Home / MAQOLALAR / MIRZO ULUGʻBEK VA UNING SAMARQAND AKADEMIYASI MAʼNAVIY MEROSIDA SINERGETIK METODOLOGIYANING EVRISTIK TOMONLARI

MIRZO ULUGʻBEK VA UNING SAMARQAND AKADEMIYASI MAʼNAVIY MEROSIDA SINERGETIK METODOLOGIYANING EVRISTIK TOMONLARI

Zamonaviy ilmiy metodologiyaga munosib hissasi boʻlgan, sinergetik, gʻoyalarni oʻziga aks ettirgan ilmiy-falsafiy taʼlimot yaratgan Mirzo Ulugʻbek XV asr jahon aniq-tabiiy fanlar sohasida olamshumul tadqiqot olib borgan, nochiziqli tafakkur tarzi asosida ilmiy kashfiyot va ixtirolar qilgan, ijtimoiy-gumanitar va madaniy fanlar sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshgan yirik alloma hisoblanadi.

U jamiyatdagi beqarorlik kuzatilayotgan, degradatsiya darajasiga yetgan bir davrda ilm olamiga kirib keldi. Amir Temur vafotidan keyin temuriylar saltanatida maʼlum bir siyosiy-ijtimoiy tartibsizlik va xaotik holatlar yuz berdi. Buning natijasida ichki nizolar ham kuchaydi. Ushbu jarayonlarni izohlab, Qori Niyoziy quyidagicha xulosa qiladi: “Yuqorida bayon qilinganlardan Ulugʻbekning siyosiy maydonda paydo boʻlish vaqtining xususiyati kelib chiqadi: Ulugʻbek hukmron boʻlgan paytda oʻzaro urushlar va siyosiy tarqoqlik kuchaygan, mehnatkash omma qattiq ekspluatatsiya qilinar edi” [17: 63].

Mirzo Ulugʻbek esa atigi 15 yoshida taxtga oʻtirgach, jamiyatdagi bu kabi tartibsizlik va beqarorliklar ancha kamayadi. Buning asosiy sababi albatta, uning ijtimoiy va siyosiy bilimdonligi va davlat boshqaruvidagi mahoratidan dalolat beradi. Lekin koʻpgina adabiyotlarda Ulugʻbekning siyosiy-ijtimoiy faoliyati va boshqaruv tizimi eʼtibordan chetda qoldirilgan. Olim Qori Niyoziyning bu boradagi “Ulugʻbekning fanga juda qiziqib ketgani uning davlat faoliyatiga maʼlum darajada salbiy taʼsir koʻrsatgan” [17: 65-66], degan xulosasiga qoʻshilib boʻlmaydi. Sababi, qirq yil oʻz davlatini barqaror, tinch va osuda rivojlantirgan Mirzo Ulugʻbekning shubhasiz, davlat va jamoat arbobi va mohir boshqaruvchi shaxs ekanidan dalolat beradi. U ilm-fan bilan muntazam shugʻullanish bilan birga, oʻsha davrda mavjud boshqa sohalarni, jumladan, ijtimoiy ahillik va birlik, iqtisodiy barqarorlik, madaniyat, bunyodkorlik, arxitektura, taʼlim, sanʼat va hunarmandchilikni rivojlantirgan. Ulugʻbekning siyosiy-ijtimoiy faoliyati, boshqaruv tizimi, davlat boshqaruvchisi sifatidagi oʻziga xos uslubini tadqiq etish tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlariga muhtojdir.

Oʻrta asrlarda Sharqda, keyinchalik Gʻarbda ilm-fan rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan Mirzo Ulugʻbek – Muhammad Taragʻay oʻz davrida tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar integratsiyasi asosida Samarqand akademiyasiga asos solgan.

Biz bejizga gapni akademiyadan boshlamadik. Birinchidan, Mirzo Ulugʻbek asos solgan akademiyaning falsafiy-ilmiy mohiyatini anglash orqali undagi nochiziqli tafakkur elementlarini kashf etamiz va uning akademiyasida fanlararo integratsiya mavjud boʻlganining ilmiy asoslarini topamiz. Ikkinchidan, gʻarblik olimlar daʼvo qilayotgan Yangi davr aniq va tabiiy fanlar poydevori Gʻarbda emas, aynan Markaziy Osiyoda, jumladan, Ulugʻbek akademiyasidan boshlanganini va bu ilmiy haqiqat sobiq Ittifoq davrida eʼtiborga olinmaganini anglaymiz.

Koʻpgina adabiyotlarda, jumladan, Qoriy Niyoziy risolasi va boshqa ilmiy nashrlarda Mirzo Ulugʻbek astronomiya akademiyasini tashkil etgan olim sifatida taʼriflanadi, vaholanki, oʻsha davrda nafaqat Samarqand, Markaziy Osiyo va Xurosonda fizika, astronomiya, kimyo, biologiya, geodeziya, geografiya, mantiq, falsafa, matematika, tarix, minerologiya, adabiyot va boshqa dunyoviy hamda diniy ilmlar ham rivojlangan. Allomaning sayʼ-harakatlari bilan meʼmoriy sanʼat va arxitektura sohasi ham jadal surʼatda yuksaldi. Ulugʻbek buyrugʻiga muvofiq Samarqand shahridagi Ulugʻbek madrasasi, Ulugʻbek rasadxonasi, Shohizinda ansambli, Buxoro shahri va Gʻijduvon tumanidagi Ulugʻbek madrasalari, Shahrisabzdagi Ulugʻbek masjidi va boshqa meʼmoriy sanʼatning nodir namunalari bunyod etilgani akademiya ilmiy Kengashi faoliyati mahsuli edi. Shu nuqtayi nazardan Mirzo Ulugʻbek anʼanaviy fikrlardan yuqoriroq – nochiziqli va fraktal tafakkur egasi ekaniga dalolatdir. U asos solgan ilmiy maktab va uning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi falsafiy mohiyatini, undagi sinergetik yondashuv va gʻoyalar tahlilidan xulosa qilish kerakki, Mirzo Ulugʻbek nafaqat astronomiya, balki qomusiy bilimlar egasi sifatida Samarqand akademiyasiga va Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib madrasai oliya, yaʼni zamonaviy atama bilan aytganda, ilk universitetga asos soldi. Bu haqiqatni barcha fanlarda ilmiy dalillar bilan alohida taʼkidlash lozim. Zero, 1417-1420-yillarda Samarqand viloyatining hozirgi Registon maydonida oʻz davridagi talabalar va kelajak avlodning ilm olishi uchun katta madrasa binosini qurishga farmon berganini, Ulugʻbek madrasasi qurib bitkazilgandan keyin uning ochilish marosimida Mavlono Muhammad Xavofiyni Bosh Mudarris [rektor] etib tayinlaganini tarixiy manbalardan yaxshi bilamiz. Mirzo Ulugʻbekning buyuk qomusiy olim, davlat va jamoat arbobi, favqulodda isteʼdod egasi ekani haqida yana oʻnlab ilmiy, tarixiy dalillarni keltirishimiz mumkin. Mavzudan chalgʻimaslik uchun biz Mirzo Ulugʻbek va uning Samarqand akademiyasi mutafakkir-olimlarining ijtimoiy, falsafiy-ilmiy qarashlari va ulardagi sinergetik tamoyillar haqida toʻxtalib oʻtamiz. 

Mirzo Ulugʻbek va uning ilmiy merosini oʻrganishda mamlakatimiz va xorijda koʻpgina ilmiy izlanishlar olib borilgan, qator asarlar yaratilgan. Masalan, Jon Grivs, Tomas Xayd, Frensis Beyli, M.Ye.Masson,  L.Sediyo, V.V.Bartold, V.D. Vyatkin, N.Leonov, Ye.Knobl, T.N.Qori Niyoziy, B.Rozenfeld, G.Matviyevskaya, F.Starr, G.Jalolov, B.Axmedov, A.Axmedov va boshqa bir qator olimlar Mizo Ulugʻbek hayoti, ijodi, ilmiy merosi, faoliyati, jumladan, matematika va astronomiyaga oid taʼlimotini oʻrgangan. Biroq allomaning ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-ilmiy qarashlari sinergetik metodologiya asosida deyarli oʻrganilmagan. 

Tadqiqotchilar Mirzo Ulugʻbek ilmiy merosi va u asos solgan akademiyaning faqat astronomik jihatlariga koʻproq urgʻu beradi. Vaholanki, alloma ilmiy merosi va akademiyasining ilmiy tadqiqotlari faoliyati zamirida boshqa gumanitar fanlar qatori falsafa, etika va mantiq ilmlari muhim mavqega egadir. Shuning uchun uning Samarqand akademiyasi nafaqat astronomiya, aniq fanlar, balki falsafiy-mantiqiy institut ham hisoblangan. Ulugʻbek akademiyasidagi barcha tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar, kashfiyotlar falsafa va mantiq ilmlari qonuniyatlari asosida amalga oshirilgan. Ammo bu haqda hali hanuz nafaqat darsliklar, allomaga oid koʻplab risolalarda ham ilmiy maʼlumotlar mavjud emas. Bu borada olim M.Olloyorov oʻzining “Mirzo Ulugʻbek munajjimlik maktabining falsafiy–mantiqiy asoslari” maqolasida shunday yozadi:  “Falsafa va mantiq qayd etilgan fanlar yoʻnalishida olib borilgan fundamental tadqiqotlarda bilish metodi – usuli boʻlib xizmat qilgan. Shunga koʻra, ana shu ikkala fan rivojiga katta eʼtibor beriladi va buning natijasi oʻlaroq, Ulugʻbek akademiyasi qoshida falsafa-mantiq maktabi yuzaga keladi. Ammo mavjud ilmiy adabiyotlarda ushbu maktabning shakllanishi, uning vakillari haqida deyarli fikr bildirilmaydi va bu borada tadqiqot ishlari olib borilmagan” [7:191].

M.Olloyorov fikrining isboti sifatida Mirzo Ulugʻbekning mantiqqa oid qarashlarini koʻrsatib oʻtadi: “Agar Ulugʻbek asarlari, xususan, “Ziji Koʻragoniy” asari tahlil qilinganda uning qatʼiy mantiqiy metod-usullarga asoslangan holda yozilganiga ishonch hosil qilish mumkin. Fikrimiz dalili sifatida uning ana shu asaridan birgina xulosaviy muhokama (hukm)ni olib qaraylik: “Agar haqiqatan Yerning quyoshga yuzma-yuz boʻlib turishi kechasi yoki kunning ikkinchi yarmida, aniqrogʻi soat 2.20 da sodir boʻlsa, shuningdek yuzma-yuz boʻlish gradusi 120/281 dan kam boʻlmasa, unda quyosh tutilishi roʻy beradi” [7:63]. Mazkur muhokama xulosa, birinchidan, deduktiv-sillogistik, yaʼni mantiqiy xulosa boʻyicha chiqarilgan va ikkinchidan, u shartli (implikativ) hukm shaklida taʼriflangan” [7:191].

Mirzo Ulugʻbek shakllantirgan tafakkur uslubi va mantiqiy metodlar yangi ilmiy uslublar shakllanishi barobarida, oʻsha davrning diniy dunyoqarashiga har doim ham muvofiq emas edi. Ammo allomaning tafakkur tarzi va bilish metodi gnoseologik taʼlimotni rivojlanishiga xizmat qildi.

Mirzo Ulugʻbek gnoseologik qarashlari jihatidan oʻz davrining diniy ulamolari va mutafakkirlaridan farqliroq, eʼtiqodiga daxl qilmagan holda aql va tajribaga tayangan. Boshqacha aytgan, u aqliy bilish, mushohada, taqqoslash, tajriba, yakkalikdan umumiylikka oʻtish va aksincha umumiylikdan yakkalikka oʻtish, abstraktlikdan konkretlikka oʻtish kabi usullar va tamoyillardan keng foydalangan.

Mutafakkir oʻzining ilmiy merosida oʻz davrining mafkuraviy qobigʻidan chiqib, inson bilish imkoniyatlari cheksizligini isbotlashga uringan. U oʻzi yashagan maʼnaviy-mafkuraviy muhitni inobatga olib, geotsentrik nazariyani ochiq rad etmagan boʻlsa-da, olib borgan astronomik kuzatishlari jarayonida geliotsentrik nazariyani ilmiy jihatdan yaxshi anglagan. Yaʼni Mirzo Ulugʻbek va uning akademiyasi tom maʼnoda geliotsentrik nazariyani kashf etgan. Chunki  tarixiy manbalarga koʻra, Ulugʻbek maktabining taniqli namoyandalaridan biri Maryam Chalabiy planetalarning harakati masalasini tahlil qilar ekan, bunday deb yozadi: “Murakkab harakatga tayanch qilib olish uchun eng qulay nuqta dunyoning markazi sifatidagi Yer boʻlmasa-da, odatda ayni shu markaz tayanch nuqta qilib olinadi”. Bu gaplar dunyoning geliotsentrik sistemada tuzilganiga ehtiyotlik bilan qilingan ishoradan boʻlak narsa emas [16:80]. Demak, geliotsentrik nazariyaning ilmiy asoslari Nikolay Kopernikkacha Ulugʻbekning Samarqand akademiyasida oʻz isbotini topgan. Afsuski, bu ilmiy haqiqatlar koʻpchilik olimlarimiz eʼtiboridan chetda qolgan. Vaholanki, geliotsentrik nazariya gʻoyalari sinergetik metodologiya va nochiziqli tafakkur tarzi asosida oʻz mohiyatini yorqinroq namoyon etadi. Shuning uchun ham Mirzo Ulugʻbekning matematika, geometriya, astronomiyaga oid ilmiy qarashlarini sinergetik yondashuv asosida kengroq tadqiq etishga ehtiyoj sezilmoqda.

Mirzo Ulugʻbekning borliq, tabiat va insonga nisbatan yondashuvi oʻziga xos boʻlib, u Xudoni rad etmaydi, aksincha, mutlaq borliq – Alloh va u Qodir sifatida hamma narsaning yaratuvchisidir, deb hisoblaydi. Alloh yaratgan barcha narsalarda esa mantiqiy qonuniyat mavjuddir. Mirzo Ulugʻbek fikricha, Xudo olamni, inson va jamiyatni, aql-zakovatni, hissiy-nafsoniy quvvatlarni tasodifan, behudaga yaratmagan. Bu yaratishning oʻzida uqib olinmagan sir-asrori bor. Ularning aloqadorligi, sabab-oqibat munosabatlarga kirishi, taʼsir etish va taʼsirlanishi azaldan taqdir sifatida berilgan. Lekin ular nodon va kaltafahm kimsalar uchun nafis pardalar bilan niqoblangan. Aql-zakovat, farosat, fahm va shu kabi kubroviya asosi barchaga taqsimlangan, lekin ularning insoniy quvvat hosil qilishi har bir insonning istak-xohishi, ehtiyojiga borib taqaladi. Kaltafahm kimsalar nafis pardani koʻtarishga ahd qilganlarni dahriylikda ayblaydi, chunki ular Qurʼoni karim va hadisi sharifda aql, ilmga berilgan maqomni tushunmaydi [5:135-136] deydi. Yaʼni Mirzo Ulugʻbek insonning oʻz-oʻzini anglashi, bilishi va tarbiyalashi kabi sinergetik tamoyillarni eʼtirof etib, bu hammaga ham xos emasligi, bilimsiz kishilar bundan mosuvo ekanini, faqatgina nochiziqli tafakkur egalarigina buni anglashi mumkinligiga ishora qilgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Mirzo Ulugʻbek va uning akademiyasi ilmiy yutugʻining yana biri “Ziji jadidi Koʻragoniy” asaridir. Uni falsafiy-ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilsak, unda ham biz bugun oʻrganayotgan sinergetik metodologiya asoslari va gʻoyalarini ilgʻash mumkin. Mutafakkirning oʻz zamonasida rivojlangan texnik vositalar yoʻqligiga qaramay, asosiy oʻlchov vositasi, sekstant (usturlob) yordamida 1118 ta yulduzning joylashishi haqidagi “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarini yaratdi. Yulduzlarning maxsus katalogini tuzdi. Katalog – murakkab bilish jarayonining yakuni boʻlib, raqamlar matematik qolipga tushiriladi, yaʼni qoida-qonuniyatlar yaratiladi [10:54]. Bularni tahlil etib, Ulugʻbek va Samarqand akademiyasi olimlarida oʻsha davrdayoq biz hozir oʻrganayotgan nochiziqli fraktal tafakkur tarzi mavjudligini bilish mumkin. “Nochiziqli fraktallar irratsional oʻlchovlar, tizimning beqarorlik, assimetrik, betartib tomonlari bilan mosligi tushuniladi. U nochiziqli algebrik tenglamalar bilan generarlashadi. Bu tenglamaning yechimlari kasrli, kompleks sonlarda ifodalanib, kompleksli fazo namoyon boʻladi va ajabtovur figura hosil boʻladi. Yaxlit bir kartina xaotik va nomaʼlum koʻrinishda boʻladi” [9:8-59]. Olamni yaxlit tarzda kuzatish, uning matematik va astronomik qonuniyatlarini anglash, Quyosh, Oy va Yerning harakatlariga qarab, uning xususiyatlarini oʻrganish orqali Mirzo Ulugʻbek va uning atrofidagi olimlar ilmiy faoliyat olib borgan. “Ziji Koʻragoniy” asaridan tashqari, Ulugʻbek, “Bir darajaning sinusini aniqlash haqida risola” asari orqali jahon aniq fanlari va tabiatshunosligi, ijtimoiy fanlarni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻsha oldi.

Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosidagi oʻziga xos jihat – bu ilmiy tadqiqot metodologiyasidir. Uning amaliy tadqiqot usullari ham oʻziga xosligi va koʻpligi bilan ajralib turardi [14:143-145]. Falsafa va fan metodologiyasida Mirzo Ulugʻbekning ilmiy tadqiqot, ijod, bilish metodologiyasi haqida deyarli maʼlumot yoʻq. Vaholanki, u oʻziga xos metodologiya yaratgan olim hisoblanadi. Uning tadqiqot metodologiyasida analiz, va sintez, ularning vositalari boʻlgan klassifikatsiya va differensiya, induksiya va deduksiya, taqqoslash, kuzatish, eksperiment kabi usullardan keng foydalanilgan. Jumladan, kuzatish va eksperiment usullari orqali u astronomiya sohasida ulkan kashfiyotlarni qoʻlga kiritadi. Bunga misol qilib, u yaratgan observatoriya, oʻziga xos laboratoriya va kuzatish asboblarini misol keltirish mumkin. Ulugʻbek ilmiy ijodining oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, u oʻz ilmiy ishlarini voqealarni kuzatishdangina emas, balki oldin oʻtgan olimlarning kuzatuvlari natijalarini oʻrganib, ularni tanqid qilishdan boshladi. Bor kuzatuv xulosalarini toʻliqqa yoki puchga ajrata oldi. Uning yana bir xususiyati shuki, osmon jismlarini kuzatish uchun observatoriya qurish zarurligini payqab, uning konstruksiyasini fikran eksperiment yordamida aniqladi, osmon meridiani va quyosh ekliptikasi oʻrinlarini aniqladi, koordinata sistemasi barcha elementlarini fikran va amalda oʻrnatdi” [4:63].

Mirzo Ulugʻbek va uning maktabi ilmiy tadqiqotlarida ekstrapolyasiya, interpolatsiya usuli alohida oʻrin tutib, uning yordamida miqdorlarning bilvosita hisob-kitoblari amalga oshirilgan. Ekstrapolyatsiya (lot. ekstra – tez, polio – toʻgʻrilayman) – biror hodisaning bir qismini kuzatish natijasida olingan xulosani shu hodisaning boshqa qismiga, boshqa territoriyaga va kelgusiga tatbiq etishni anglatadi [15:157] Interpolyatsiya (lot. inter – orasida va polio — tekislayman) —
1) matematikada – bir necha nuqtada berilgan функция qiymatlaridan shu nuqtalar orasidagi nuqtalarda funksiyaning taqribiy qiymatini topish. Interpolyatsiyadan farqli ravishda ekstrapolyatsiyada funksiyaning taqribiy qiymati berilgan nuqtalardan tashqaridagi nuqtalarda topiladi. Bugungi kunda sinergetik matematika va aniq fanlarning sinergetik metodologiyasida foydalanilayotgan ushbu uslublar oʻsha davrdayoq ilmiy tadqiqot faoliyatida keng foydalanilgani ham evristik yondashuv va evristik uslublar mavjudligidan dalolat beradi. Mirzo Ulugʻbek Yerning istalgan maydoni kengligini aniqlashning bir necha usullarini, yoritgich (yulduz)lar orasidagi burchak masofasini aniqlash usulini va boshqalarni ishlab chiqdi. Aniq ilmiy uslubning mavjudligi tufayli ushbu fan natijalar toʻplanib, bir-birini koʻpaytiradigan jamoaviy faoliyat turi sifatida namoyon boʻldi. Qolaversa, bu uslublarning aksariyati sinergetik metodologiya sifatida fanda ham qoʻllab kelinmoqda.

Professor M.N.Abdullayeva va Z.R.Qodirova “Ulugʻbek bilish nazariyasi maktabining estetik aspektlari” maqolasida Yevropada yuzaga kelishidan ancha avvalroq Ulugʻbek maktabi olimlarining yuksak intellektual salohiyati koʻplab matematik masalalarga yechim topish imkonini berganini taʼkidlab shunday yozadi: “Ulugʻbek astronomiya maktabining shakllanishi va rivojlanishining asosini vorisiylik tashkil etdi. Fan – bu taʼlimotlar oʻrtasida doimiy maʼlumot almashinuvisiz mavjudligi imkonsiz boʻlgan jamoaviy faoliyatdir. Ulugʻbek maktabida, birinchidan, ustoz va shogirdlar oʻrtasida almashuv sodir boʻlib, shu tufayli ilmiy bilimlar rivojida uzluksizlik yuzaga kelgan, bilimlar toʻplangan. Ikkinchidan, bir avlod olimlari oʻrtasida ham maʼlumot almashinuvi sodir boʻlgan. Muloqot va munozaralar bilish usullaridan biri sifatida shaxsning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish uchun intellektual ilmiy muhitni shakllantirish imkoniyatini yaratadi. Bunga yorqin misol ushbu maktab vakili Ali Qushchining ilmiy tadqiqotlaridir” [16:198-199]. Biz Ali Qushchining ilmiy merosiga keyinroq batafsil toʻxtalamiz. Muhimi, Mirzo Ulugʻbek aniq fanlarda hozir nihoyatda zaruratga aylangan jamoaviylik, yaxlitlik va bilishdagi integratsiya usulini amalda qoʻllagan shaxslardan hisoblanadi.

Agar Oʻrta asrlar Markaziy Osiyo olimlarining ulkan yutuqlari XII asrdan boshlab jahon sivilizatsiyasi mulkiga aylangan boʻlsa, Ulugʻbek maktabi vakillarining ulkan muvaffaqiyatlari ham shunday darajaga erishdi. Jumladan, Samarqand akademiyasida faoliyat olib borgan mashhur alloma Gʻiyosiddin Koshiyning oʻnli kasrlar va ularni hisoblash amaliyotida qoʻllashdan iborat ajoyib yangiliklari Yevropagacha yetib bormadi. XVI asr oxirida u qayta yaratildi va hozir Ruffini – Gorner deb ataladigan usul yordamida ildizlarni aniqlab olish metodidan foydalaniladi. Bizga Nyuton binomi sifatida maʼlum boʻlgan har qanday natural darajani oshirish qoidasidagi “ijobiy va salbiy” atamalari ham uning nomi bilan bogʻliq [8:142]. Bunday ilmiy kashfiyotlarning falsafiy mohiyati shundan iboratki, Mirzo Ulugʻbek va uning maktabi vakillarida nochiziqli tafakkur tarzi va ilmiy yondashuv shakllangan boʻlib, uning natijasida koʻplab ilmiy muammo va masalalar oʻz yechimini topgan.

Alisher Navoiyning “Majolisun nafois” asarida taʼkidlanishicha, Ulugʻbek baʼzan sheʼr nazmiga ham mayl etgan. Eʼtiborli tomoni, Navoiy keltirgan Ulugʻbekning quyidagi baytida oʻziga xos sinergetik gʻoyalar mavjud.

“Harchand mulki husn dar zeri nigini tust,

Shoʻxi makun, ki chashmi badon dar kamini tust!”

Tarjimasi: Qanchalik davlat uzugi qoʻlingda boʻlsa ham, hazil va shoʻxlik qilmagilki, yovuz kishilar koʻzlari sen tomon qaratilgandir. Oddiy baytdek tuyulgan bu misralarda ham maʼlum maʼnoda falsafiy mohiyat mujassamdir. Yaʼni har qancha egalik huquqi oʻzingda boʻlsa ham, unutmaginki, undan mosuvo boʻlish ehtimoli bor, shuning uchun doim ehtiyotkorlik va ziyraklikni unutmagan holda, doim ogoh boʻlishing kerak. Aks holda ichingdagi dushmanlaring koʻz olaytirayotgan mulkingni barbod etishi ham mumkin. Boshqacha aytganda Mirzo Ulugʻbek sirtdan sokin va osoyishta, ishonchli koʻrinayotgan narsaning ichida tugʻyon, beqarorlik va ishonchsizlik yashiringan boʻlishi ehtimoli bor, degan maʼnoda fikr yuritadi. Bu esa har qanday tizimda ichki bifurkatsion jarayonlar doimiy mavjud ekanini bildiradi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Mirzo Ulugʻbek tabiiy, aniq fanlar barobarida ijtimoiy, falsafiy va axloqiy bilimlar bilan ham shugʻullangan qomusiy olim hisoblanadi. U asos solgan akademiya salohiyati va taʼsir etishi jihatidan nafaqat Sharq, balki Gʻarbda ham ilm-fan rivojda muhim omil boʻlib xizmat qilgan.

Ulugʻbek akademiyasida mashhur olim va mutafakkirlar Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Muhammad Ali Qushchi, keyinchalik, Hasan Chalabiy, Muiniddin Koshiy, Mansur ibn Muiniddin Koshiy samarali ilmiy faoliyat olib borgan.

XV asrning astronomiya, matematika, geometriya, mexanika va boshqa koʻplab tabiiy fanlar bilimdoni, mashhur mutafakkir Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy Ulugʻbek fanlar akademiyasining taniqli va sermahsul olimlaridan biri boʻlgan.

U Koshonda (oʻsha vaqtda Amir Temur davlati tasarrufida boʻlgan hozirgi Eronning shaharlaridan biri)da tavallud topgan. Ilk saboq va ilmiy izlanishlarini tugʻilgan yurtida boshlagan boʻlsa-da, keyinchalik Mirzo Ulugʻbek taklifiga binoan oʻsha davrda ilm-fan yuksak darajada rivojlanayotgan Markaziy Osiyo, aniqrogʻi Samarqandga keladi va bunday taklif hamda eʼtibordan mamnunligini eʼtirof etadi [11:26].

Gʻiyosiddin Koshiy Samarqanddagi ilmiy faoliyati davomida aniq fanlar, ayniqsa, matematika fani rivojiga munosib hissa qoʻshadi. Keyinchalik Koshiy Hirotga kelib, Shohrux saroyida xizmat qilgan va unga atab “Elxon zij”ini takomillashtirish uchun “Xoqon Ziji”  (“Ziji Xoqoniy dar takmili “Ziji Elxoniy”) nomli astronomik asarini bitgan. Uning bu asari oʻz davridagi astronomiya sohasidagi eng yetuk asarlardan hisoblangan. Allomaning yana bir mashhur asari “Risola fil-muhitiya”-“Aylana haqida risola” boʻlib, uni yozishdan maqsad π sonini [12], yaʼni aylana uzunligini uning diametriga nisbatini Koshiygacha maʼlum boʻlgan aniqlikdan ham kattaroq aniqlikda hisoblashdan iborat edi. Bu asarlari orqali Koshiy matematika fani taraqqiyotiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshdi. Aynan shu asarni tadqiq etganda, unda bugungi kunda sinergetik metodologiyada keng foydalanib kelinayotgan sistemali yondashuvni payqash mumkin. Yaʼni Gʻiyosiddin Koshiyning matematik amallari va nazariyalarida matematik sinergetika gʻoyalari mavjuddir.

Yevropa mamlakatlari olimlar tomonidan takomillashtirilib, yangilik sifatida eʼtirof etilgan baʼzi bir nazariya va qonuniyatlar aslida  Gʻiyosiddin Jamshid Koshiyning matematika fani rivojiga qoʻshgan olamshumul kashfiyotlarida oʻz aksini topgan. Ular quyidagilardan iborat:

  1. Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulugʻbek bilan hamkorlikda Gʻiyosiddin Koshiy ketma-ketlik yaqinligi usulini ishlab chiqqan. Bu usul esa XIX asrda Yevropada fransuz matematigi E.Pikar tomonidan qayta ishlangan;
  2. Yevropada Simon Stevin olib kirgan matematikadagi oʻn karra hisobni, Koshiy undan 150-yil avval fanga kiritgan va undan muntazam foydalangan.
  3. “Nyuton binomiy” iborasi bilan ataluvchi formulaga asoslangan ixtiyoriy ildiz darajalarining yaqin joylashuv usulini ishlab chiqqan.
  4. Fanda “Gorner chizmasi” nomi bilan mashhur koʻphadni hisoblash usulini Gʻiyosiddin Jamshid ancha asr oldin ishlab chiqqan.

Mirzo Ulugʻbek akademiyasi olimlari tomonidan kashf etilgan bu kabi ilmiy dalillarni yana davom ettirish mumkin. Buning uchun esa soha mutaxassislari buyuk allomalarimiz ilmiy merosini kengroq, chuqurroq va sinergetik metodologiya asosida tadqiq qilishi talab etiladi. Shuningdek, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi mutafakkirlarning ilmiy merosini tadqiq etilishi evristik ahamiyatga ega yangi bilim va nazariyalarga zamin yaratishi barobarida, Ulugʻbek akademiyasi faoliyatini, mashhur rasadxona tarixini oʻrganishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamshid Koshiyning matematikaga oid asarlari tarjima va tadqiq etilgan boʻlsa-da, biroq uning astronomik asarlari, xususan, “Ziji Xoqoniy” asari deyarli tadqiq qilinmagan. Samarqandda astronomik kuzatuvlar qay darajada yuksak ilmiy aniqlikka ega boʻlgani mazkur asarni oʻrganish orqali maʼlum boʻladi. Qolaversa, bu undagi falsafiy qarash va gʻoyalarni ilmiy tadqiq etishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Ulugʻbek ilmiy maktabining yana bir yirik vakillaridan biri Ali Qushchi hisoblanadi. Asl ismi Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy nafaqat matematik, astronom, balki yetuk faylasuf hisoblanadi. U boshlangʻich bilimni Samarqand olimlaridan, matematika va astronomiyaga oid ilmni esa Qozizoda Rumiy hamda Mirzo Ulugʻbekdan oladi.

Ali Qushchi astronomiya, matematika ilmiga oid ilmiy risolalardan tashqari, 15 yoshidayoq falsafaga doir asar ham yozgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, alloma oʻz davrining falsafiy taʼlimotini puxta oʻzlashtirish bilan birga, qadimgi Sharq va jahon falsafasidan ham xabardor boʻlgan.

Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi faoliyatini rivojlantirish, Ulugʻbek rasadxonasini qurish (1424), ilmiy kuzatishlar olib borish, “Ziji jadidi Koʻragoniy” jadvalini tuzish va boshqa jarayonlarda ham Ali Qushchi faol qatnashadi [7]. Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiydan keyin Ulugʻbek rasadxonasida mudirlik ham qildi. U faoliyati davomida yangi ilmiy izlanishlar uchun Ulugʻbek akademiyasi ilmiy uslubi, kuzatish va tajriba oʻtkazish asboblarini takomillashtirishga erishdi. Manbalarda “Mirzo Ulugʻbek vafotidan soʻng rasadxona Muhammad Ali Qushchi va Miram Chalabiy rahbarligida yana bir necha oʻn yillar faoliyat olib borgan” [17:186] degan fikrlar mavjud boʻlsa-da, mutafakkir Mirzo Ulugʻbek vafotidan keyin yuzaga kelgan siyosiy, ijtimoiy tanglik va mutaassib ulamolarning tazyiq va boʻhtonlari oqibatida u mamlakatni tark etishga majbur boʻldi. Sinergetika nuqtayi nazaridan, Mirzo Ulugʻbek oʻldirilgandan keyingi davr tartibsizlik holatiga yuz tutdi. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy bifurkatsion jarayonlar temuriylar davridagi sistemali rivojlanishni tarqoq holga keltirdi.

Ali Qushchi bunday vaziyatni oʻz vaqtida payqab, oʻzi bilan rasadxonada ishlangan qoʻlyozmalar, Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy”, yulduzli osmon xaritasini va nodir qoʻlyozmalarini olib, Tabriz, Hirot va keyinchalik esa Turkiyaga, Usmonlilar saltanatining yettinchi hukmdori Sulton Muhammad II saroyiga keladi. Uning ilmiy faoliyatidan xabardor shaxslar oʻziga xos izzat ikrom bilan qabul qiladi. “Mavlono Alouddin Ali Qushchi Samarqandiy Turkiyada katta hurmat, obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlib, Usmoniylar saltanatida ham dunyoviy ham diniy ilmlarni rivojlantiruvchi maʼrifiy markaz tashkil etishga kirishadi. Ali Qushchi madrasada Samarqandda egallagan bilimi va tajribasiga tayangan holda ularni oʻz shogirdlariga oʻrgata boshlaydi. Madrasada ilmning turli sohalarini rivojlantirish keng yoʻlga qoʻyiladi” [17]. Tez fursatda nafaqat Turkiyada, balki butun Yevropada uning ilmiy faoliyatiga qiziqish ortib boradi. Bu tom maʼnoda Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek akademiyasining ilmiy yutuqlari va kashfiyotlari Yevropa, keyinchalik esa butun dunyoga maʼlum va mashhur boʻlishining muhim omillaridan biri edi. Ali Qushchi ularga matematika va astronomiya fani erishgan yutuqlar, astronomik qiymatlarni oʻlchash metodlari, astronomik kuzatish asboblari haqida, matematik amallarni bajarishning Samarqand maktabiga xos usullarini, oʻnlik kasrlar mohiyatini, matematik amallarda qoʻllanadigan manfiy (minus) va musbat (plyus) ishoralari mohiyati hamda trigonometrik funksiyalarni yechishning xilma-xil turlarini oʻrgata boshlaydi [18:240]. Bu voqeaning falsafiy mohiyati shundaki, hozir Yevropada rivojlangan aniq va tabiiy fanlarning evristik usullari va sinergetik metodologiyasi poydevorining maʼlum bir qismi aynan Ali Qushchi sabab Sharq Ikkinchi Renessans davri ilmiy yutuqlari bilan mustahkamlangan. Professor B.Turayev eʼtirof etganidek, Али Қушчи – Иккинчи Ренессанс ютуқларини Европага узатган мутафаккир ҳисобланади.   

Ali Qushchi mutafakkir sifatida nochiziqli tafakkur tarzi egasi boʻlgan. Shu sababli u koʻplab sinergetik gʻoya va metodologiyalar yuzaga kelguniga qadar bu borada oʻz nazariya va ilmiy kashfiyotlari bilan ilm-fanga munosib hissa qoʻshgan. U yuqorida nomlari zikr etilgan Samarqand astronomlari singari Yerning Quyosh atrofida va oʻz oʻqi atrofida aylanishiga qatʼiy amin boʻlgan. Uning fikricha, yoritgichlarning Sharqdan Gʻarbga qarab harakatlanishi, gʻarbga botishi Yer sharining gʻarbdan sharqqa qarab harakatlanishi (oʻz oʻqi atrofida aylanishi) oqibatida roʻy beradi. Bizga shu sababli goʻyoki yoritgichlar sharqdan chiqib, gʻarbga botayotgandek tuyuladi. Bu suzib borayotgan kemalardan turib qirgʻoqni kuzatayotgan yoʻlovchi holatini eslatadi. Yoʻlovchiga kema emas, balki undan qarama-qarshi tomonga qirgʻoq harakatlanayotgandek boʻlib tuyuladi [2]. Yaʼni boshqa sayyoralar qatori Yer ham Quyosh atrofida va oʻz oʻqi atrofida aylanib yurishini Yevropada birinchilardan boʻlib polyak olimi N.Kopernik nazariy jihatdan isbotlab berdi, degan xulosaga kelgunga qadar Ulugʻbekning Samarqand akademiyasi olimlari bu nazariyaning nafaqat matematik asoslarini, balki amaliy mohiyatini ham ilmiy izlanishlari davomida isbotlab boʻlgan edi. Masalaning evristik mohiyatidagi sinergetik ahamiyati ham shundadir.

B.Turayev Ali Qushchining ilmiy-falsafiy merosi haqidagi maqolasida olimning ilmiy yutuqlari haqida toʻxtalib shunday yozadi: “Bu yutuqlarga matematikada oʻnli kasrlarni joriy qilish, doiraga ichki chizilgan uchburchaklarni oʻlchash metodlari, trigonometrik funksiyalarni yechishning Samarqand matematiklariga xos usullari, π-soni qiymatini aniqlashtirish, Ali Qushchi bu qiymatni 16-oʻndan birlik raqamgacha aniqlikda hisoblab chiqqan (u koʻpburchaklar tomonlari sonini 27-marta koʻpaytirdi va 3*228 burchakli koʻpburchakka erishdi). Undan 150-yil keyin fransuz matematigi Fransua Viyet (1540-1603) π-sonini koʻpburchaklar sonini 16-marta koʻpaytirib, 9-oʻndan birlik raqamigacha hisoblab chiqishga erishgan. Yevropa Ali Qushchidan 250-yil keyin Kyolnlik matematik Ludolf van Seylen timsolida uning natijasidan oʻtib ketishga erishdi. U bu sonni 32 belgigacha koʻtardi”. Bu ilmiy dalillar Ali Qushchi nochiziqli tafakkur tarzi asosida matematik sistemali yondashuv va evristik uslublardan oqilona va mohirona foydalanganini va bu keyinchalik takomillashib, matematika-sinergetik metodologiyaga koʻchganidan dalolat beradi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Mirzo Ulugʻbekning Samarqand akademiyasida aniq fanlar qatori, ijtimoiy va falsafiy fanlar yuksak darajada rivojlangan. Akademiya mutafakkirlari esa falsafa, mantiq kabi fanlar rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan sinergetik gʻoyalardan foydalangan va bu oʻz navbatida, sinergetik metodologiyaning vujudga kelishida muhim omil boʻlib xizmat qilgan. Shuningdek, nochiziqli tafakkur tarzining nazariy va amaliy koʻrinishlari akademiyaning boy ilmiy-falsafiy merosida oʻz aksini topgan. Bu xulosalar mamlakatimizda aniq va gumanitar fanlarning yanada rivojlantirishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, evristik gʻoyalar rivojida ham muhim ilmiy meros hisoblanadi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdullayeva M.N., Qodirova Z.R. Ulugʻbek bilish nazariyasi maktabining estetik aspektlari. “Samarqand shahrining umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan oʻrni”. Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy simpozium materiallari. – Toshkent – Samarqand: Fan, 2007.
  2. Ali Qushchi. Astronomiyaga oid risola (I.M.Moʻminov tahriri ostida). – T.: Fan, 1968.
  3. Jamshid Koshiy. Ziji Xoqoniy. Qoʻlyozma. Ayo Sofiyo kutubxonasi. № 2692.
  4. Кубаева Ш.Т. Развитие инновационного мышления в Самаркандской академии Улугбека //Universum: общественные науки. – №. 5 (6). 2014.
  5. Мардонов Р.С., Ризаев И.И. Проблемы в инновационном развитии (на примере Узбекистана) //Географические и экономические исследования в контексте устойчивого развития государства и региона. – 2022.
  6. Nazarov Q. Oʻzbek falsafasi. – T.: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2013.
  7. Olloyorov M. Samarqand shahrining umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan oʻrni // Samarqand shahrining 2750-yillik yubileyiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy simpozium materiallari. – Toshkent – Samarqand: Fan, 2007.
  8. Розенфельд Б.А. Влияние самаркандской школы Улугбека на развитие математики и астрономии за пределами Средней Азии // Из истории науки эпохи Улугбека. – Т., 1979.
  9. Sinergetika – 2: nazariya va amaliyot. (Masʼul muharrir: prof. Turayev B.O.). – T.: Fan ziyosi, 2022.
  10. Temur va Ulugʻbek. – T.: Qomuslar bosh tahririyati.
  11. Тураев Б.О., Ризаев И.И. Особенности проявления искусственного интеллекта в бытии человека //Новые информационные технологии и системы (НИТиС-2022). – 2022.
  12. Тураев Б.О., Ризаев И.И. Синергетическое мышление в современном понимании //Культура и антикультура. – 2022.
  13. Улуғбек. Зидж Курагони. Рукопись института Востоковедения АН Уз // Материалы по истории прогрессивной общественно-философской мысли в Узбекистане. – Т., 1976
  14. Файзуллаев А. Вопросы познания в “Зидж”е Улугбека // ОНУ, № 3. – Т., 1969.
  15. Falsafa: qomusiy lugʻat. – T.: Sharq, 2004.
  16. Qori-Niyoziy T.N. Ulugʻbek va uning ilmiy merosi. – T.: Oʻzbekiston.
  17. Qulmatov Sh., Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. – Samarqand: IBXM, 2017.
BAXODIR RAXMANOV,
Samarqand davlat universiteti, PhD

Check Also

AHLI SUNNANING IKKI BUYUK IMOMI

Soxta shayxlarning Islom olamining buyuk namoyandalarini, ayniqsa, ahli sunna val jamoa imomlari boʻlmish Imom Moturidiy …