Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Misrning Al-Azhar majmuasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Hozirgi kunda Al-Azhar majmuasi bilan kadrlar tayyorlash, ularning kasb-mahoratini oshirish, xalqaro konferensiya va seminarlar oʻtkazish boʻyicha yaqin hamkorlik oʻrnatilgan.
Imzolangan anglashuv memorandumi diniy taʼlim olish istagidagi oʻzbekistonlik yoshlarning Al-Azhar majmuasi va uning tarkibidagi oʻquv muassasalariga qabul qilishni tartibga soladi.
Hujjatda taʼlim yoʻnalishida oʻzaro axborot va tajriba almashish, birgalikda xalqaro anjumanlar tashkil qilish, buzgʻunchi soxta diniy gʻoyalar va ekstremizm koʻrinishlari tarqalishining oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlarini amalga oshirish va islom merosini chuqur oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish kabi bir qator vazifalar belgilangan.