Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida oʻtkazayotgan tadbirlarining navbatdagisini Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida tashkil etdi.
Tuman mutasaddilari hamkorligida Buloqboshi va Uzunbuloq MFY faollari bilan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy suhbat oʻtkazilib, diniy va axloqiy qadriyatlarning ustuvor ahamiyati, islomning insonparvarlik gʻoyalari haqida soʻz yuritildi. Inson huquqlarini, taʼlim-tarbiyaning uzviyligini, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda har bir shaxs muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Targʻibot tadbirlari doirasida mahalladagi keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar va nogironlar holidan ham xabar olindi.
Tumandagi 32-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari bilan alohida uchrashuv tashkil etilib, yoshlarga maʼnaviy kamolotga yetishish, sogʻlom turmush tarziga odatlanish va turli mafkuraviy xurujlardan himoyalanish choralari borasida tushuncha va koʻnikmalar berildi.