Home / FOTO LAVHALAR / Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – xalqimiz xohish-irodasi va ezgu niyatlari ifodasi

Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – xalqimiz xohish-irodasi va ezgu niyatlari ifodasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 32 yil toʻlishi munosabati bilan shu mavzuda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev yigʻilganlarni qutlugʻ sana bilan muborakbod etib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqilligimizning mustahkam huquqiy asosi, xalqimiz irodasi va huquqiy jamiyatimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotgan muhim hujjat ekanini taʼkidladi. Konstitutsiya davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, uning qonunchilikdagi oʻrni va ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Tadbirda Konstitutsiyaning tarixiy ahamiyati, uning ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot yoʻlida tutgan mustahkam oʻrni eʼtirof etilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, inson huquqlari va erkinliklarining poydevori sifatidagi huquqiy qiymati alohida taʼkidlandi.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari Bosh Qomusimizda belgilab qoʻyilgan teng huquqlilik va keng imkoniyatlardan foydalanib, totuvlik va hamjihatlikda yashamoqda. Barcha yurtdoshlarimiz ertangi kunga komil ishonch bilan mehnat qilib, yagona Vatan ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Nafaqat xalqchil tamoyillarga, balki ming yillar davomida rivojlanib kelgan milliy maʼnaviyatimiz asoslariga ham tayanadigan Konstitutsiyamiz buning uchun asos vazifasini oʻtayapti.

Tadbirda Bosh qonunimizning xalqaro tajribaga asoslangan jihatlari va jamiyat taraqqiyotidagi roli haqida qiziqarli maʼlumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar davlat va jamiyat taraqqiyoti yoʻlida Konstitutsiyaga amal qilishning ahamiyatiga eʼtibor qaratib, uning har bir moddasida mujassam boʻlgan ezgu gʻoyalarni yoshlarga tushuntirish, ularda qonun ustuvorligiga hurmat tuygʻusini shakllantirish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirdi. Huquqiy tafakkurimizni yuksaltirib, milliy qonunchiligimizni yanada takomillantirishga hissa qoʻshish har bir fuqaroning vazifasi ekani alohida taʼkidlandi.

Ishtirokchilar Konstitutsiyaga amal qilish nafaqat qonun ustuvorligini taʼminlash, balki jamiyatda adolat, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun ham muhim ekanini qayd etdi.

Tadbir koʻtarinki ruhda, bayramona kayfiyatda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz xodimi tadqiqoti xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiboriga havola etildi

Ijtimoiy fanlar, gumanitar soha va diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar bo‘yicha nufuzli xalqaro nashr – “Journal of …