8-yanvar kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Fotix Sulton Mehmet vaqfi universiteti huzuridagi Qoʻlyozmalarni oʻrganish va tadqiq etish markazi (Turkiya) oʻrtasida videokonferensiya shaklida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ikki muassasa rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirok etib, ilmiy-amaliy aloqalar istiqbolini muhokama qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov bu hamkorlikning yuksak ahamiyatini taʼkidlab, bu bilan qoʻlyozmalarni oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va ularning natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishda yangi imkoniyatlar yaratilishini qayd etdi.
Qoʻlyozmalarni oʻrganish va tadqiq etish markazi direktori dr. Sami Arslon qoʻlyozmalar tarixi va ularning ilmiy ahamiyatini oʻrganish sohasidagi aloqalar oʻzaro manfaatli natijalar keltirishini taʼkidladi.
Memorandum doirasida ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytirish, qoʻlyozmalarni oʻrganish yoʻnalishida birgalikda konferensiyalar, ilmiy loyihalar, sertifikatlash dasturlari va simpoziumlar tashkil qilish kabi vazifalar belgilandi.
Hamkorlik tashabbusi 2024-yil 18-aprelda Qoʻlyozmalarni oʻrganish va tadqiq etish markazi vakillarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrifi davomida ilgari surilgan edi.