Home / FOTO LAVHALAR / RADIKALIZM – JAMIYAT BARQARORLIGIGA TAHDID

RADIKALIZM – JAMIYAT BARQARORLIGIGA TAHDID

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Samarqand Davlat chet tillar institutida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Radikalizm – jamiyat barqarorligiga tahdid” mavzusida maʼrifiy uchrashuv oʻtkazildi.

Institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etgan tadbirda Markaz ilmiy xodimlari bugungi globallashuv jarayonida dunyo xalqlari hayotiga tahdid solib, xalqaro miqyosda tinchlik va osoyishtalikni buzishga urinayotgan terrorchi kuchlarga, manfur gʻoyalar bilan qurollangan oqimlarga qarshi kurashish insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalardan ekanini taʼkidladi.

Darhaqiqat, ekstremizm va terrorizm insoniyat uchun ogʻir xavfga aylangan. Diniy aqidaparastlik, turli maʼnaviy tahdidlarga qarshi kurash davom etayotganiga qaramay, buzgʻunchi toʻdalarga xayrixoh kimsalar hamoni uchrab turibdi. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etishi ayniqsa ayanchlidir.

Oʻzbekiston dunyoda tinchlikni saqlash, turli xalq, elatlar manfaatlarini himoya qilish, terrorizm, diniy aqidaparastlar va turli gʻaraz niyatli toʻdalarga qarshi kurashish borasida oʻzining faol va mustahkam pozitsiyasiga ega. Bu jihatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, uzoq-yaqin davlatlar bilan barcha jabhalardagi munosabatlarda oʻz aksini topmoqda.

Sir emaski, bugun internet olamida turli maʼnaviy tahdidlar avj olgan, yoshlarimizni oʻzining buzuq gʻoyalari taʼsiriga ogʻdirish niyatida boʻlgan oqimlar urchimoqda. Ularning tagi puch aqida va mafkurasini targʻib qilishga qaratilgan veb-saytlar ham ortmoqda.

Tadbirda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishda barcha birgalikda harakat qilishi zarurligi taʼkidlandi. Negaki, xavfsizlik umumiy hodisa boʻlib, alohida bir shaxs, oila yo davlatning tinchligi hammaning tinchligini anglatmaydi. Tahdid barchaga birdek xavflidir.

Ayniqsa, yoshlarimiz taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Jumladan, uyushmagan yoshlar masalasi gʻoyat dolzarbdir. Ular oʻz muammolariga javob topish uchun turli ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilmoqda. Ularning xatardan xoli ekaniga hech kim kafolat bermaydi. Shu maʼnoda, yoshlarimiz maʼnaviyatini mustahkamlash, ularda oʻziga ishonch tuygʻusini, mafkuraviy immunitetni shakllantirish va mudom mustahkamlab borish joiz.

Tadbir soʻngida Markazda nashr etilgan kitoblar taqdimoti oʻtkazilib, faol talabalarga yangi adabiyotlar ulashildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …