Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviy hayotida Islom dini beqiyos ahamiyatga ega. Oʻrta asrlar islomgacha boʻlgan davrlarda yurtimiz aholisi buddaviylik, nasroniylik va asosan otashparastlik diniga eʼtiqod qilgan. Bizga maʼlumki, din eʼtiqod masalalari shaklan qabul ifodasi bilan u yoki bu dinga mansubligini ifodalamaydi. Uni qalban qabul qilishi va fitratan taslim boʻlgani bilan diniy mansubligiga qarab insonning chin eʼtiqodi haqida xulosa qilinadi. Musulmon dunyosida “Oʻrta Osiyo islom madaniyatining beshigi” degan ibora uchraydi. Nima uchun?. Islom dini arab sahrolarida vujudga kelgan boʻlsa-da, uning yuksalishi, taraqqiy etishi va targʻiboti markazi Osiyodan turib amalga oshirildi. Milliy maʼnaviyatimizning fundamental asoslari ushbu din taʼsiri ostida rivoj topdi. Yurtimiz tasavvufning buyuk allomalari va avliyolarini yetishtirib bergan yurt sifatida tanilgan. Imom Buxoriy oʻzining sahih hadislari bilan, Ahmad Yassaviy (1093-1166), Bahouddin Naqshband (1318-1389), Najmiddin Kubro (1145-1221) oʻzining tasavvuf tariqatlari bilan islomni yetuk darajaga olib chiqdi.
Bugungi kunga qadar ushbu mavzuda koʻplab oʻrganishlar amalga oshirildi. Abdurauf Fitrat tadqiqotlariga murojaat qilinganda u: “Oʻrta Osiyo tasavvufining kubroviya, yassaviya, naqshbandiya va qalandariya kabi koʻp oqimlari oʻrinlashgʻon. Bularning hammasi haqida tafsilot berish hozir mening uchun mumkin emas” [3:38], degan. Buni Fitratning oʻsha vaqtlarda sobiq Shoʻrolar hukumati tomonidan taʼqib ostiga olingani bilan izohlash mumkin.
Quyi Zarafshon vohasi tasavvuf allomalari faoliyati va maʼnaviy merosini oʻrganishda ayrim oʻlkashunoslarning ham tadqiqotlari tahlil qilindi. Xususan, A.Hotamov, [4:152] Sh.Halilov, N.Bekniyozov [5] va S.Mustafoyevning [9:48] risolalarida tasavvuf shayxlarining maʼnaviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, hayoti va ijodi kengroq ochib berishga harakat qilingan. Shunday boʻlsa-da, ushbu tadqiqotlar koʻproq badiiy publitsistik xarakterga ega ekani bilan tavsiflanadi.
E.Rustamov, M.A.Usmonov [12:23] esa yuqoridagi tadqiqotlardan farqli ravishda tasavvuf taʼlimotining yassaviya tariqatini ijtimoiy-tarixiy negizlari, uning axloqiy-tarbiyaviy jihatlari, Oʻrta Osiyo xalqlari madaniyatining rivojlanishiga taʼsiri masalalarini falsafiy tahlil qilgan. Yuqorida keltirilgan tadqiqotlar asosan filologik yoʻnalishda boʻlib, ularda islom madaniyati, yassaviya taʼlimotining ijtimoiy, tarixiy va koʻproq badiiy ahamiyati koʻrsatib berilgan.
Xorijiy tadqiqotlar tahlil qilinganda ingliz sharqshunosi J.S.Trimengemning “The sufi orders in islam” nomli kitobini keltirib oʻtish mumkin. Unda muallif soʻfiylik jamoalari, tariqatlar va baʼzi tasavvuf allomalari faoliyatini sharhlashga harakat qiladi [8:359]. Uning tadqiqotlarida soʻfiylikni paydo boʻlishidan tortib, Markaziy Osiyoda keng tarqalishigacha boʻlgan jarayonlar yoritiladi.
V.V.Bartold ham XV asr oxiri XVI asrda Markaziy Osiyoda yuz bergan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni manbalar asosida yoritgan. U B.Ahmedovdan farqli ravishda Oʻrta asr tasavvuf shayxlarining ijtimoiy-siyosiy hayotda tutgan oʻrnini ochib berishga harakat qilgan [2:560].
Ushbu mavzuning asosiy adabiyotlari sirasiga Sadriddin Salim Buxoriy va Nigora Safarovaning ham Karmanalik “Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy” hayotiga bagʻishlangan bir qator risolalarini kiritish mumkin. Ammo ushbu risolalarda Orif Deggaroniy hayoti, faoliyati, tarixiy davriyligi, geografik joy nomlari va uning joylashuviga koʻproq urgʻu berilgan.
Qolaversa, tasavvuf taʼlimotining paydo boʻlishi, keng tarqalishi, mohiyati va ijtimoiy hayotga taʼsiri xususida E.Karimov, N.Komilov, B.Doʻstqorayev, I.Haqqulov, B.Valixoʻjayev, B.Oʻrinboyev, K.Kattayev, A.Hotamov, Sh.Xalilov, Hamidjon Homidiy, Orif Usmon, Nodirxon Hasaniy, Hoji Ismatulloh Abdulloh, A.Nuriddinov, A.Abdullayev, Sadriddin Salim Buxoriy, E.Zoirov, G.Navroʻzova kabi olimlarning asarlarida oʻz aksini topgan. S.Inoyatov, [7: 192, 140] H.Turayev, M.Saidov, O.Hayitova, A.Kandaxarov [11:140] kabi olimlarning tadqiqotlarida esa XVI asrda Buxoro xonligida muhim mavqega ega boʻlgan Karmananing ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotiga oid ayrim maʼlumotlar keltirilgan. Ushbu maʼlumotlarda XVI asrda faoliyat yuritgan ayrim tasavvuf vakillarining ijtimoiy-siyosiy hayotga taʼsiri koʻrsatib oʻtilgan. Shunday boʻlsa-da, yuqoridagi manbalar tahlilidan shu narsa ayon boʻladiki, ularda karmanalik shayxlar shaxsining maʼnaviy tarbiyaviy jihatlariga alohida toʻxtab oʻtilmagan.
Maqsadimiz tasavvuf allomalari merosini tahlili oʻlaroq ularning maʼnaviy tarbiya borasidagi qarashlarini yosh avlod uchun fundamental axloq namunalari sifatida tanishtirish. Zotan tarixdan saboq chiqarmasdan turib, kelajakni bunyod etib boʻlmaydi.
Sharqshunos, islom, markaziy yevroosiyoshunoslik va diplomatiya fanlari olimi Elyor Karimov ham bu kabi fikrlarni oʻzining bir qator chiqishlarida taʼkidlab oʻtadi [5]. Islomning maʼnaviy qiyofasini tanitishda, uning asl mohiyatini ochib berishda sharq, xususan, oʻrta osiyolik koʻplab tasavvuf soʻfiylarining targʻiboti muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Tasavvuf dargʻalaridan Xoja Yusuf Hamadoniy komil-u mukammal zot boʻlsa-da, kamtarona hayot kechirgan. U kishi maktab ochib, bu maktabda hayoti davomida darslaridagi targʻiboti natijasida 8 ming budparastni musulmon qilgani aytiladi [17:22]. Bu ishlar natijasi oʻlaroq shogirdlar tayyorlagan, ular ham oʻz navbatida, ustozidan olgan bilimini hayoti davomida islom dinining keng yoyilishiga sarflagan. Xuddi shunday soʻfiy va maʼnaviy tarbiya ustozlaridan Karmana farzandlaridan Mavlono Orif Deggaroniy (1313-1375), Shayx Xudoydod Vali (1461-1532), Qosim Shayx Azizon (1500-1578)ni misol keltirish mumkin. Islom dini targʻiboti davomida uning maʼnaviy qiyofasini yaratgan bunday buyuk zotlar nafaqat oʻz zamonasiga, balki kelajak avlod uchun ham buyuk meros qoldirgan.
Amir Sayyid Kulol topshirigʻiga koʻra, Bahouddin Naqshbandga pirlik qilgan Mavlono Orif Deggaroniy hazratlari umrining asosiy qismini soʻfiy gʻoyalari targʻiboti va maʼnaviy tarbiya masalalariga bagʻishladi. Mavlono Orif Deggaroniy (1313-1375) hozirgi Navoiy viloyati, Karmana tumani Deggaron qishlogʻida, hozirgi Hazora hududida tavallud topgan. “Deggaron” soʻzi ikki qismdan iborat boʻlib, “Deg” qozon, “garon” ogʻir, vazmin degan maʼnolarni anglatadi. Yaʼni ogʻir va vazmin qozon, qozon yasovchi hunarmandlar istiqomat qilgan joy degan maʼnoni bildiradi. Mavlono Orif Deggaroniyning tarjimai holi xususida ishonchli manbalar qatorida Faxriddin Ali bin Husayn Voiz Koshifiyning (1463-1532) “Rashahotu aynul hayot” asari boʻlib, unda asosan tariqat peshvolari, avliyo va pirlarning hayoti haqida hikoya qilinadi. Mavlono Orif Deggaroniy yoshligida Bahouddin Qishloqiyning yonida hadis, zohiriy va botiniy ilmlarni oʻrganish bilan kamol topadi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Mavlono Orif Deggaroniy bu ilmlarni yoshlikdan Bahouddin Naqshband bilan birga oʻrganadi. Soʻngra Amir Sayid Kuloldan tariqat saboqlarini oladi. Deggaroniy tasavvufning jahriy zikrdan koʻra xufya zikrga xayrixoh edi. Deggaroniyning bu qarashlari misoli Bahouddin Naqshbandning “Dil ba yoru, dast ba kor” “koʻngil xudoda boʻlsin-u, qoʻl ish bilan band boʻlsin” shiori bilan yoʻgʻrilgan edi. Chunki Bahouddin Naqshband yetti yil Mavlono Orif Deggaroniy qoʻl ostida taʼlim oladi. Garchi ular orasidagi yoshning farqi 5-6 yosh boʻlsa-da, Naqshband ham oʻz navbatida, Deggaroniyni maʼnaviy piri sifatida koʻrgan, doʻstlik va ustoz-shogird munosabatlari bilan birga, bir-biriga hurmati juda yuqori boʻlgan.
Koʻp vaqtlar Mavlono Orif bilan birga Raboti Malik qurilishida ustoz- shogird birga mehnat qildi. Shuningdek, koʻplab manbalarda ikki doʻst, ustoz-shogird umri davomida ikki marotaba haj amalini bajargani va har ikkala safarga ham birga borgani maʼlum.
“Hazrat Bahouddin Naqshband aytardilar: “Men xufyona zikr bilan mashgʻul boʻlganimda nogoh sirlarga duch keldim. Bu sirning mohiyatini tushunmoq uchun talab vodiysiga qadam urdim. Mavlono Orif bilan oʻttiz yil birga qidirdik. Men ikki bor Hijoz (yaʼni haj) safarida boʻldim, barcha goʻshalarni kezdim. Kishi bormikin, oʻzi tizzama-tizza oʻtirsa-yu, osmonlarni sayr etsa, zohiri yerda, botini osmonda boʻlsa?!” [13:6-14]. Ushbu parchadan shunday taassurot olish mumkinki, ikki tanada yashayotgan bir ruh, haqiqiy ruhiy kamolotni yetuklikka intilishlar ifodasiga qiyos qilsa boʻladi. Shuningdek, bu ikki tariqat peshvosining oʻttiz yil davomidagi izlagan haqiqati insoniyatni Haqqa eltuvchi tariqat yoʻlini qaror toptirgan boʻlsa ajab emas. Ajib va gʻaroyib voqealar ularning boshidan oʻtar edi. Bu kabi maʼlumotlar ular nafaqat tariqat borasida, qolaversa, hayotiy qarashlar doirasida ham hamfikr boʻlganini bildiradi. Bahouddin Naqshband Mavlono Orif Deggaroniyning hurmati uchun mulozamat va xizmatni davom ettirgan. Shu yetti yil davomida ariq labiga tahorat uchun borsa-da, Mavlonodan yuqorida tahorat olmas edi. Yoʻlda ketayotganlarida uning qadamlari izi ustiga oyogʻini qoʻymas edi” [1:49–50].
Chunki “Amir Sayyid Kulol (Amir Sayyid Kulol (XIII asr oxiri-1370-yillar) Mavlono Orif Deggaroniy va Bahouddin Naqshbandning maʼnaviy piri, ustozi) aytgan edi: “Mening yoronlarim orasida mana shu ikki kishi, yaʼni Xoja Bahouddin va Mavlono Orif Deggaroniyga oʻxshagan hech kim yoʻq. Bular hammadan oʻzib ketdilar”…. Xojamiz “Ilm oʻrganing, agar u Chinda boʻlsa ham”, degan hadisga amal qilib, Amir Sayyid Kulol tarbiyasidan soʻng, yana yetti yil Mavlono Orif Deggaroniyning xizmati va mulozamatida boʻldilar”. Bu haqda tasavvufshunos tarjimon Sadriddin Salim Buxoriy (1946-2010) oʻzining “Ikki yuz yetmish yetti pir” kitobida: “Maqomati shohi Naqshband”da yozilishicha, – deb taʼkidlaydi, hazrat Bahouddin Naqshband, hazrat Sayyid Mir Kuloldan ijozat olgandan soʻng, yetti yil hazrat Mavlono Orif Deggaroniy xizmatida boʻladi”. Manbadagi Bahouddin Naqshband Amir Kuloldan 7 yil taʼlim olgan degan maʼlumotga asoslansak, 1347-yildan 1354-yilgacha Bahouddin Amir Kuloldan ilm olgan. 1354-yildan yana 7 yil to 1360-yilgacha Orif Deggaroniy xizmatida boʻlgan va Qusam Shayxdan ilm olib 1361-yildan oʻzi mustaqil tariqatni tashkil eta boshlagan [6:12].
Bu kabi soʻfiylarimizning doʻstlik va ustoz-shogird munosabatlari bugungi ilm talabidagi avlodga ustozga hurmat borasida namuna boʻla oladi. Qolaversa, tasavvuf taʼlimotida ustoz rizoligiga ilohiy quvvat manbai sifatida qaraladi. Tasavvuf soʻfiylarning hayot yoʻli mahalliy xalqlar madaniyatiga aylanib bordi. Ularning targʻiboti maʼnaviy hayotni qaytadan jonlantirib, islomlashtirishda katta rol oʻynadi. Mavlono Orif Deggaroniy ham oʻz navbatida, yetuk oʻrinbosarlarni tayyorlaydi. Ulardan Ali Safiy Mavlono, Amir Ashraf va Amir Ixtiyoriddinlarni koʻrsatish mumkin. Bu haqda Muhammad Tohir Eshon “Tazkirai Naqshbandiya” asarida bunday deydi. “Hazrat Amir Ashraf Buxoriy rahmatullohi alayhning bayonidur. Ul muqtadoiy aʼraf (bilimdonroq) va rahnamoi axlaf, yaʼni hazrati Shayx Amir Ashrafdur. Ayturlarkim, ul sohibi sharaf Mavlono Orifning xalifai avvalidur. Bayt:
Baʼdi Orif bidon Amir Ashraf,
Beshaku begumon bishud ashraf.
Mazmuni:
Orif Deggaroniydan soʻng Amir Ashraf,
Shak va shubhasiz ashraf zotlardan boʻldi.
Chunonchi, “Hazrati Mavlono Orifning rixlatidan soʻngra ul azizning oʻrnida qoyim maqom boʻlib, toliblarni Xudo azza va jallaning yoʻligʻa kirgizdi va ul bobda baqadri imkon saʼyin tamom koʻrguzub, odamlarni rost tariyqgʻa soldi” [17:42].
“Mavlono Orif Deggaroniyning shaxsiy sifatlaridan, ul zot avliyolik darajasini uchta xislatlar kamolotida koʻradi.
- Baland darajaga yetganda ham kamtarlik qilmoq.
- Qudrati va sabr-toqati yetgunicha parhezkorlik qilmoq.
- To kuchi yetguniga qadar insof qilmoqlikdir” [14:7].
Tasavvufda ustoz-shogird, xalifalik anʼanalari bilan silsilalararo tasavvuf taʼlimotining targʻibotini olib bordi. Tasavvuf taʼlimotida shunday gap bor: “Har kim bu yoʻlni iroda qilsa va tariqat hirqasini kiyishni xohlasa, uni pirning qoʻlidan kiysin”. Tasavvufni ustozsiz anglab boʻlmasligi – bu taʼlimotning bosh qoidalaridan. Xuddi shunday, manbalarda Mavlono Bahouddin ham doʻst, ham ustoz sifatida Deggaroniydan hadis oʻrgangani yozilgan. Naqshbandiya taʼlimotining maʼnaviy mazmunining boyishida ustozi Mavlono Orif Deggaroniyning ham qarashlari oʻz aksini topib boradi. Xulosa qilganda, tasavvuf taʼlimotida inson oʻzi mustaqil qanchalik koʻp oʻrganishi, izlanishi bilan bu ilmni toʻliq egallab boʻlmasligi, albatta, ustozning zarurligi xususida xulosa beradi. Ayni bu xususiyatlar islom olamida ustoz-shogird silsilasi muqaddas dinimiz targʻiboti yoʻlida xizmat qilishiga olib keldi. Shuningdek, taqvo yoʻlida notoʻgʻri xulosalardan uzoqda boʻlishiga, islom dinining maʼnaviy qiyofasini saqlagan holda asrlar davomida oʻzining munosib himoya vazifasini bajarishga imkon berdi.
Quyi Zarafshon vohasi tasavvuf taʼlimotida Mavlono Orif Deggaroniy va Xoja Bahouddin Naqshbandning oʻrni va ahamiyati katta. Bu ikki ustoz-shogird, ikki doʻst birga oʻqidi, bir ustozdan taʼlim oldi, bir ijtimoiy zamonda faoliyat yuritdi. Movarounnahrning Quyi Zarafshon hududida umrguzaronlik qildi va turlicha kishilik jamiyatlarining guvohi boʻldi.
Taʼkidlab oʻtish lozimki, hazrat Mavlono Orif Deggaroniy buyuk valiy, ulkan alloma, atoqli tarbiyachi boʻlib, Xojagon-Naqshbandiya tariqati rivojiga muhim hissa qoʻshgan zot edi. Xojagon tariqati Markaziy Osiyodagi diniy-tasavvufiy oqimlardan birining nomi boʻlib, bu oqim turli vaqtlarda XII-XV asr oxirlarigacha turli darajadagi soʻfiylar jamoasi hisoblangan. Uning asoschisi aslida Abduxoliq Gʻijduvoniy boʻlib, u kishidan to Bahouddin Naqshbandgacha meros sifatida oʻtib kelgan. Bahouddin Naqshband yashagan davrda ham tariqat Xojagon deb atalgan, u kishining vafotidan keyin tariqat Naqshbandiya deb nomlangan. Demak, Naqshbandiya tariqati oʻz gʻoyaviy kelib chiqishi jihatidan Xojagon tariqatiga borib taqaladi. Faylasuf olima N.Safarovaning tadqiqotlarida keltirilishicha, Xojagon-Naqshbandiylik yagona silsila sifatida vujudga keldi, chunki Bahouddin Naqshband Abduxoliq Gʻijduvoniyning tasavvufiy qarashlarini chuqur oʻzlashtirdi. Xojagon taʼlimotining Naqshbandiya tariqati uchun ahamiyati quyidagilarda koʻrinadi: inson kamoloti uchun zaruriy boʻlgan qalbni poklash vositalaridan biri zikri xufiyani oʻrgatdi. Naqshbandiylik tasavvufning boshqa oqimlari, ayniqsa, jahriya, yaʼni baland ovoz bilan zikr qilish yoki samoʻ– musiqa kuylari ostida zikr aytish usullarini qoʻllagan yassaviylik va boshqalardan xufiya zikri bilan farq qiladi [15:132]. Xojagon va Naqshbandiya tariqatlarining silsilaviy bogʻlanishi, maʼnaviy birligi, ularning Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalishi va mustahkamlanishida Mavlono Orif Deggaroniyning oʻrni beqiyos boʻlgan.
Mavlono Orif oʻz shogirdlariga Haq yoʻlidan borib, Haqqa yetishish lozimligini anglab turishni buyurgan. Mavlono Orif Deggaroniy va Bahouddin Naqshbandning dunyoqarashi botinan Xudo bilan, zohiran odamlar bilan boʻlish kerakligiga asoslangan. Ularning aqidasiga koʻra, “Dil ba yoru dast ba kor”, yaʼni qalb Alloh bilan, qoʻl esa mehnatdan ajralmasligi kerak edi. Zotan, mehnat va mashaqqatsiz isteʼmol qilingan rizq va narsa haromdir. Ushbu naqllarni Mavlono Orif har bir mashvaratda, shogirdlar va muridlar davrasida takrorlab turgan. Naqshbandiya tariqatida aql koʻz qorachigʻiga fayz bagʻishlashini unutmaslikka va komillik sifat fazilatlarini egallashga daʼvat etiladi.
Mavlono Orif Deggaroniy ham tasavvuf yoʻlida yuksak maqomga erishdi va ularning xulqu odobi hammaga namuna, hikmatlari esa bugungi yoshlarga ibratdir. Tasavvuf taʼlimotining ikki ulugʻ namoyandasi – Mavlono Orif Deggaroniy va Xoja Bahouddin Naqshband oʻz davri uchun zarur boʻlgan ulkan maʼnaviy meros qoldirdi. Bu meros hozirgi kunga qadar insonlar qalbini yoritib kelmoqda.
Manbalardagi naqllar bilan tanishar ekanmiz, Mavlono Orif Deggaroniyning yuksak maʼnaviy xislat sohibi ekani, adolat, insof, diyonat tarafdori boʻlgani, shuhratparastlik, manmanlikni qoralaganining guvohi boʻlamiz. Aytar edilarki, “Taom isteʼmol qilayotgan paytda har bir aʼzo bir ish bilan band boʻlur. Dil ham bu paytda zikr bilan mashgʻul boʻlur. Lekin bu vaqtda dil “Alloh” yoki “La ilaha illalloh” zikrini emas, balki dasturxondagi neʼmatni beruvchi Alloh taoloni mushohada etur. Dil sababdan musabbibga kelur. Allohning Razzoqligini mushohada etur. Mana shu holat zikr hisoblanadi. Shundaylar ham borki, oʻng qoʻli bilan taom yeydi, chap qoʻli bilan tasbeh oʻgiradi. Bu ish manmanlik, kibr, shuhratparastlik, firibgarlik hisoblanadi”. Orif Deggaroniy inson taom tanovul qilar ekan, bergan rizqi uchun Allohga shukrona aytishga chaqiradi. U kishi insonlarni halol mehnat bilan rizq topishga undagan va oʻzi ham ziroatchilik bilan shugʻullangan.
Bahouddin Naqshband Amir Kuloldan keyin yetti yil uning toʻrtinchi xalifasi boʻlgan Mavlono Orif Deggaroniyning xizmati va mulozamatida boʻldi. Bu mulozamatda xilma-xil riyozatu jiddu jahdni oʻz boʻyniga oldi. Koʻp vaqtlar Mavlono Orif bilan birga Raboti Malik qurilishida mardikorlik qildilar [10:70].
Mavlono Orif Deggaroniyning quyidagi hikmatlari “Rashahot” kitobida berilgan: “Mavlono Orif menga aytdilar: “Agar yukimni koʻtarsin desang, yukingni koʻtarguvchi doʻst topmoq hayotda dushvordir. Va agar yukini koʻtarishni istasang, butun jahondagilar senga doʻst boʻlgʻay”.
Xoʻsh, Mavlono Orif “yuk” deganda nimani nazarda tutgan? Bu qanday “yuk”ki qashshoq, beva bechora, musibatli, dardmand kishilarga hamdardlik izhor qilish kabi insoniy fazilatlardan tortib, to elu yurt, xalq va din yoʻlida fidoyi boʻlmoqni anglatadi? Mavlono bu bilan senda birovning dardiga sherik boʻlish, oʻzgalarning ogʻirini yengil etish uchun ragʻbat Alloh yoʻlida xolis xizmat qilish fazilati boʻlsa, butun bani bashar senga doʻst boʻladi, demoqchi. Bu dunyoda bandaning boshiga tushishi mumkin boʻlgan “yuk” xilma xil boʻlib, jazm qilgan javonmard boshqa birovning “yuk”ini koʻtarishga qodir ekan. Darhaqiqat, kasalga hamdardlik bildirib, uni bu “yuk”dan qutqarsa boʻladi. Muhtojga molu davlat bersang, uning “yuk”i yengillashadi, muhtojlik azobidan qutuladi. Jon xatarda qolganda ham haqiqiy mardlar oʻzgalar uchun jonini fido qilib, doʻst hayotini saqlab qoladi. Lekin yana bir “yuk” borki, uni bandaning boshidan koʻtarishga hech kim qodir emas. Bu gunohkorlik “yuk”i! Bu dunyoda qilingan gunohlar “yuk”i bandaning yelkasida Qiyomatgacha turadi. Tariqat pirlari, xususan, Mavlono Orif Deggaroniy ham Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning izdoshlari boʻlgan. U zot ham oʻzgalar “yuk”ini koʻtarib yashadi. Odamlarni toʻgʻri yoʻlga boshladi, tariqatu shariat rivojiga muhim hissa qoʻshdi.
Xojagon tariqatining yirik namoyandasi boʻlgan Mavlonodek valiylar inson qalbining muhabbat urugʻi hisoblanadi. Hazrat Bahouddinning quyidagi hikmatlariga eʼtibor beraylik: “Suhbatimizga kelganlarni baʼzilarining qalbida muhabbat urugʻi bor, lekin u urugʻning gurkirab oʻsishiga xalaqit beruvchi xas xashaklar mavjud (kibr, hasad, baxillik, nifoq, gʻurur). Bizning vazifamiz ularning qalbini xasu xashakdan pokizalashdir. Lekin baʼzi suhbatga kelganlar qalbida muhabbat urugʻi umuman yoʻq. Biz ularning qalbiga muhabbat urugʻini sepamiz”.
Naql qiladilarki, hazrat Amir Kulol oʻz asʼhoblari, jumladan, Mavlono Orif Deggaroniy, Bahouddin Naqshband va boshqalar bilan birga Buxorodagi jomeʼ masjidi tomon borayotgan edi. Bir kimsa yoʻl yoqasidagi dalasida oʻz gʻulomi bilan birga dehqonchilik qilayotgan edi. Shunda gʻulom oʻz xojasidan soʻradi: “Bu oʻtib ketayotganlar kim?” Xoja dedi: “Bular narzxoʻrlardur!”. Bu gapdan voqif boʻlgan hazrat Amir Kulol muridlariga dedilar: “Ey yoronlar! Bizning ulugʻ xojamiz hazrat Abduxoliq Gʻijduvoniy alayhir rahma aytar edilarki, kimki darveshlarga haqorat nazari bilan qarasa, to gargin (ogʻir teri kasalligi) dardiga chalinmaguncha dunyodan oʻtmas”. Asʼhoblar bu gapdan gʻoyat mutassir boʻldi. Hazrat Amir Kulol barcha muridlari, jumladan, Mavlono Orif Deggaroniy va Bahouddin Naqshbandga qarata quyidagi nasihatni aytdilar: “Ey yoronlar! Ixlos eting – xalos boʻlasiz, Alloh gʻazabidan qoʻrqing – najot topasiz. Va yana bilingki, barcha toatning tagida tavba turadi. Va tavba uldurki, qilgan gunohingiz uchun dildan pushaymon boʻlmoq va qayta bu gunohni takrorlamaslikka ahd qilmoqdir. Va yana kasb-hunar bilan tirikchiligingizni oʻtkazib, halol kasb orqali roʻzgʻoringizga yetgulik miqdorida lofu isrof darajasiga yetkazmasdan rizq-roʻz topishga harakat qilmogʻingiz lozim. Va shul jamgʻarmangizdan kambagʻallarga nafaqa beringki, bunda ham isrofgarchilik yohud baxillik etmang. Oʻrta yoʻlni tuting” [16:21].
Bu soʻzlardan shuni anglash mumkinki, tasavvuf tariqati vakillari jamiyatda halollik va insof, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik va sadaqa berish borasida namuna boʻlishga harakat qilgan. Shuningdek, atrofdagilarni ham shunga daʼvat qilib, maʼnaviy-ruhiy poklikni targʻib etgan. Bu esa oʻz davrida va bugungi kunda ham insonlarni maʼnaviy komil inson sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Orif Deggaroniy va uning safdoshi Xoja Bahouddin Naqshband Movarounnahr ijtimoiy-maʼnaviy muhitini yaxshilashga katta hissa qoʻshgan zotlardir. Ular tasavvuf taʼlimotini shariat ilmi bilan uygʻunlashtirgan. Deggaroniy oddiy mehnatkash insonlar hayotida sharqona tavoze bilan ishlashni targʻib qilgan va bu orqali tasavvuf falsafasi yuksalishiga hissa qoʻshgan. Mavlono Orif Deggaroniy insonlarning ruhiy kamolotini yuksak darajaga koʻtarishga va halol mehnat orqali rizq topishga undagan. U ziroatchilik bilan shugʻullangan va odamlarni Allohga shukrona aytishga chaqirgan. Orif Deggaroniy shaxsiy kamolotga erishish yoʻlida bilimni ulugʻlagan va uni eng yuksak maʼnaviy xazina deb bilgan.
-
Abul Muhsin Boqir ibn Muhammad Ali. Bahouddin Balogardon. – T.: Yozuvchi,
-
Бартольд В.В. Сочинения. Работы по отдельным проблемам истории Средней Азии. Част II. –Москва: Наука, 1964.
-
Ahmad Yassaviy maktabi shoirlari toʻgʻrisida tekshirishlar. Tanlangan asarlar. – II jild. Ilmiy asarlar. – T.: Maʼnaviyat, 2000.
-
Hotamov A., Bekniyozov N. Karmana qadimiy diyor. – T.: Oʻzbekiston, 2007.
-
https://www.uzanalytics.com/tarix/10360/
-
Haydarxoʻja Y. Bahouddin Naqshband. – T.: Sano-standart, 2019.
-
Inoyatov S., Hayitova O. Karmana tarix koʻzgusida. – T.: Sharq, 2006; Karmana shahrining Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni. Tarix fan. nom. diss…. – T., 2003.
-
Spencer Trimingham. The sufi orders in islam. Oxford at the Clarendon press. 1971.
-
Mustafoyev S. Karmana azizlari. – T.: Muharrir, 2010; Uning oʻzi: Qosim Shayx Azizon. – T.: Sano-standart, 2013.
-
Navroʻzova G. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va maʼnaviy merosi. – T.: Fan, 2012.
-
Qanaxarov A. Karmana shahrining Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni. Tarix fan. nom. diss…. – T., 2003.
-
Rustamov E. Yassaviy hikmatlarida tarix va hayot sadosi // Oʻzbek tili va adabiyoti. – T., 1972, №4-5; Усмонов М.А. Основние этапи эволюции ислама // автореф. Дисс….д.филос.н. – М., 1978.
-
Sadriddin S.B, Azimov S. Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy. – Buxoro: Buxoro nashriyoti,
-
Xoja Orif Orifnoma. – T.: Navroʻz, 1994.
-
Safarova N. Xojagon tasavvufiy taʼlimotida maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar masalasi. Dissertatsiya, fal.fan.nomzodi. –T.,
-
Sadriddin Salim Buxoriy. Hazrat Mavlono Orif – Buxoro., 2008.
-
Hamidxon Islomiy., Mahmudxon Hasaniy. Mavlono Orif Deggaroniy. –T.: “Falsafa va huquq” nashriyoti, 2007.