Home / FOTO LAVHALAR / Aksiya doimiy tus olsa arziydi

Aksiya doimiy tus olsa arziydi

Bugun, 25 oktyabr kuni mamlakatimizda “Qogʻozsiz bir kun” respublika eko-aksiyasi oʻtkazilmoqda. Shu munosabat bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkiliy-nazorat va ijro intizomi boʻlimi xodimlari uchun Samarqand viloyati Payariq tumani Bandlikka koʻmaklashish markazida sayyor seminar tashkil etildi.

Unda “Unison soft” MJCHning Samarqand viloyati boʻlimi mutaxassislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2021 yil 31 maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berdi.

Seminarda qogʻozdan foydalanishni qisqartirish va undan voz kechish xarajatlarni, tabiiy resurslarga yuklamani, jumladan suv va elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish, daraxtlarni saqlash, ekologik muvozanatni barqaror tutish hamda chiqindilar miqdorini qisqartirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Bunday amaliyot davlat organlari faoliyatini yanada barqaror, iqtisodiy samarali va ekologik xavfsiz qilishga yordam berishi qayd etildi.

Qatnashchilarga “Edo.ijro.uz” tizimida ijro intizomini mustahkamlash, turli texnik nosozliklarning oldini olish, elektron hujjatlar aylanmasi, xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar bilan ishlash hamda xabarnomalar yuzasidan kiritilgan yangiliklar boʻyicha maʼlumot berilib, hujjatlarning elektron almashuvi tizimidan yanada samarali foydalanish, fayllarni onlayn ulashishda bulutli saqlash xizmatlari va hamkorlikda ishlash vositalarini qoʻllashning oʻziga xos uslublari boʻyicha ishtirokchilar koʻnikmalari boyitildi. Fayllarni faqat ehtiyojga koʻra printerdan chiqarish, bunda ikki tomonlama chop etish, qayta ishlangan qogʻozlardan foydalanish zarurati taʼkidlandi. Chunki 1 tonna ofis qogʻozini ishlab chiqarish uchun daraxt turi va ishlab chiqarish texnologiyasiga qarab oʻrta hisobda 17-20 ta daraxt kesilishi kerak boʻladi. 10 tonna ofis qogʻozini tejab, taxminan 200 ta daraxtni saqlab qolish mumkin.

Markazda bugungi kunda mazkur yoʻnalishda qabul qilingan qonunchilik hujjatlari va belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlashning taʼsirchan tizimini yaratishda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi oʻrnini mustahkamlash, uning ahamiyatini yanada oshirish hamda samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshirilishi belgilangan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Misr nashri e’tirofi

Misrdagi Al-Azhar universitetining “Savtul Azhar” (“Al-Azhar ovozi”) gazetasida “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Imomning ikkita …