18-oktyabr kuni Toshkentda “Sharq renessansi fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusida madaniy meros haftaligi boshlandi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda qator xorijiy va mahalliy tashkilotlar, idora va muassasalar hamkorligida tashkil etilgan haftalik doirasida xilma-xil yoʻnalishlar boʻyicha konferensiyalar, seminarlar, forumlar, koʻrgazmalar va taqdimotlar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Tadbirda 100 dan ortiq xorijiy olim va mutaxassis, jumladan, madaniyat ishlari boʻyicha xalqaro tashkilotlar, chet el muzey va kutubxonalari rahbarlari ishtirok etishi moʻljallangan.
Haftalikning ochilish marosimida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Jonibek Jumayev ham ishtirok etdi.
Ushbu rang-barang va serjilo anjumanni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqaro muloqot va oʻzaro bilim almashuvini mustahkamlash, chet ellik hamkorlar bilan mamlakat madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirishga yoʻnaltirilgan yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishdan iborat.
Haftalik davomida Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosiga bagʻishlangan noyob ekspozitsiyalar namoyish etiladi.
Tadbirlar 27-oktyabrgacha davom etadi.