Home / FOTO LAVHALAR / “Imom Buxoriy va Sukarno”

“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda Oʻzbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi.

2023-yil yanvar oyida viloyat delegatsiyasi Indoneziya va Malayziya davlatlarida safarda boʻlgan edi. Oʻshanda Kattaqoʻrgʻon shahri drama teatri Indoneziyaning Jakarta shahridagi Bumi Purnati teatri bilan 5 yilga moʻljallangan ijodiy memorandum imzolagan edi. Ushbu hamkorlik natijasida ikki teatr jamoasi birgalikda “Imom Buxoriy va Sukarno” sahna asarini yaratdi.

– Mazkur sahna asari dramaturglar –  indoneziyalik Ahmad Favziy hamda oʻzbekistonlik Goʻzaloy Solih tomonidan yozildi, – deydi Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatri rahbari Botir Tugalov. – Asar ikki oy davomida ikki davlat ijodkorlari tomonidan onlayn tarzda ishlandi va 15 kun davomida teatrimizda repititsiya jarayonlari oʻtkazildi.

Bu asar 1956-yilda Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarno Oʻzbekistonga tashrif buyurib, Imom Buxoriy hazratlari qabrini ziyorat qilishi va bu yoʻlda uchragan toʻsiqlar haqida hikoya qiladi. Spektakl rejissyorlari – indoneziyalik ijodkor Ahmad Favziy va Oʻzbekiston xalq artisti Valixon Umarov.

Spektakl dastlab, Kattaqoʻrgʻon shahri drama teatrida, keyin viloyat musiqali drama teatrida namoyish etildi. Samarqandda oʻtkazilgan premyerada viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov, teatrlar xodimlari, spektakl ijodkorlari ishtirok etdi.

Manba: zarnews.uz

Check Also

Markaz rahbari yuksak mukofot bilan taqdirlandi

Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan “Xalqaro bagʻrikenglik” haftaligi doirasidagi tadbirlar jamiyatda bagʻrikenglik gʻoyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat …