Xabar berilganidek, shu kunlarda Toshkent shahrida “Sharq renessansi fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusida madaniy meros haftaligi oʻtkazilmoqda.
Haftalik tadbirlarida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari faol ishtirok etib, Imom Buxoriy innovatsion muzey ekspozitsiyasini boyitishga yoʻnaltirilgan 5 ta loyiha taqdimotini oʻtkazdi.
Imom Buxoriyning bizgacha yetib kelgan 12 asari mulyajini tayyorlash, ularning dunyo fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari reyestrini yaratish, “Imom Buxoriy majmuasi: oʻtmish va bugun” kitob-albomini nashrdan chiqarish, ulugʻ muhaddis kitoblarining Turkiya kutubxona fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari katalogi, shuningdek, Movarounnahr muhaddislari asarlarining qoʻlyozmalari katalogini tuzish kabi yoʻnalishlarda taqdim qilingan loyihalar ilmiy jamoatchilik vakillari tomonidan toʻla maʼqullandi.
Xorijiy va mahalliy olimlar mazkur taqdimotlarning dolzarb ahamiyatiga urgʻu qaratib, har biri tadqiqotlar yoʻnalishida uzoq yillarga moʻljallangan yoʻl xaritasini belgilab beradigan ilmiy-amaliy qiymatga ega ekanini taʼkidladi.
Haftalik tadbirlari davom etmoqda.