Makhul ibn Abu Muslim roziyallohu anhu
Kobulda tugʻilgan[1]. Anas ibn Molik, Vosila ibn Askaʼ, Abu Hinda Doriy roziyallohu anhum kabi sahobalardan hadis eshitgan[2].
Abdulmalik ibn Marvon (r.a.) davrida fatvo berish bilan shugʻullangan[3].
Hijriy 113, 116, 117-yillar[4]da vafot etganiga doir rivoyatlar mavjud boʻlsa-da, keng tarqalgan fikrga koʻra, 112/730-yili Damashqda vafot etgan[5].
Ato ibn Abu Raboh roziyallohu anhu
27/647-yili Yamanning Janad viloyatida tugʻilgan[6]. Hazrati Usmon roziyallohu anhuning xalifaligi davrida tugʻilganiga doir rivoyatlar ham mavjud. Hazrati Oysha, Ummu Salama, Ibn Abbos, Hokim ibn Hizom roziyallohu anhum kabi koʻplab sahobalardan rivoyat qilgan[7].
Ato Basrada oʻqituvchilik qilgan[8]. Yigirma yil davomida masjidda yashagan. Davlat rahbarlari vaqt-vaqti bilan uning ehtiyoji bor-yoʻqligini soʻrab, ehson qilib turishgan[9].
114/732-yili Makkada vafot etgan[10].
Vahb ibn Munabbih roziyallohu anhu
34/654-655-yili Sanʼoda tugʻilgan. Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Abu Hurayra, Jobir ibn Abdulloh, Abu Said Xudriy roziyallohu anhum kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan[11].
Yamanliklar olimi boʻlgan Vahb Sanʼoda qozilik vazifasini bajargan[12].
114/732-yilda vafot etgan[13].
Maymun ibn Mihron roziyallohu anhu
Hazrati Ali roziyallohu anhu vafot etgan yili 40/660-661 tugʻilgan. Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Hazrati Oysha roziyallohu anhum kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan[14].
Xalifa Umar ibn Abdulaziz (r.a.)dan oldin Harronda Baytulmolda masʼul shaxs sifatida ishlagan. Keyin Umar ibn Abdulaziz uni Jazira qozisi va xaraj masʼuli etib tayinlagan, uning oʻgʻli Amr ham devonda ishlagan. Matolar doʻkoni sohibi boʻlgan Maymun, bu vazifada ishlagan paytida mato savdosi bilan ham shugʻullangan. Xalifaga vazifasidan ozod etilishini soʻrab murojaat qilgan, lekin bu soʻrovi qabul qilinmagan[15].
117/735-yili[16], 77 yoshida vafot etgan.
Abu Abdulloh Nofeʼ roziyallohu anhu
30/651-yil atrofida tugʻilgan[17]. Ibn Umar, Hazrati Oysha, Abu Hurayra, Ummu Salama, Rofeʼ ibn Hadij roziyallohu anhum kabi koʻplab sahobalardan hadis rivoyat qilgan[18].
Imom Buxoriy eng sahih sanadni Molik, Nofiʼ va Ibn Umar shaklida keltirgan[19]. 30-yildan ziyod Abdulloh ibn Umar (r.a.)ga xizmat qilgan[20]. Umar ibn Abdulaziz (r.a.) uni Misrga oʻqituvchi, Yamanga esa zakot amaldori sifatida tayinlagan[21].
117/735-yilda vafot etgan[22].
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi