning oilasi boquvchisiz qoladi. Oʻsha paytda Said Rizo Alizodaning yangi kitobi chop qilingan boʻlib, katta qiymatdagi qalam haqqi olish imkoniyati bor edi. Lekin tergovchi Alizodaga pulni olish uchun ishonchnoma yozishga ruxsat bermaydi. Maʼlum boʻlishicha, unga ikki marta ayblov eʼlon qilingan boʻlib, hech biri isbotlanmagan. Alizodaning ayblovlarini tan olmagani, hujjatlarni imzolamagani uchun vahshiylarcha qiynoqqa solinadi. U qiynoqlar tufayli hushidan ketar, oʻziga kelishi uchun mahbus ustidan muzli suv quyilib, yana qiynoqqa solinardi. Alizoda uch yil mobaynida Toshkentdagi tergov kamerasida hibsda saqlangan. Keyinchalik Moskvada Alizodaga hukm chiqarilib, uni Tobolskka – bir paytlar dekabristlar jazo muddatini oʻtagan joyga surgun qilinadi.
Kuchli qiynoq va sovuq natijasida Saidrizo Alizoda sil kasaliga yoʻliqadi. Uning oʻlib qolishidan qoʻrqqan turma rahbariyati Said Rizo Alizodani Vladimir shahridagi siyosiy mahbuslar saqlanadigan jazoni oʻtash koloniyasiga joʻnatadi. Ogʻir qiynoqlar, ruhiy bosimlar Alizodaning sogʻligiga taʼsir qilib, u oʻsha yerda vafot etadi. Nevarasi Farhod Alizoda uzoq yillar mobaynida bobosining qamoqxonalarda kechgan hayot yoʻlini oʻrgandi, izlandi. U 1987-yilda Vladimir shahridagi turma qabristonidan mustabid shoʻro tuzumi tahqirlariga bardosh berib, ruhan sinmagan, vatan ozodligi uchun jonini fido qilgan bobosining qabrini topdi.
Farhod Alizoda shahar hokimidan bobosining xokini Samarqandga olib ketishi uchun ruxsat soʻraydi. Hokim Said Rizo Alizodaning ivrit tilini bilganini eshitib, shunday deydi: “Biz bobongizni bilamiz. Men yahudiy boʻlganim va bu tilni bilmaganim uchun afsusdaman. Sizga albatta yordam beraman”. U mahalliy amaldorlar kibri, diyonatsizligi tufayli ancha sarson boʻldi. Farhod Alizoda oʻn yil davomida bobosining qabrini koʻchirib kelish uchun kerakli hujjatlarni toʻpladi va nihoyat uzoq sarsongarchiliklardan soʻng ulugʻ insonning xoki oʻz yurtiga qaytdi va Samarqandda qoʻnim topdi.
Ushbu maqola XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Oʻrta Osiyoda, xususan Turkistonda yuzaga kelgan jadidchilik harakati haqida batafsil maʼlumot beradi. Maqolada quyidagi asosiy fikrlar ilgari surilgan:
- Jadidchilik harakati asosan maʼrifatparvarlik gʻoyalariga asoslangan boʻlib, xalqni maʼrifatli qilish, diniy xurofotlardan ozod etish va milliy oʻzlikni anglashga qaratilgan edi.
- Jadidlar xalq uchun yangi usuldagi maktablar ochish, darsliklar yaratish, gazeta-jurnallar nashr etish orqali oʻz gʻoyalarini tarqatishga harakat qilganlar.
- Ismoilbek Gaspirali, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi maʼrifatparvarlar jadidchilik harakatining yetakchilari boʻlgan.
- Jadidlar faoliyati nafaqat taʼlim sohasida, balki ijtimoiy-siyosiy hayotda ham muhim rol oʻynagan.
- Maqolada jadid namoyandalaridan biri – Said Rizo Alizodaning hayoti va faoliyati batafsil yoritilgan. Uning koʻp tillarni bilishi, maʼrifatparvarlik faoliyati va keyinchalik qatagʻon qilinishi haqida maʼlumot berilgan.
- Jadidchilik harakati garchi qisqa muddat davom etgan boʻlsa-da, Oʻrta Osiyo xalqlarining milliy uygʻonishi va maʼnaviy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgani taʼkidlangan.
Xulosa qilib aytganda, maqola jadidchilik harakatining mohiyati, maqsadlari va uning namoyandalari haqida keng qamrovli maʼlumot beradi, shuningdek bu harakatning Oʻrta Osiyo xalqlari tarixidagi oʻrni va ahamiyatini koʻrsatib beradi.
-
Begali Qosimov. Uygʻongan millat maʼrifati. – T.: Maʼnaviyat, 2011.
-
Ismoilbek Gaspirinskiy. Hayot va mamot masalasi. – T.: Maʼnaviyat, 2006.
-
“Oyna” jaridasi. 1913-yil, 12-son
-
“Yangi dunyo” gazetasi. 1911-yil, 11-son.