Home / ALLOMALAR / BADRUDDIN AYNIYNING MAʼNAVIY MEROSI VA HADIS ILMIGA OID ASARLARI TAHLILI

BADRUDDIN AYNIYNING MAʼNAVIY MEROSI VA HADIS ILMIGA OID ASARLARI TAHLILI

Badruddin Ayniy mamluklar davrining koʻzga koʻringan katta alloma, muhaddis va faqihlaridan biri boʻlgan. U Markaziy Osiyo diyori hanafiy fiqhida maʼlum va mashhur boʻlgan “Hidoya” kitobini sharhlash bilan bir qatorda, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asariga ham nihoyatda mukammal sharh yozgan. Alloma faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari va tasnif etgan asarlari ayniqsa, Movarounnahr allomalarining qalamiga mansub asarlardan tahsil olib, keyinchalik ularga yozgan sharh va hoshiyalari bilan islom dini rivojiga qoʻshgan hissasi hanafiy olimlari tomonidan yuksak baholanadi.

 Badruddin Ayniy yashab, faoliyat yuritgan davr – Misr va Shom diyorlarida hukmronlik qilgan mamluklar davriga (1250-1517) toʻgʻri keladi. Mazkur davrda Misrdagi ijtimoiy-siyosiy, diniy, iqtisodiy, davlatchilik, maʼmuriy va boshqa koʻrinishdagi masalalar: Ibn Asir, Maqriziy, Ibn Xaldun, Ibn Hajar Asqaloniy, Badruddin Ayniy, Zohiriy, Ibn Tagʻriberdi, Abdurahmon Saxoviy, Jaloliddin Suyutiy kabi Oʻrta asr olimlari tomonidan yaratilgan asarlarda oʻz aksini topgan. Ular orqali siyosiy, diniy-ijtimoiy muhiti va mamlakatda roʻy bergan koʻplab voqea-hodisalar haqida maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin.

Maqolada Badruddin Ayniy tarix va hanafiy fiqhiga oid yozgan asarlari “Aqd al-Jamon fi tarix ahl az-zamon”, “Al-Binayatu fi sharh al-hidaya”, “Magʻonil axyar fi rijal maʼanil” kabilardan tashqari, mamluklar davri va undan keyin yashab ilmiy faoliyat yuritgan Ibn Hajar Asqaloniy, Muhammad ibn Abdur Rahmon as-Saxoviy, Hoji Xalifa, Ibn Tagʻribardi kabi olimlar asarlari asosida tahlil qilindi. Xususan, “Adurar al-kamina fi aʼyan miat al-samina”, “Kitob at-tibr al-masbuk fi zayl is-suluk”, “Kashfuz zunun an asam al-kutub val-funun”, “An-nujum az-zohiroh fi muluk Misr va al-Qohira” va boshqalar shular jumlasidandir.

“Umdat al-qoriy sharh Sahih al-Buxoriy” asari muallifi Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf ibn Mahmud Halabiy boʻlib, u 762/1361-yil ramazon oyining 17-sanasida Aynatob shahri*da tavallud topdi [5:5, 9:418, 13:198]. Olim “Buyuk imomlarning imomi”, “Buyuk muhaddis”, “Asrining shayxi va faqihi”, “Misr diyori olimi”, “Qozi ul-quzzot”, “Shayxul islom” kabi unvonlarga sazovor boʻlgan, “Abus Sano”, “Abu Muhammad” kabi kunyalari va “Badruddin Ayniy” kunyasi bilan tanilgan.

Uning otasi Shihabiddin Ahmad ibn Qoziy Sharafuddin Muso (725/1325 yil tugʻilgan) asli halablik boʻlib, keyinchalik Aynatobga koʻchib borgan. U yerda qozilik lavozimida faoliyat yuritgan.

Ibn Hajar va Imom Saxoviy aytganidek, Badruddin Ayniy ushbu shaharda dunyoga kelib, shu yerda voyaga yetgan [16:378]. U ilk bor, sharʼiy bilimlar – Qurʼon hifzi, fiqh ilmini otasidan, sakkiz yoshga yetgach boshqa shayxlardan yetti qiroat, hanafiy fiqhi, arab tili, tafsir, mantiq kabi fanlar boʼyicha tahsil oladi. 783/1381-yilda ilm olish maqsadida Halabga yoʻl olib, u yerda Jamoliddin Yusuf ibn Musa Maltiydan hanafiy fiqhiga oid kitoblarni oʻrganadi. Safardan qaytgach, otasi Shihabiddin Ahmad 784/1382-yilda Aynatobda vafot etadi. 785/1383-yili Damashqqa hadis ilmini oʻrganish uchun safar qiladi va hadis ilmiga ixtisoslashgan “Nuriya” madrasasida tahsil olishni boshlaydi. Keyinchalik bir muddat Halabda ham ilm safarida boʻladi [5:5].

Badruddin Ayniy 788/1386-yili haj qilib, Hijoz oʻlkasiga ilm talabida safarga chiqadi. Soʻng Bayt al-Maqdisni ham ziyorat qiladi. Shu asnoda haj ziyoratiga chiqqan Sharq allomasi Alouddin Ali ibn Ahmad ibn Muhammad Sayramiyni (vaf. 790/1388) uchratadi. Shayxga hamroh boʻlib, undan ilm oladi. Ularga Mamluklar sultonligi amiri Zohir Barquqning (hukm. dav. 784-801/1382-1399) yaqinda qurdirgan katta Barquq madrasasiga ulamolarning dars berishi uchun taklifnoma eʼlon qilingani toʻgʻrisida xabar yetadi. Badruddin va ustozi Shayx Alouddin Sulton Zohir Barquq (vaf. 801/1399)ning dinga va ilmga boʻlgan munosabatini koʻrib, Qohiraga yoʻl oladi. Ularni hurmat-ehtirom bilan kutib olishadi. Madrasaning ochilishida ilmiy yigʻilishda Shayx Alouddin Sayramiy tabarrukan birinchi darsni oʻtib beradi. Ilmiy majlisda sultonlar, amirlar va ayonlar ham ishtirok etadi. Qozi Nuriddin ibn Xatibning aytishicha, Sulton Zohir Barquq Alouddin Sayramiyni oʻzi asos solgan madrasaga bosh shayx (murabbiy) qilib tayinlaydi. 788-yili Sayramiy shogirdi Badruddin Ayniyni oʻziga yordamchi qilib oladi. Badruddin Ayniy yana ilm olishda davom etib, shayxi Alouddin Sayramiy va boshqa Qohiradagi ulugʻ shayxlardan hadis ilmiga oid asarlarni, sunan kitoblarni, jumladan, Ahmadning “Musnad”i, Doraqutniy va Dorimiyning “Sunan”i, Bagʻaviyning “Masobih us-sunna”, Nasoiyning “Sunani Kubro”si kabi kitoblar boʼyicha tahsil oladi va oʻzi ham olimlik darajasiga yetadi. Shayx Sayramiy vafoti (790/1388)dan soʻng, uning oʻrniga Zohiriya madrasasida bosh shayx etib tayinlanadi [12:232].

 Badruddin Ayniy turli ilmiy markazlarda ilm talabida boʻlib, koʻplab katta ustoz va ulugʻ shayxlarning ilmiy suhbatlaridan bahramand boʻlishi bilan birga ularning taʼlim-tarbiyasini ham oladi. Ustoz va shayxlari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan “Muʼjam ush-shuyux” (“Shayxlar haqida qomus”) nomli bir kitob ham tasnif etgan [5:12].

Muhaddisning eng ulugʻ ustozlaridan biri Hofiz Zayniddin Abdurahim Iroqiy (vaf.806/1403) boʻlib, 788/1386-yili Qohirada Badruddin undan “Sahihul-Buxoriy”ni Shahobiddin Ahmad ibn Muhammad qiroati bilan eshitgan. Hofiz Sirojiddin Balqiniyning (vaf. 805/1402) “Mahasin al-istilah” (“Atamalarning afzalliklari nomli”) asarini eshitgan, buyuk muhaddis Taqiyyuddin Muhammad ibn Muhammaddan (vaf. 809/1406) “Sahihul Buxoriy”, “Sahihul Muslim” va Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Nasoiyning sunanlarini va Dorimiy, Abd ibn Humayd va Ahmadning musnadlarini eshitgan. Ustozlaridan yana biri Ali ibn Muhammad Faviy boʻlib, Badruddin Ayniy undan Nasoiyning “Sunan Kubro” asarini va Doraqutniyning sunanidan ayrimlarini va Ibn Molikning “Tahsil” asarini rivoyat qilgan. Hofiz Nuriddin Abul Hasan Ali Haysamiydan bir qancha kitoblarni eshitgan. Yana Badruddin Ayniyning ustozlaridan biri Qutbiddin Abdukarim ibn Taqiy ibn Hofiz Halabiy boʻlib, unga shogirdi Badruddin Ayniy Tabaroniyning uchta moʻjam kitobini oʻqib bergan. Sharafuddin Muhammad ibn Muhammad (vaf. 821) ham Badruddin Ayniyning ustozi boʻlib, u kishidan Qozi Iyozning “Shifo” kitobini, Imom Abu Hanifani “Musnad” kitobini eshitgan. Shayx muhaddis Zayniddin Toʻgʻribermish ibn Yusuf Turkmaniydan Abu Jaʼfar Tahoviyning “Maʼon al-osor” kitobini eshitgan. Shayx Qozi al-quzzot Najmiddin ibn Ahmad ibn Imodiddin boʻlib, undan “Sahihul-Buxoriy”ning ayrim boblarini tinglagan [22:125, 16:132].

Bundan tashqari, fiqh ilmini Ahmad ibn Xos Turkiydan (vaf. 809/1406), qiroat ilmini Abu Fath Asqaloniydan (vaf. 793/1391) oʻrgangan. Damashqdagi Nuniya madrasasida Najmiddin ibn Keshk Hanafiyga (vaf. 799/1397) “Sahihul Buxoriy”ni oʻqib bergan. Bulardan boshqa ustoz va shayxlardan ham koʻplab ilmlarni oʻrgangan va bu borada yuqorida zikr qilingan asarida qaysi ustozlaridan qanday kitob oʻqigani yoki tinglagani toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berilgan.

Abul Muhasin Jamoliddin Yusuf ibn Tagʻribardi “Al-Manhalus sofiy val mustavfa baʼd al-vafiy” asari [13:193] da keltirishicha, Badruddin tafsir, hadis va arab tili grammatikasiga oid kitoblardan tahsil olgan. Jumladan, tafsir ilmi boʻyicha Zamaxshariyning “Kashshof”, Nasafiyning “Tafsir Nasafiy” va Alouddin Samarqandiyning “Bahrul ulum” (“Ilmlar ummoni”) kabi tafsirlarni mutolaa qilgan. Shuningdek, hadis ilmida “Kutub sitta” (“Oltita ishonchli hadis toʻplami”), Imom Ahmadning “Musnad”i, Bayhaqiy va Doraqutniyning “Sunan”i, Humayd Keshiyning “Musnad”i kabi hadis toʻplamlari hamda Tabaroniyning “Muʼjam” kitoblarini oʻqigan.

 Badruddin Ayniy ilm oʻrganish bilan birga ilm markazlarida uning darslarini tinglovchilar va koʻpgina shogirdlari boʼlgan. Manbalarda Qohira va boshqa diyorlardagi ilm markazlarida ustoz boʻlib ishlaganidan tashqari, “Muayyadiyya” madrasasining oʻzida 40 yil davomida ustozlik qilib, shogirdlariga hadis fanidan dars bergani taʼkidlab oʻtilgan [5:8]. Shu oʻrinda, Imom Saxoviy ham, bu muhaddis atrofidagilarga husni muomala va tavozeʼ bilan hadis ilmi va boshqa fanlardan dars oʻtgan hamda kerakli masalalar yuzasidan fatvo bergan. Uning ismi mashhur boʻlib, hatto din peshvolari ham kelib, undan toʻrt mazhabga oid ilmlarni oʻrganganini alohida qayd etadi [16:135].

 Badruddin Ayniydan Imom Muhaqqiq Kamoliddin ibn Himom, Hofiz Alloma Qosim ibn Qutlubugʻo, Hofiz Shamsiddin Muhammad ibn Abdurrohman Saxoviy, Shom diyorlari muhaddisi Nosiriddin Abulbaqo Muhammad ibn Abu Bakr, Alloma Abulfath Muhammad ibn Muhammad, Muhibiddin Muhammad ibn Muhammad Misriy, Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ali Qurashiy, Abulvafo Muhammad ibn Xalil Hanafiy, Badruddin Hasan Hanafiy, Alloma Zayniddin Kuxtoviy, Qozi al-quzzot Izziddin Ahmad Kattoniy Hanbaliy, Shayx Kamoliddin Molikiy, Qozi Nuriddin Ali Hanafiy va Abul Muhasin Jamoliddin Yusuf ibn Tagʻribardi kabi koʻplab islom olamida mashhur boʻlgan zamondosh taniqli ulamolar tahsil olgan [13:196]. Badruddin vafot etgan vaqtda Jaloliddin Suyutiyning yoshi kichik boʻlgani sabab, biror kitobni undan oʻqib shogird boʻlmagan boʻlsa-da, Suyutiy undan umumiy ijoza yoʻli bilan rivoyat qilgan.

Badruddin Ayniy hadis va fiqh ilmlarini oʻrganishni istab kelgan oʻzining xos shogirdlariga 814/1411-yilda “Al-Azhar” masjidi va yashaydigan uyi yaqinida bir madrasa barpo qildi. Tasnif etgan kitoblarini madrasaga vaqf qildi [20:290]. Bu madrasa bugungi kunga qadar saqlangani, izlanishlar natijasida aniqlandi.

U Qohirada qozilik, gʻaznachilik, yirik madrasalarda ustozlik kabi oliy, ilmiy va maʼmuriy mansablarni egallagan, hatto vaqf ishlarida Sulton (Vaziri) yordamchisi boʻlib (819/1416) ishlagan. Sulton Barsboy davrida, 829/1426-yildan boshlab, hanafiy mazhabi qozisi lavozimida oʻz faoliyatini davom ettirdi [8:347,351].

Qozilik ishlari faqat shaxsiy holat boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish bilan cheklanib qolmay, balki unga topshirilgan fuqarolik, jinoiy ishlarni koʻrib chiqish, masjidlarga imomlarni tayinlash, zarbxonani nazorat qilish, pulning xavfsizligini taʼminlash va boshqa shu kabi vazifalar ham yuklatilgan edi. Bunday masʼuliyatli ishlarning ogʻirligiga qaramay, Badruddin Ayniy 818/1415-yilda ochilgan “Muayyadiyya” madrasasida hadis ilmidan, “Mahmudiya” madrasasida esa, fiqh, tarix, grammatika, adabiyot kabi fanlardan dars berar edi. Ushbu dargohlardan buyuk hanafiy faqihi Kamol ibn Hamam, Ibn Tagʻribardi, Abdurahmon Saxoviy va Abul Fazl Asqaloniy kabi shogirdlari yetishib chiqdi [3:297].

 Badruddin Ayniy Misrda oʻz davrining koʻplab hukmdorlari – sultonlari bilan zamondosh boʻlib, ular bilan yaxshi munosabatda boʻlgan. Hatto Sulton Muayyadning vakili sifatida Rim yurtiga 823/1420-yilda elchi sifatida borgan [12:135].

Sulton Ashraf Barsboy davrida Badruddin Ayniy Bosh qozilik lavozimida ishlab, hukmdorning safarlarida hamrohlik qilar edi. U istagan vaqtda Sultonning boshqaruv kengashiga kirib, u bilan xohlagan ishlari yuzasidan maslahatlashardi. Badruddin Ayniy turkiy tilni yaxshi bilgani sabab, Sulton Barsboy bilan munosabatlari kuchayib, ular oʻrtasida ustoz-shogirdlik munosabatlari paydo boʻlgan. Ibn Tagʻribardining aytishicha, Sulton undan diniy ilmlardan va tarix fanidan saboq olgan [10:111]. Sulton Barsboy (vaf.842/1438) huzurida kechalari soatlab qolib, islom shariati va fiqhga oid masalalarni unga tushuntirar va tarixdan ayrim narsalarni unga oʻqib berar edi. Sultonga turkiy til boʻyicha tarjimonlik qilgan. Sulton ilm istab shayxning qoʻlida shogird boʻlib, atrofdagilarga faxr bilan: “Qozi Ayniy boʻlmaganida, islomimiz goʻzal boʻlmasdi, saltanatda qanday yurishni ham bilmas edik” [22:12,14], deb aytar edi. Sulton Barsboy ustozi Ayniyni shu darajada ulugʻlar va ishonar ediki, kelgan delegatsiyalarni qabul qilishda Sulton nomidan ish koʻrishni soʻragan hamda qoʻshni diyorlardan kelgan maktublarni tarjima qilishni unga topshirgan.

Badruddin Ayniy davlat maʼmuriy ishlardan gʻaznachi, vaqf ishlari masʼuli va bosh qozi kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Mamluklar davlatidagi ayrim siyosiy-ijtimoiy sabablarga koʻra, tayinlangan lavozimidan chetlatilar, ayrim vaqtlarda yana qayta tayinlanar edi. Ilk marotaba Qohira gʻaznachiligiga 804/1401-yil Taqiyyuddin Maqriziyning oʻrniga tayinlanib, oʻsha yili ishdan chetlatilgan [15:377]. Ikkinchi marotaba 819/1416-yilda tayinlanib, 853/1449-yilga qadar faoliyat yuritgan.

Bosh qozilik lavozimiga ham ikki marotaba tayinlangan boʻlib, birinchi marta 829/1425-yildan 833/1429-yillargacha, ikkinchi marta, 837/1433-yildan 842/1438-yilgacha bosh qozilik lavozimida faoliyat yuritgan.

838/1434-yili Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli Shohrux Mirzo (1377-1447) kisva (Kaʼba poʻsh)ni Kaʼbaga yopishni nazr qilgani uchun Mamluk Sultoni Ashraf Barsboydan ushbu sharafli ishni amalga oshirishni soʻrab elchi yubordi. Sulton bu masalani muhokama qilish uchun toʻrt mazhab boshliqlarini jalb qiladi. Ular oʻrtasida bahs uzoq davom etadi. Badruddin Ayniy bu nazr qilingan ishning holatini oʻrganib chiqib, uning qilgan nazri bogʻlanmaganini aytadi. Ibn Hajar esa, bu ishni amalga oshirish Haramayn masʼullaridan boshqalarga joiz emasligini aytadi. Kengash yigʻilishi yana uzoq davom etgandan soʻng Ayniyning bergan javobi bilan yakun topadi. Sulton “Ayniyning javobi kisvani kaʼbaga yopishdan Shohruxni mahrum qilgani zoʻr ish boʻldi” deb, maqtar edi [23:928]. Chunki Shohrux bundan oldin ham bir necha marta Sulton Barsboydan “Fath al-Boriy” hadislar toʻplamini va Kaʼbaga kisvani yopish xizmatini soʻraganida rad javobini olgan edi. Keyinchalik Sulton Zohir Jaqmoq davrida soʻraganida unga ruxsat beriladi. Bu ishni amalga oshirishga Bosh qozi Ibn Hajarni masʼul qilib tayinlaydi [16:297].

Mamluklar davri boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borgan Z.Aripova oʻz tadqiqotlarida Misrning maʼmuriy va ilmiy sohalarida koʻzga koʻringan Ibn Hajar qalamiga mansub boʻlgan “Sahihul Buxoriy”ning sharhi – “Fath al-Boriy” asari islom olamida mashhur boʻlganda, temuriy sulton Shohrux Mirzo katta qiziqish bildirgani toʻgʻrisida maʼlumot bergan [26:5]. Shuningdek, uning fikricha, XIII-XV asrlarda Misrda hukm surgan Mamluklar sultonligi davrida til, tarix va anʼanalar jihatidan Markaziy Osiyo va Misrning juda koʻp oʻxshashliklari mavjud va ularni oʻrganish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Badruddin Ayniy hayoti davomida quyidagi toʻqqizta: Zohir Barquq, Faraj ibn Barquq, Mansur ibn Barquq, Muayyad Shayx, Zohir Totor, Muhammad ibn Zohir, Ashraf Barsboy, Yusuf ibn Ashraf va Zohir Jaqmoq kabi Mamluk sultonlari bilan hamkorlikda ishlab, diniy-ijtimoiy masalalarda maslahatchi boʻlgan [1:241, 244]. Bu olim haqida yozilgan barcha manbalarda olimning sultonlar bilan yaxshi munosabatda boʻlib, diniy-maʼrifiy ishlarda ularga koʻmak bergani toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan.

Har bir sulton taxtga oʻtirganida, odatda, hadyalar, koʻpincha, uning siyrati haqida, maqtov va pand-u nasihatlar yozilgan asar taqdim etilar edi. Shuning uchun, bu odatga koʻra, koʻpgina ulamolar Mamluk sultonlari toʻgʻrisida siyrat va tarojim kitoblar yozgan. Jumladan, Ayniy ham Sulton Muayyad, Zohir Totor va Ashraf Barsboy siyrati haqida kitob tasnif etgan.

Badruddin Ayniy yashagan davrda Misr masjidlari va madrasalarida katta olimlar oʻrtasida turli ilmiy munozaralar, savol-javoblar boʻlgan, Ayniy ham ana shunday bahs-munozaralarda ilmiy salohiyati bilan koʻzga koʻringan olimlardan edi. Ibn Hajar Badruddin Ayniydan oʻn ikki yosh kichik boʻlib, bu ikki zamondosh oʻrtasida qizgʻin ilmiy bahs-munozaralar boʻlib turgan. Ularning ikkalasi ham imom, faqih va tarixchi boʻlib, oʻz mazhabida yetakchilik qilgan. Ibn Hajar – shofeiy, Badruddin Ayniy esa hanafiy mazhabining yetuk olimlaridan boʻlib, ularning har biri qozilik lavozimida faoliyat olib borgan. Ularning har birining tarafdor va yordamchilari boʻlgan. Ular “Sahihul Buxoriy”ga bir davrda mukammal sharh yozgan. Ibn Hajar Badruddin Ayniy “Umdat al-qoriy” nomli sharhidagi ayrim maʼlumotlarni oʻzining “Fath al-Boriy” nomli hadislar sharhi kitobidan koʻchirilganlikda ayblagani va iqtibos keltirsa-da, Ibn Hajarga ishora qilmagani ular oʻrtasidagi kelishmovchilikning avj olishiga sabab boʻlgan [19:392]. Bu masala haligacha tadqiqotchilar oʻrtasida bahs-munozara mavzusi boʻlib kelmoqda. Bu ikki buyuk muhaddis oʻrtasida qanday masala boʻlmasin, ular hadis ilmida va boshqa fanlarda yozib qoldirgan ilmiy merosi butun islom ummati uchun asosiy manba sifatida xizmat qilayotganiga guvoh boʻlish mumkin.

Ular oʻrtasidagi raqobat ulardan birining ikkinchisidan istifoda qilishiga toʻsqinlik qilmagan. Darhaqiqat, Ibn Hajar Ayniy ilmidan istifoda qilganini aytgan hamda undan “Sahihi Muslim”dan ikki hadisni va “Musnadi Ahmad”dan bitta hadis eshitgan. Ibn Hajar Asqaloniy ustozlari haqidagi “Al-Mujammaʼ al-muassis lil muʼjam al-mufahris” (“Fihrisli qomus asoschisi va toʻplovchisi”) nomli kitobida Badruddin Ayniy uchun alohida sarlavha ajratib, uchinchi tabaqa shayxlari qatorida zikr qilgan [8:347]. Shuningdek, Imom Saxoviy ham “Az-Zavʼ al-lameʼ” nomli kitobida Ibn Hajar oʻlimidan oldin bemor boʻlib yotganida, Badruddin Ayniy uni ziyorat qilib, Zaynul Iroqiydan eshitgan hadislarini aytib berishini soʻraganini taʼkidlab oʻtgan [16:131].

 Badruddin Ayniy naqliy va aqliy bilimlarda asrining imomi, furuʼ va usul masalalarida oʻz zamonasining yagona olimi boʻlgan. Ilmiy bahslarda chuqur ilmi va goʻzal xulqi bilan barchaga namuna boʻlgan. Mukammal kitob yozishda buyuk olimlar orasidan ajralib turganki, hatto hadis, fiqh, tarix, arab grammatikasi yoʻnalishlarida koʻplab kitob tasnif etgan.

Badruddin Ayniy Ibn Hajarning vafotidan uch yil keyin, yaʼni 855/1451-yilda 91 yoshida vafot etadi. Tongda “Al-Azhar” masjidida janoza namozi oʻqilib, oʻzi qurdirgan madrasada dafn etiladi [22:81; 17:661]. Keyinchalik bu madrasaga “Sahihul Buxoriy”ning sharhi – “Irshadus Soriy aʼla Sahihul Buxoriy” (“Safar qiluvchini Sahihul Buxoriyga yoʻllash”) asari muallifi yana bir muhaddis Shahobuddin Ahmad Qastaloniy (vaf. 923/1517) ham dafn etilgan.

Badruddin Ayniy Umm al-Xoyr (vaf. 819/1416) ismli ayolga uylangan va sakkiz nafar farzand dunyoga kelgan. Ular ham vafot etganlarida Ayniy qurdirgan madrasaga dafn qilingan [16:156, 234].

Maʼlumot oʻrnida shuni aytish mumkinki, Qohiradagi “Qasr al-Ayniy” nomli shifoxona uning nabirasi – Shahobiddin Ahmad ibn Abdurahim ibn Mahmud Ayniyga mansub boʻlib, u oʻz davrining taniqli amirlaridan biri boʻlgan [11:183]. Shifoxona 870/1466-yilda mamluklar davrida qurilgan boʻlib, bugungi kunda tibbiyot maskani sifatida faoliyat olib bormoqda.

Imom Badruddin Ayniy oʻz zamonasida eng koʻp kitob tasnif etgan imomlardan sanaladi. Bu borada Imom Saxoviy Ayniy kabi koʻp kitob tasnif etganlar qatorida yana Ibn Hajarni (773/1372-852/1449) zikr qilib oʻtadi.

Badruddin Ayniyning turli mansablarga ega boʻlishi, qozi va mudarris sifatida faoliyat yuritganiga qaramay, bu hol uning ilm va asar tasnif etishni davom ettirishiga toʻsqinlik qilmadi. Shuning uchun u turli mavzularda koʻplab kitoblar yozdi. Ilk asari “Malah al-alvah sharhu Mirah al-arvah” (“Yorqin qaydnoma nomli Mirahul arvah asariga sharh”) boʻlib, uni 19 yoshida yozgan. Olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Ayniy turli yoʻnalishlarda yetmish ikkiga yaqin asar tasnif etgani aniqlandi [16:137; 22:85]. Masalan, tafsir va Qurʼon ilmida 3 ta, sunnat va hadis ilmida 9 ta, fiqh va usulda 13 ta, siyrat, tarix va tarojimda 18 ta, tilshunoslik va adabiyotda 19 ta, vaʼz, xutba va ruqiyada 6 ta hamda boshqalarning yozgan kitoblariga 4 ga yaqin taqriz yozgan.

Bugungi kunda shulardan 17 tasi nashr etilgan. 12 tasi qoʻlyozma holatida turibdi. Qolgan 39 ta asari va 4 ta taqrizi bizgacha yetib kelmagan.

Badruddin Ayniy hadis ilmi yoʻnalishida: “Umdat al-qoriy fi sharhi al-Jomeʼ as-Sahih” (“Oʻquvchining al-Jomeʼ as-Sahih sharhiga oid asosi”), “Naxb al-afkor fi tanqiyhi maban al-axbor” (“Xabarlar manbasini ochiqlashda fikrlarni saralash”), “Sharh sunani Abu Dovud” (2 jild), “Al-Ilm al-hiyb sharh al-kalim ut-tiyb” (“Kalim ut-toyyib asariga “ulugʻ ilm” nomli sharh”), “Kitab majmuʼ min ahadis mutafarriqa” (“Tarqalib ketgan hadislarni oʻzida jamlagan asar”), “Kashf al-Qinaʼil maraniy” (“Niqobni ochib tashlash”), “Takmil al-atrof” (“Hadis parchalarini takomillashtirish”), “Magʻon al-axyar fi rijal maʼan al-asar” [4:520] (“Maon al-osordagi roviylar haqida eng yaxshi maʼlumotlar”) kabi 10 ga yaqin moʻtabar asarlar tasnif etgan. Ayniyning hadis ilmidagi asarlari oʻsha davrda hadis ilmi rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, muhaddislar bilan ilmiy bahs va munozaralar olib borilgani hadislarni qiyosiy oʻrganish va jadal (bahs, muzokara) ilmlarining yanada rivojlanishiga turtki boʻldi.

Manbalarda Badruddin Ayniyning kitob tasnif etishda husni xat bilan tez yozishga mohir boʻlgani zikr qilinadi. Hatto bir kechada hanafiy fiqhida mashhur boʻlgan Ahmad ibn Muhammad Quduriy (vaf. 428/1037)ning “Muxtasar Quduriy”ni yozib tugatgani aytiladi.

Badruddin Ayniy movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub bir nechta asarlarga sharh va hoshiyalar ham yozgan.

  1. Hanafiy fiqhi yoʻnalishida Imom Margʻinoniy (vaf. 593/1169)ning “Al-Hidoya” kitobiga “Al-Binayatu fi sharh al-hidaya” (“Hidoya kitobiga “Al-Binoya” nomli sharh) nomli sharh yozgan. Sharhni 817/1414-yilda boshlab, 850/1446-yilda oʻz madrasasida yozib tugatgan [2:52]. Asarning qoʻlyozma nusxasi oʻn jilddan iborat boʻlib, ilk marta 1293/1876-yili Hindistonning Laknau shahrida toʻrt juzda nashr etilgan.
  2. Hofiziddin Nasafiy Hanafiy unvoni ila tanilgan Imom Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad (vaf. 710/1310)ning “Manor al-anvor fi usul al-fiqh” (“Fiqh asoslariga oid nurlar manbai”) nomli asariga (Bu asarning XVIII asrga oid qoʻlyozma nusxasi Buyuk Britaniyaning Manchester universiteti Jon Raylens kutubxonasida №Arabic MS 258 (The John Rylands Library, The University of Manchester-References: Catalogue no. Arabic MS 157 [258]) raqami ostida Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Eton Pote kolleji kutubxonasi Eton Pote 357 (Eton College Library, Eton College – References: Margoliouth no. 18 (shelf/item: 5/12)) raqam ostida saqlanadi. Keyinchalik muallif bu asariga “Hoshiya ala manaril anvar” nomli hoshiya ham yozgan boʻlib, bu asarning 17-asr (1067/1657-yil)ga oid qoʻlyozmasi Kembrij universitetining kutubxonasida № Add. 3609 (University Library, Cambridge University – References no. 1248) raqami ostida saqlanadi) “Sharh al-manor” (“Manor al-anvor asariga sharh”) nomli sharh yozgan. Bu asar ilk bor “Nafisiya usmoniya” nashriyotida 1891-yili nashr etilgan [14:379]. Bu asarning 1623-yilga oid qoʻlyozma nusxasi Britaniyaning Bodlean kutubxonasida MS. Arab. e. 222 (Bodleian Library, Oxford University) raqami ostida saqlanadi.
  3. Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (vaf. 710/1310)ning hanafiy fiqhida mashhur boʻlgan “Kanz al-daqoiq” (“Nozik masalalar xazinasi”) kitobiga (Bu asarning XVI asrga oid qoʻlyozmasi Bodlean kutubxonasida № MS. Arab. d. 178 raqam ostida, XVI asrga oid qoʻlyozmasi Kembrij universiteti № Dd. 11 raqam ostida, arab va fors tilidagi qoʻlyozmasi № Add. 3747 raqam ostida, 17-asrga oid qoʻlyozmasi №Oo. 6. 42 raqam ostida, shuningdek, № ms. 48137 raqam ostida Sharq va Afrika tadqiqotlari markazi SOAS kutubxonasida saqlanmoqdi) “Ramz al-haqoiq sharh kanz al-daqoiq” (Kanz ud-daqoiq asariga “Haqiqatlar ishorasi”) nomli sharhni 816/1413-yilda yakunlagan. Asar ilk bor 1868-yilda Qohirada sharhi bilan chop etilgan [7:352; 22:93]. Bu asarning XIII/XIX asrga oid qoʻlyozma nusxasi Kembrij universiteti kutubxonasida №B.3 (University Library, Cambridge University – G.Browne Collection) raqamida, 1082/1672-yilga oid qoʻlyozmasi №Or.706 (no.710 University Library, Cambridge University – Oriental Manuscripts) raqami ostida saqlanadi.
  4. Abu Lays Samarqandiy (vaf. 373/983)ning “Tafsir al-Qurʼon”nomli kitobiga (Ushbu asar bugungi kunda Britaniyaning Birmingem universiteti Kedbyuri tadqiqot kutubxonasida “Islamic Arabic 941” raqami ostida saqlanmoqda. Asarda ikki oxirgi pora, Mulk surasidan an-Nas surasigacha boʻlgan suralar mavjud. XVIII asrda nasx uslubida koʻchirilgan. Bu boʻyicha qoʻshimcha boshqa maʼlumotni https://www.fihrist.org.uk/ dan olish mumkin.) “Al-Havashiy aʼla tafsir Abal-Lays” nomli hoshiya yozgan. Bu asar bizgacha yetib kelmagan [22:108; 16:134].
  5. Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Zamaxshariy (vaf.538/1143)ning “Tafsir al-kashshof” asari (Bu asarning qoʻlyozma nusxasi Kembrij universiteti kutubxonasida № Add.815, “Kashshaf Zamahshariy” nomi bilan Kembrij kolleji kutubxonasida № Kingʻs Pote 86 raqami ostida saqlanadi. Maʼlumot uchun qarang: https://www.fihrist.org.uk/catalog/work_20743.)ga “Al-Havashiy aʼla tafsir al-kashshof” (“Kashshof tafsiriga hoshiyalar”) nomli hoshiya yozgan [24:82016:135]. Bu asarni Solih Yusuf bizgacha yetib kelmagan asarlar qatorida zikr qilgan [22:109].

2022-yil Buyuk Britaniyada olib borilgan ilmiy tadqiqot natijasida, Ayniyning “Tafsir al-kashshof” asariga yozgan hoshiyasining qoʻlyozma nusxasi Oksford shahridagi Bodlean kutubxonasi fondida №MS. Arab. d. 240 (Bodleian Library, Oxford University) raqami ostida saqlanayotgani aniqlandi. Asar toʻgʻrisida berilgan maʼlumotlarga koʻra, Badruddin Ayniy Zamaxshariyning mazkur tafsir asarini koʻchirish bilan birga, unga hoshiya ham yozgan va uni “Kashshaf an haqiqat al-tanzil”(Bodlean kutubxonasi: №MS. Arab. d. 240 (Bodleian Library, Oxford University), №MS. Bodl. Or. 637-640, №MS. Arab. d. 216, №MS. Arab. d. 179, №MS. Pococke 373, 157, 104 raqamida, Kembrij universiteti kutubxonasida № Or. 163,164 raqami ostida va № ms. 43254 raqamida Sharq va Afrika tadqiqotlari markazi SOAS kutubxonasida saqlanmoqda. Maʼlumot uchun qarang: https://www.fihrist.org.uk/catalog/work_20743) (“Qurʼonning haqiqatini ochib beruvchi asar”), deb nomlagan. Bu qoʻlyozma mashhur tarixchi Ayniy tomonidan yozilgan asl nusxadan, 978/1570-yilda koʻchirilgani qayd etilgan. Bu asar bugungi kunga qadar yaxshi saqlangan (Maʼlumot uchun qarang: https://www.fihrist.org.uk/.).

  1. Shayx Abu Ali Husayn ibn Yahya Buxoriy Zandavistiy Hanafiyning “Rovzat al-Ulama” asari (Bu asar qoʻlyozma nusxasi № ms. 12188 raqamda Sharq va Afrika tadqiqotlari markazi SOAS kutubxonasida saqlanmoqda.)dan saylanma masalalar toʻplami sifatida “Muntaxab min masail rovzat al-ulama” (Ravzat al-ulamoda kelgan masalalar saylanmasi) nomli asarni tasnif etgan [22:119]. Bu haqda Hoji Xalifa va Qosim ibn Qutlubugʻo oʻz asarlarida zikr qilgan [6:569, 928].
  2. Muhammad ibn Abdulloh Damashqiyning “Radd al-vafir” (“Yetarli raddiya”) nomli asariga Badruddin Ayniy taqriz bergan boʻlib, “Taqriz aʼlar-rodd al-vafir” (“Radd al-vafir” asariga taqriz”) nomi bilan manbalarda zikr qilingan. Damashqiyning “Radd al-vafir” nomli asari Ibn Taymiyani kufrga hukm qilgan Abu Abdulloh Alouddin Muhammad ibn Muhammad Buxoriy (vaf. 841/1438)ga raddiya sifatida yozilgan. Bu kitobga Ayniydan boshqa Ibn Hajar va Balqiniy kabi bir nechta olimlar tomonidan ham taqriz yozilgan. Taqriz 835/1432-yil Qohirada yozib tugatilgan. Bu taqriz Zuhayr tahriri ostida nashr qilingan “Gʻoyat al-amaniy fir-roddi aʼlan-Nabahaniy” (Nabahoniyga raddiya sifatida yozilgan umidlar gʻoyasi) nomli kitobning 157-165 sahifalarida keltirilgan [2:57].
  3. “Umdat al-qoriy fi sharhi al-Jomeʼ as-Sahih” boʻlib, bu eng mashhur asarlaridan sanaladi. Asar ilk bor Turkiyaning Konstantinopol shahrida 1890-yili 11 juzda, keyin Misrda Muniriyya bosmaxonasi tomonidan yigirma besh juzni oʻz ichiga olgan oʻn ikki mujalladda nashr etilgan.

Hoji Xalifa Badruddin Ayniyni “Muxtasar al-viqoya”ni sharhlaganlar qatorida ham sanab, “Sharh muxtasar al-viqoya” asari uni qalamiga mansub ekanini aytgan (tadqiqot davomida aniqlanmadi).

Badruddin Ayniyning hayoti, ilmiy merosi, islom ilmlariga qoʻshgan hissasi va din uchun qilgan xizmatlari uning ustozlari, zamondosh va undan keyingi davr olimlari tomonidan eʼtirof etilgan. Jumladan, Imom Saxoviy “Az-Zavʼ al-lameʼ” asarida: “U imom, olim, sarf, arab tili va boshqa fanlar bilimdoni, tarix va tilshunoslik fani hofizi boʻlgan”.

Ibn Tagʻribardi: “Ayniy koʻpgina fanlardan mohir olim, ayniqsa, fiqh, usul, hadis, nahv, sarf, arab tili, tarix kabi fanlar bilimdoni edi”.

Ibn Iyos Hanafiy: “U oʻz davrining nodir olimi va fozil kishisi edi. Uning asrlarga tatigulik asarlari boʻlib, chiroyli uslubda va maʼlumotlari aniq tartibda yozilgan” [18:292], degan.

Shuningdek, mutaaxxir ulamolardan Toshkoʻprilizoda (Ahmad ibn Mustafo): “U imom, olim, arab tili, sarf va boshqa fanlar bilimdoni hamda oʻz yoʻnalishida koʻzga koʻringan alloma edi” [25:265], deya qayd etgan.

Abul Maʼoniy Husayniy: “U imom, alloma, rivoya va diroya ilmi hofizi, qarshi chiqqanlarga Allohning hujjati va bidʼatchilarga Allohning katta moʻjizasi edi. Oʻz davrining ilmda, zuhd va taqvoda koʻzga koʻringan mashhur kishilaridan boʻlib, fiqh va hadis ilmi bilimdoni boʻlgan. Musulmonlar uning vafotidan soʻng qaygʻuga tushgan”.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Badruddin Ayniy Burjiy Mamluklar sultonligi davrida siyosiy-ijtimoiy va diniy taʼlim sohasiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan. Sultonlar bilan yaqin munosabatda boʻlib, davlat boshqaruvi va diniy masalalarda ularga maslahatchi boʻlgan. Sultonlikka tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarni kutib olish va ular bilan diplomatik munosabatlarni oʻrnatishda, Sultonning istagiga koʻra, ayrim vaqtlarda uning vakili sifatida ish yuritgan.

Mamluk sultonlari turkiy tilda soʻzlashgan, Badruddin Ayniy turkiy tilni bilgani bois, davlat boshqaruvidan tashqari, sultonlarga arab tili, hadis, fiqh, tarix va diniy ilmlardan saboq bergan. Shuningdek, boshqaruvda sulton tomonidan koʻzga koʻrinadigan ayrim xato va kamchiliklarni unga aytib, ularni bartaraf etgan. Shuning uchun sultonlar Badruddin Ayniyni “Muallim va tarbiyachi” sifatida eʼtirof etgan.

Badruddin Ayniyning “Umdat al-qoriy fi sharhi al-Jomeʼ as-Sahih lil Buxoriy” asari Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asariga yozilgan sharhdir. U shunday asarlar ichida eng muhim, keng qamrovli sharhlardan hisoblangan. Shuningdek, u Ayniy yozgan kitoblar ichida ham koʻzga koʻrinarli asardir. Ushbu asar hanafiy mazhabi asosida yozilgan sharhlar ichida eng mashhuri boʻlib, uning asosiy gʻoyasi umumbashariy axloq-odoblarni goʻzallashtirish hisoblangan. Shu bilan birga, toʻrt mazhabga taalluqli xususan, hanafiy mazhabining masalalarini nass (hujjat, aniq dalil) bilan ravshanlashtirib bergan.

Badruddin Ayniyning hadis ilmi va hanafiy mazhabi asosida yozgan asarlari hadis va hanafiy fiqhini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Movarounnahr ulamolari tasnif etgan asarlarda Ayniy bitgan sharh va hoshiyalar aniqlangani muhim ilmiy yangilik boʻlib, u bugungi kunda hadisshunoslik va fiqh yoʻnalishida izlanish olib borayotgan yosh tadqiqotchilarga muhim manba sifatida xizmat qiladi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Ahmad ibn Ali Maqriziy. al-Mavaiz va eʼtibar bi zikri xutot val-asar. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1998. – J. 2.
  2. Badruddin Ayniy Hanafiy. Al-Binayatu fi sharh al-hidaya. Tahqiq: Ayman Solih Shaʼbon. J. 13. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, – J. 1.
  3. Badruddin Ayniy. Aqd al-Jamon fi tarix ahl az-zamon. // tahqiqchi: Muhammad Muhammad Amin. – Qohira: Hayʼat al- misriyatil amma, 1992.
  4. Badruddin Ayniy. Magʻonil axyar fi rijal maʼanil asar. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya. 2005.
  5. Badruddin Ayniy. Umdat al-qoriy. – Bayrut-Lubnan: Dor al-kutub al-ilmiya, 2001. — J. 1.
  6. Hoji Xalifa. Kashf uz-zunun an asam al-kutub val- Muhammad Sharafuddin tahqiqi. – 2 jild. – Makka: Maktabat al-faysaliya, 1981.
  7. Ibn Hajar Asqaloniy. Adurar al-kamina fi aʼyan miat al-samina. J. 4. – Bayrut: Dar ihya turos al-arabiy. 1990. J. 2.
  8. Ibn Hajar Asqaloniy. Al-mujammaʼul muassis lil muʼjamil mufahris. 4 jildlik. – Bayrut: Dor al-maʼrifa. 1992. J. 3.
  9. Ibn Imod. Shazarot uz-zahab fi axbarin man zahab // Muhammad Arnaut. 9 jildlik. – Bayrut: Doru ibn Kasir, 1993.
  10. Ibn Tagʻribardi. An-nujum az-zohiroh fi muluk Misr va al-Qohira. 6 tomlik. – Misr: Maktaba al-vaqfiya, 2016. J. 15.
  11. Ismoil Posho Bagʻdodiy. Hadiyat al-orifin. 2 jildli. – Istanbul: al-Bahiya, 1951. J. 1.
  12. Iymon Umar Shukriy. As-Sulton Barquq Muassis davlat al-Mamalik al-Jarakisa (784-801/1282-1398) min xilal maxtut Aqd al-Jamon fi tarix ahl iz-Zaman li Badr al-Ayniy. – Qohira: Maktabat Madbuliy, 2002.
  13. Jamoliddin Yusuf ibn Tagʻribardi. Al-Manhal as-sofiy val-mustavfa baʼd al-vafiy. – 13 jildlik. – Tahqiqchi: Muhammad Amin, Said Abdulfattah. – Misr: Hayʼat misriyya amma, 1984. – J. 11.
  14. Mahmud ibn Ahmad Badruddin Ayniy Hanafiy. Sharh manorul anvar fi usulil fiqh. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya. 2002.
  15. Muhammad ibn Abdur Rahmon as-Saxoviy. Kitob at-tibr al-masbuk fi zayl is-suluk. Tahqiqchi: Najva Mustafo Komil. – 4 jildlik. – Qohira: Dor al-kutub val-vasoiq al-qavmiya, 2002. – J. 1.
  16. Muhammad ibn Abdurahmon Saxoviy. Az-Zavʼ al-lomeʼ li ahl al-qarn at-tasiʼ. 10 jildli.– Bayrut: Dor al-jayl, 1992. J. 10.
  17. Muhammad ibn Abdurahmon Saxoviy. Vajayz al-kalom fiz-zayl ala duval al-islom. Tahqiqchi: Bashshar Avvad Maʼruf. Ahmad Xotimiy. Qohira: Muassasa ar-Risola, 1995.
  18. Muhammad ibn Ahmad ibn Iyyos. Kitob tarix Misr al-mashhur bi badoʻi az-zuhur fi viqoʻi ad-duhur. 10 jildlik. – Qohira: Kutub al-Hayʼa al-Misriya, 1982. – 2.
  19. Muhammad ibn Zaynulobidin Rustam. Al-Jomeʼ as-Sahih lil Imam al-Buxoriy. – Magʻrib: Dor al-bashair al-islamiya. 2013.
  20. Nuruddin Ali ibn Daud Sayrafiy. Nuzhatun nufus val abdan fi tavorixiaz zamon. Tahqiqchi: Muhammad Jamol Homid Shurbajiy. – Qohira: Maʼhad al-Maxtutot al-Arabiya, 2019. J. 2.
  21. Qosim ibn Qutlubugʻo. Toj at-tarojim fi tabaqot al-hanafiya. Tahqiqchi: Muhammad Xayr Ramazon. – Dimashq: Dor al-qalam, 1413/1992.
  22. Solih Yusuf Maʼtuq. Badruddin Ayniy va asarihu fi ilm al-hadis. – Ar-Riyod: Dor al-bashair al-islamiya, 1983.
  23. Taqiyuddin Maqriziy. As-Suluk fi maʼrifa duval al-muluk. Tahqiqchi: Muhammad Abdulqodir Ato. – 8 jildlik. – Bayrut: Dor al-kutub ilmiya, 1997. – 2.
  24. Taqiyyuddin ibn Abdulqodir Tamimiy Doriy Izziy Misriy Hanafiy. At-tabaqotus saniya fi tarojimil hanafiya. – Ar-Riyod: Dar ar-rifoʻiy, 1983. J. 3.
  25. Miftah al-saʼoda va misbah al-siyada fi mavzuʼatil-ulum. – 3 jildli. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1993. – J. 1.
  26. Zuhra Aripova. Oʻrta asr tarixchilari haqida. The light of Islam, 2020. – №-4.

 

BAROT AMONOV,
Hadis ilmi maktabi rektori
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

SAYYID ABDULLOH MUSHKIN QALAM VASFIY TERMIZIY HAYOTI VA ADABIY MEROSINING GERMENEVTIK TADQIQI

Har bir mamlakatning oʻz tarixi, diniy va milliy qadriyatlari borligi barchamizga maʼlum. Ona yurtimiz – …