Home / FOTO LAVHALAR / “Til – millat koʻzgusi”

“Til – millat koʻzgusi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 21-oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan shu nomda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev mazkur muhim sananing va umuman, oʻzbek tilining boy madaniy merosimizda, xalqimizning oʻzligini ifoda etish va milliy qadriyatlarimizni saqlashda ulugʻvor oʻrin tutishini taʼkidladi. Tilimiz – millatimizning koʻzgusi, milliy iftixorimizning ajralmas bir qismi, oʻzining boy tarixiy rivojlanishi va adabiy merosi bilan, ajdodlarimizdan qolgan bebaho xazinamiz ekani tilga olindi.

Soʻzga chiqqanlar bu muhim sana bayram sifatida nafaqat tilimizning davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlagani, balki uning millatimiz tarixi, madaniyati va maʼnaviyatidagi ahamiyatini ham bir qadar oshirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilari ona tilimizning boy madaniy va adabiy merosi ekanini, uning jamiyatdagi oʻrni va xalqimizning oʻzligini saqlashdagi ahamiyatini alohida taʼkidladi. Zero, dunyoda xalqlar koʻp, lekin hammasi oʻz tiliga ega emas. Oʻz tiliga ega xalqlar koʻp, lekin hammasi ham unga davlat tili maqomini bera olmagan.

Oʻzbek tili – millatimiz ruhi, uning mohiyati va birligining ifodasi. Tilimiz yosh avlodga tarixiy merosimizni yetkazish, xalqimizning qadriyatlarini saqlash, kelajakka intilishda ulardan ishonchli asos sifatida foydalanishda muhim ahamiyatga ega.

Taʼkidlanganidek, oʻzbek tili nafaqat milliy merosimiz, balki xalqaro maydonda ham oʻz oʻrniga ega boʻlayotgan tillardan biridir. Hozirgi kunda uni xalqaro miqyosdagi turli ilmiy va madaniy anjumanlarda faol qoʻllash imkoniyatlari kengaymoqda.

Qatnashchilar Markazda olib borilayotgan ilmiy-qiyosiy tarjimalar, tadqiqotlar jarayonida oʻzbek tilining nafosati, ohangi va badiiy salohiyatidan kengroq va oqilona foydalanish zaruratini qayd etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …