Home / MAQOLALAR / ABDULHAY LAKNAVIYNING FIQHIY MASALALARGA OID ASARLARI

ABDULHAY LAKNAVIYNING FIQHIY MASALALARGA OID ASARLARI

Hozirgi kunda islom dini va hanafiy mazhabining asl mohiyatini tushunib yetish ulamolar qoldirgan ilmiy merosga bogʻliq. Bu yoʻlda yurtimizdan chiqqan buyuk allomalar asarlarini oʻrganish bilan cheklanib qolmasdan, balki oʻzga islom oʻlkalaridan yetishib chiqqan ulamolar hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish foydadan holi boʻlmaydi. Xususan, bu borada hind ulamolari qoldirgan ilmiy merosni oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Chunki Hindistonda islom dinining keng yoyilishida yurtimizdan yetishib chiqqan ulamolarning katta hissasi bor. Shu sabab, u yerda musulmonlarning koʻpchiligini hanafiylar tashkil etadi va islom oliygohlarida Buxoro madrasa taʼlim tizimi davom etib kelmoqda. Natijada, hind yurtidan mufassir, muhaddis, mutakallim, tarixchi, tadqiqotchi, tanqidchi, shuningdek, fiqh, usul, mantiq ulamolari yetishib chiqdi. Ular qoldirgan “Fatovo Hindiya”, “Eʼlaus sunan” kabi asarlar nihoyatda mashhur boʻldi. Shunday allomalardan biri Abulhasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy boʻlib, uning yozgan asarlarini oʻrganish muhim sanaladi.

Ushbu maqolada allomaning fiqhga oid risolalari ketma-ketlik, xolislik, qiyosiy tahliliy oʻrganish kabi metodlardan foydalanib yoritilgan. Shu bilan birga, risolalarga alifbo tarzida taʼrif berilib, undagi fiqhiy uslubi, masalalarning tahqiq qilinishi, tugatish tarixi va hajmi bayon qilingan.

Alloma 120 ga yaqin kitob yozgan boʻlsa, ularning 50 dan ziyodi [6:156] fiqh yoʻnalishiga bagʻishlangan. Bu risolalar turli fiqhiy masalalar, ularning fatvolari, salaf va mutaaxxir ulamolarning kuchli fikr va dalillarini oʻz ichiga olgan.

  1. Okomun nafoisi fi adoil azkori bilisanil forisi (Fors tilida zikr qilishga doir nozik masalalar).

Maʼlumki, ajam (arab boʻlmagan) diyorlarida fors tili arab tilidan keyingi muhim til boʻlgan. Bizgacha yetib kelgan shariat manbalarining aksariyati arab tilida yozilgan. Shunday boʻlsa-da, fors tilida yozilgan manbalar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Shu sababli xalqimizda ibodatdagi zikrlarni fors tilida aytish urf boʻlgan. Bu risola fors tilida yozilgan. Unda islom diniga oid asosiy kitoblarda uchramaydigan fors tilidagi ibodatga taalluqli fiqhiy hukmlar jamlangan. Alloma namozga oid, yaʼni azon, unga javob qaytarish, iqomat, namozni boshlashdagi niyat, takbir tahrima (namozga kirishish takbiri), qiroat, tashahhud, qunut duosi, namozdan keyingi duo, sajdai tilovat, juma xutbasi kabi zikrlarning qanday holatda fors tilida aytish joiz va qaysi vaziyatda joiz emasligini bayon qilgan. Masalan, Qurʼoni karimdan bir surani fors tilida oʻrgangan kishi ummiy (savodsiz) deyiladimi yoki yoʻqmi?, Imom janoza namozidagi duoni fors tilida aytishi mumkin yoki yoʻq? kabi masalalarni qamrab olgan. Bundan tashqari, fors tilida yozilgan Qurʼonni ushlash, jonliq soʻyilishida basmalani forscha aytish, haj, imon va boshqa islom ruknlarida fors tilining qoʻllanishi haqidagi masalalarni kiritgan. Laknaviy tomonidan bu masalalar dalillarni keltirish bilan baʼzida qisqa, baʼzida keng bayon qilingan.

Allomaning soʻzlariga koʻra, Abu Hanifa rahmatullohi alayh yuqoridagi zikrlarning forscha aytilishini arab tilida aytishga qodir boʻlgan kishiga ham ruxsat bergan. Ammo ikki shogirdi Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad buni faqat arab tilida mutlaqo soʻzlasha olmaydigan kishigagina ruxsat bergan. Mutaaxxir ulamolar qabul qilgan soʻz ham mana shudir. 

Alloma bu masalalar yuzasidan fatvo berishda sahih hadis toʻplamlari va hanafiy mazhabida moʻtabar sanalgan “Durrul muxtor”, “Hidoya”, “Mujammiʼ”, “Bazzoziyya”, “Muhit”, “Zaxira”, “Qozixon” va boshqa shu kabi manbalardan foydalangan.  

Bu risola hijriy 1292 (1875) yilning 27-jumadussoni oyi shanba kuni yozib tugatilgan. Vafotidan keyin 186 sahifa qilib, nashr etilgan. Alloma bu risolani yozishda 97 ta manbaga murojaat qilgan.

  1. Ihkamul qantarati fi ahkamil basmalati (Basmalaning[1] hukmlaridagi vositani mustahkamlash).

Alloma bu risolada basmalaga oid hukmlarni jamlab, Fotiha surasidagi basmala kabi xilofli masalalarni yoritib bergan. Abdulhay Laknaviy bu risola haqida quyidagilarni aytgan: “Unda basmalaga oid turli xil masalalarni jamladim. Hukmlarni mustahkamlash maqsadida, boshqa foydali masalalarni ham dalillari bilan kiritdim” [1:7].

Risola ikki bobdan iborat boʻlib, birinchi bob basmaladagi ixtilofli masalalar haqidadir. Unda basmalaga oid toʻqqiz xil holat aytilib, bu borada har bir mazhab dalili keltirilgan. Jumladan, hanafiy ulamolari dalilini quvvatlab, quyidagicha naql qilgan: “Basmala alohida bir oyat boʻlib, fotihadan ham va boshqa suralardan ham emas. U suralarni boshlash va ular oʻrtasini ajratib turish uchun qoʻllanadi” [1:25]. Qolaversa, “Basmala fotiha surasidan bir oyat”, “Har bir suraning birinchi oyati”, “U alohida bir oyat emas”,  deguvchilarga qarshi birma-bir dalillarni aytib oʻtgan [1:28].

Keyin basmalani suralardan bir juz ekanini inkor qiluvchi ulamolar fikrini Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislari bilan isbotlab bergan [1:44].

Alloma birinchi bobni quyidagicha yakunlagan: “Ammo mutaaxxir ulamolardan “Basmala Fotiha va har bir suradan bir juz” deguvchilardan koʻra, “U Qurʼondan bir oyat” deganlarning dalili quvvatlidir. Shu sababli, koʻpchilik ulamolar “U Qurʼondan bir oyat, suradan emas” degan fikrga toʻxtadi. Buni angla!” [1: 53].

Ikkinchi bobda basmalaga oid hukmlar bayon qilingan. Masalan, hojatxonaga kirishdan oldin, istinjo vaqti, tahoratni boshlash, Qurʼon oʻqishda basmala aytilishi, bir ishni boshlashda basmalani jahr yoki maxfiy aytish, namozda basmalaning aytilish oʻrni, taroveh namozida ixlos surasini uch marta takror oʻqish makruhligi, qunut va tashahhudni boshlashda basmalani aytmaslik, junub kishining basmalani faqat biror ishni boshlash yoki shukr qilish uchun aytishi joizligi, “Basmala Qurʼondan oyat emas” degan kishining kofir boʻlmasligi va hokazolar haqidagi masalalarni qamrab olgan.

Bu risola hijriy 1289 (1872) yil safar oyining ikkinchi, yaʼni payshanba kuni yozib tugatilgan. Alloma uni yozishda 142 ta manbadan foydalangan. Risola muallifning hayotlik chogʻida 235 sahifadan iborat kitob sifatida nashr etilgan.

  1. Ifodatul xoyri fil istiyaki bisivokil gʻoyri (Boshqaning misvokidan foydalanishdagi yaxshilikni ifodalash).

Alloma bu risolaning yozilish tarixini quyidagicha bayon qilgan: “Odamlar mendan boshqa kishining misvokidan foydalanish joiz yoki mumkin emasligi haqida qayta-qayta soʻrashdi. Bu masalaning joizligini sahih hadislar bilan izohlab berdim. Soʻngra u haqdagi hadis va sahobalardan naql qilingan xabarlarni jamlashni maqsad qildim” [2:12].

Imom Laknaviy bu risolada ham mavzuga bogʻliq hadis, xabar, ulamolar soʻzlari va fatvolarini toʻplab, soʻngra ularning kuchlisini qisqa qilib keltirgan.

Bu risola hijriy 1286 (1869) yil zulqaʼda oyi, payshanba kuni yozib tugatilgan. Alloma uni bir oʻtirishda yozib tugatgan. Hukmlarni “As-Sioya” kitobidan olgan. Risola 112 sahifadan iborat.

  1. Iqomatul hujjati ala annal iksora fit taabbudi laysa bibidʼatin (Koʻp ibodat qilish bidʼat emasligiga hujjat keltirish).

Bu risolaning yozilishiga sabab alloma bir kishining: “Ibodat qilishga tirishish, kechani uxlamasdan ibodat bilan bedor oʻtkazish, namozning bir rakatida Qurʼonni xatm qilish, bir necha yuz rakat nafl namoz oʻqish va shunga oʻxshash ibodatlarni bidʼatga chiqarayotganini  eshitib qoladi. Uning shubhalarini bartaraf etib, raddiya berdi. Ammo bu fitna omma va xosning oʻrtasida yoyilib boʻlgan edi. Ular bor ovozi bilan: “Ibodatda riyozatni koʻpaytirish haqida: “U qabih bidʼatdir. Bu ishlar salaf va xalaf ulamolarning obroʻsiga putur yetkazadi”, deb” mujtahid ulamolardan naql keltirishar edi. Abdulhay Laknaviy bu masaladagi oʻrta yoʻlni bayon qilib, ularga qattiq raddiya bergan [3:12]. 

Alloma bu risola orqali kechasi bilan namoz oʻqish, bir kunda Qurʼonni oʻqib tugatish va shunga oʻxshash tirishqoqlik va riyozat bilan qilinadigan ibodat bidʼat emasligini asoslab bergan. Bu ibodat shariatda man qilinmagani, balki unga targʻib qilinadigan chiroyli ish ekanini taʼkidlagan. Lekin quyidagilarni shart qilib qoʻygan:

  1. Bu ibodatlarda malollanmaslik. Chunki u ibodatdagi lazzat va qalb huzurini ketkazadi.
  2. Nafsiga mashaqqatni yuklamaslik.
  3. Nafl ibodatidan koʻra ahamiyatli ishlarni oʻtkazib yubormaslik.
  4. Ahli oila haqqiga oʻxshash shariat buyurgan haqlarga tajovuz qilmaslik.
  5. Shariat ruxsat bergan ishni bekorga chiqarmaslik.
  6. Shariat vojib qilmagan ishni oʻziga vojib qilish va shariat harom qilmagan narsani oʻziga harom qilmaslik.
  7. Ibodat arkonlarini toʻla-toʻkis bajarish.
  8. Farz ibodatlarida davomli boʻlish. Ularning vaqtini uzrsiz oʻtkazib yubormaslik.
  9. Kishining ibodatdagi gʻayrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar qilgan ibodatlarini kam sanashga sabab boʻlmasligi [3:40].

Bu risola hijriy 1291 (1874) yil rabiussoniy oyining yigirmanchisi, yaʼni juma kuni yozib tamomlangan. Uni Abdulfattoh Abu Gʻudda Halab shahrida nashr ettirgan. 156 sahifadan iborat.

  1. Imamul kalomi fimo yataʼallaqu bilqiroati xolfal imami (Imomning orqasida qiroat qilishga taalluqli boʻlgan fatvoning sarasi).

Muqtadining (namozda imomga ergashgan kishi) imom orqasida fotiha surasini oʻqishi yoki oʻqimasligi hanafiylar va ahli hadis oʻrtasidagi tortishuvli masalalardan biri hisoblanadi. Bu masalani Abdulhay Laknaviy quyidagicha bayon qilgan: “Men bu bahsli masalada haqiqatni roʻyobga chiqarish uchun koʻplab manbalarga murojaat qildim. Natijada, bu masalada haqiqatni tan olmasdan oʻz fikrida mahkam turib olgan va talashib tortishadiganlardan yuz oʻgirdim. Chunki ular haqiqatni koʻrmaydigan va eshitmaydigan kishilar toifasidan edi. Vaholanki, men har bir bahsda oʻrta yoʻlni tutardim. Lekin ular na quloq solishar, na diqqat-eʼtiborini bu masalaga qaratardi. Shu sababdan xolis niyatli bir toifa mendan bu masala haqida bir risola yozishimni talab qildi. Men ularning talabini rad etishga biror uzr topolmadim. Eʼtiborimni ularning maqsadini roʻyobga chiqarishga qaratdim” [4:10].

Bu risola uch bobdan iborat. Birinchi bobda ushbu masala yuzasidan sahoba va ulardan keyingi ulamolar tomonidan bildirilgan ixtilofli fikrlar keltirilgan. Shu bilan birga, har bir fikr bildiruvchining dalili va mazhablar oʻrtasidagi usul va furuʼ qoidalari aytib oʻtilgan. Alloma bu dalillarga oʻz eʼtirozini bildirgan oʻrinlar ham bor. Ikkinchi bobda toʻrtala mazhab sohiblarining Qurʼon, sunnat, ijmoʼ va qiyosdan iborat dalillarini keltirgan. Alloma uchinchi bobda dalillarning eng kuchlilarini bayon qilgan. Bu borada quyidagi soʻzlarni aytgan: “Imomning orqasida qiroat qilish masalasi haqida kelgan dalillarning barchasi suyanadigan sanadi bor hadislardir. Ammo “Imomning orqasida Fotihani qiroat qilganning namozi buziladi” degan masalaga birorta sanadi ishonchli sahih hadis topmadim. Chunki hamma makruh yoki bidʼat ham namozni botil qilmaydi” [4:228].

Bu kitob hijriy 1304 (1887) yil Alaviyya nashriyotida allomaning “Gʻaysul gʻumom” asarini hoshiya qilgan holda 240 sahifada nashr qilingan. 1411/1991-yil ham Usmon tahqiqi ostida qaytadan chop etilgan.

  1. Al-Ifsohu an shahodatil marʼati fil irzoʼi (Emikdosh ayolning guvohlik berishi haqida).

Abdulhay Laknaviyga ushbu savol bilan murojaat qilindi: “Bir kishi bir ayolga uylangach, qaynonasi boʻlajak kuyovini yoshligida emizganini daʼvo qildi. Kuyov inkor qildi. Ammo ayol uni emizganiga na bir ayol va na bir erkakni guvoh qila olmadi. Shunda bu ayolning daʼvosi qabul qilinadimi yoki yoʻqmi?

Alloma bu savolga javob berib, unda emikdosh shaxslarga oid masalalarni bayon qilgan. Risolani ikki qismga boʻlgan. Birinchi qism, bir ayolning soʻzi va nikohdan keyin kelin-kuyovni emizgani haqidagi guvohligining qabul qilinmasligini oʻz ichiga oladi. Bu masalani yoritishda hadis va xabarlarni ulamolar soʻzi va fiqhiy dalillarga qoʻshib keltirgan.

Ikkinchi qism: “Yolgʻiz ayol guvohligi qabul qilinmasligi, uning nikohdan oldin emikdoshlik haqida aytgan soʻzi” masalalarini oʻz ichiga olgan. Unda ham koʻpgina fiqhiy dalillarni keltirib oʻtgan.

Alloma bu risolani hijriy 1286 (1870) yil shavvol oyining toʻqqizinchi kuni yozib tugatgan. Ushbu risola 1299/1882-yil Mustafo nashriyotida 40 sahifa qilib nashr etilgan.

  1. Al-Insofu fi hukmil eʼtikof (Eʼtikof hukmlaridagi xolislik).

Abdulhay Laknaviy bu risolaning yozilish sababini quyidagicha bayon qilgan: “Men bilan baʼzi imomlar oʻrtasida 1282/1866-yilda bir majlisda eʼtikof haqida tortishuv boʻlib oʻtdi. Yaʼni eʼtikof sunnati muakkada boʻlgan holda farz kifoyami yoki farz aynmi? Birinchi oʻlchovga koʻra, shahar ahliga janoza namozi kabi farzi kifoyami yoki mahalla ahliga jamoat bilan taroveh namozini ado qilish kabi sunnati kifoyami? Yigʻindagilarning barchasi bu savollarga fiqh kitoblarining birontasiga murojaat qilmasdan koʻngliga kelganicha javob berdi. Shunda men sogʻlom va toʻgʻri fikrni bildirish uchun bir risola yozishni niyat qildim” [5:85].

Muhammad Abdulboqiy allomaning eʼtikof haqidagi fikrini quyidagicha bayon qilgan: “Eʼtikof  – nazr qilgan kishiga vojib, Ramazonning oxirgi oʻn kunligida shahar ahliga kifoya sunnat, boshqa kishilarga mustahab boʻladi” [7:33].

Alloma bu qisqa risolani 1284/1868-yil Ramazon oyining toʻqqizinchisi, yaʼni yakshanba kuni yozib tugatgan.  

Bu risolaga Muhammad Abdulgʻofur Ramazonfuriy “Al-Isʼafu bitahshiyyatil insofi” deb nomlangan hoshiya yozgan. Unda risoladagi baʼzi sirli mavzular va hadis roviylari ismi va tarjimayi holi yoritib berilgan. 

Bu risola 1303/1886-yil Mustafo nashriyoti tomonidan boshqa risolalar bilan jamlangan holda chop etilgan.

Umar Rizo Kahola bu risolani Abdulhay Laknaviyning otasi yozgan, deb xato qilgan [8:129].

Allomaning “Tuhfatul axyor fi ihyai sunnati sayyidul abror” (“Abrorlar sayyidining sunnatini tiriltirishda axyorlar tuhfasi”), “Tuhfatut talaba fi tahqiqi masʼhur raqaba” (“Boʻyinga masʼh tortish haqida”), “Tuhfatul nubalau fi jamaʼatin nisai” (“Ayollar jamoati haqida mashhur fatvolar”), “At-tahqiqul ajibu fit tasvibi” (“Tasvib*dagi ajoyib haqiqatlar”), “Sabohatul fikri fil jahri bizzikri” (“Zikrni jahr qilishdagi afzal fikr”) kabi fiqhga oid risolalari bor. Ularda ham hanafiy mazhabi ulamolarining fikr va mulohazalari yoritilib, afzallik jihatlari isbotlab berilgan.

Oʻtgan ulamolar ilmiy merosidan xabardor boʻlish bizga hanafiy mazhabini chuqur oʻrganish bilan birga, aqidaviy, ijtimoiy, axloqiy, huquqiy masalalarni tadqiq qilishga ham yordam beradi. Bular bugungi avlodga ibrat va oʻrnak boʻladi, toʻgʻri yoʻldan adashmaslik uchun poydevor vazifasini oʻtaydi. Aksincha, islom ummatining baʼzi ilmlardan bexabar qolishi yoki kam qismi bilan cheklanishi musulmonlar ahvolining yomonlashishiga, nizolar koʻpayishiga, xusumatchilar oʻrtasida janjal kelib chiqishiga sabab boʻladi. Abdulhay Laknaviy qisqa umri davomida qoldirgan boy ilmiy merosi yurtimizda hanafiylik mazhabini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilishda birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi.

Yuqorida Abdulhay Laknaviyning asar va risolalarini tadqiq qilish orqali quyidagi takliflarni bildirish mumkin:

  1. Allomaning hanafiylik taʼlimoti asosida yozgan asarlarini yanada chuqur oʻrganish.
  2. Hozirgi kundagi ayrim ixtilofli masalalarga alloma fatvolari boʻyicha javob berish.
  3. Alloma asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish.

Xalqimiz va yoshlarimiz ongiga hanafiylik taʼlimotini singdirishda alloma asarlaridan qoʻllanma sifatida foydalanish

* Muazzinning azondan keyin masjid hujralaridagi kishilarni namozga chorlovi

[1] Basmala – Bismillahir rohmanir rohiym.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulhay Laknaviy. Ihkamul qantarati fi ahkamil basmalati. – Ummon: Dorul Bishir, 2002.
  2. Abdulhay Laknaviy. Ifodatul xoyri fil istiyaki bisivokil gʻoyri. – Laknav: Jashmatu fayz, 1886.
  3. Abdulhay Laknaviy. Iqomatul hujjati ala annal iksora fit taabbudi laysa bibidʼatin. – Halab: Matbuotul islamiyya, 1966.
  4. Abdulhay Laknaviy. Imamul kalomi fimo yataʼallaqu bilqiroati xolfal imami. – Jidda: Maktaba Savvodiy, 1991.
  5. Abdulhay Laknaviy. Al-insofu fi hukmil eʼtikof. – Bayrut: Darul bashairul islamiyya, 1999.
  6. Valiyuddin Nadaviy. Abdulhay Laknaviy allamatul hind va imamul muhaddisina val fuqohai. – Damashq, 1995.
  7. Muhammad Abdulboqiy. Hasratul fuhuli bivafati noibir Rasuli. – Laknav: Anvor Muhammadiy, 1887.
  8. Umar Rizo Kahola. Muʼjamul muallifin. – Bayrut: Risola, 1993.
OTABEK BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMOM MOTURIDIY QARASHLARIDA IMON MASALASI

Ahli sunna val jamoa aqidasi bayon qilingan diniy adabiyotlarning aksariyatida imon masalasiga qisqacha yoki batafsil …