Safarning dastlabki kunida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi rahbarlaridan iborat delegatsiya ishtirokida qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni tadqiq etish hamda kataloglashtirishga ixtisoslashgan “Al-Furqon” fondida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilariga Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar, muhim tashabbuslar haqida batafsil maʼlumot berildi. Muloqotda Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik natijalari sarhisob qilindi.
“Al-Furqon” fondi direktori S.Shohsuvoriy Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qadimiy yozma manbalarni oʻrganish, buyuk allomalar ilmiy-maʼnaviy merosni xalqqa yetkazish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.
Muloqotda “Al-Furqon” fondi bilan Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid:
– Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida manbashunos mutaxassislar uchun qoʻlyozmalarni kataloglashtirish va raqamlashtirish boʻyicha oʻquv-seminarlar tashkil qilish;
– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi fondida saqlanayotgan qoʻlyozmalar katalogini Britaniya tomoni bilan hamkorlikda nashr etish;
– Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining yangi nashrlarini “Al-Furqon” fondiga, oʻz navbatida fondning yangi kataloglar toʻplamini Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlariga taqdim etib borish;
– “Termiziy allomalar asarlari” nomli loyiha asosida oʻzbek va ingliz tilidagi elektron katalogni yaratish;
– Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlarining ilmiy jurnallarida britaniyalik olimlarning maqolalarini nashr etish kabi amaliy takliflar bildirildi.
Tadbirda “Oʻzbekiston madaniy merosi durdonalari jahon toʻplamlarida” nomli albomlar toʻplami, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining yangi nashrlari, xususan, Iordaniyada chop etilgan Imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv yakunida “Al-Furqon” fondi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Delegatsiyaning Buyuk Britaniyadagi qator ilmiy-madaniy muassasalardagi uchrashuvlari davom etmoqda.