Avval xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida Buxoro viloyatida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan turkum tadbirlar tashkil etmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari bilan hamkorlikda Qorakoʻl tumanidagi “Chandirobod” MFYda oʻtkazildi. Mahalla faollari bilan suhbat chogʻida zamonaviy tahdidlarga qarshi maʼrifat vositasida kurashish, aholi orasida gʻoyaviy va mafkuraviy tahdidlarning oldini olish boʻyicha hamjihatlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Mahallada olib borilgan targʻibot ishlarining asosiy qismi ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolar bilan manzilli uchrashuvlarga qaratilib, ularda davlat tomonidan taqdim etilayotgan yordam, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dasturlari va ularni amalga oshirishdagi amaliy yondashuvlar toʻgʻrisida keng tushunchalar berildi.
Mahalla hududidagi 13-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi va kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun zarur koʻnikmalarni rivojlantirish zarurligi haqida soʻz yuritildi.
Xuddi shunday tadbir Qorakoʻl pedagogika kollejida ham tashkil etilib, unda taʼlim-tarbiya masalalari, yoshlarga bilim berish orqali ularda ijtimoiy masʼuliyatni oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tumandagi “Qobul ota” jomeʼ masjidida imom-xatib va otinoyilar bilan, shuningdek, “Iqro” arab tili oʻquv markazida tinglovchilar bilan oʻtkazilgan maʼrifiy suhbatlarda diniy taʼlimning ahamiyati, odamlarga islom taʼlimotini toʻgʻri tushuntirish va uning sof qadriyatlarini amaliy hayotga tatbiq etish masalalari yuzasidan mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashib, odamlar orasida oʻzaro mehr-oqibatni kuchaytirish, savob amallarga intilish, yoshlarni toʻgʻri yoʻlda tarbiyalashda jamiyatning hal qiluvchi oʻrnini alohida qayd etdi.