Home / FOTO LAVHALAR / Allomalar ilmiy merosi – zamonaviy ilmlar asosi

Allomalar ilmiy merosi – zamonaviy ilmlar asosi

17-oktyabr kuni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida boshlangan xalqaro ilmiy anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Shukurillo Umarov “Markaziy Osiyoning mashhur muhaddislari” mavzusidagi maʼruza bilan qatnashdi.

Maʼruzachi Movarounnahr dunyoga koʻplab buyuk ulamolarni, jumladan, muhaddislar, mufassirlar va faqihlarni yetishtirib bergani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Burhonuddin Margʻinoniy, Imom Dorimiy, Imom Muslim kabi allomalar maʼnaviy merosi nafaqat islom olami, balki butun insoniyat uchun katta ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Xususan, VIII-IX asrlarda Movarounnahrda hadis ilmi keng rivojlangan. Samarqand, Shosh, Kesh, Buxoro va Nasaf shaharlari islom dunyosining nufuzli ilm markazlari boʻlgan. 3000 dan ziyod muhaddis faoliyat koʻrsatgan.

Bu davrda Abdulhamid Keshiy va Abdulloh ibn Muborak kabi mashhur muhaddislar hadis ilmi rivojida muhim oʻrin tutgan. Imom Buxoriy va boshqa mashhur muhaddislarning oʻzaro ilmiy hamkorligi ilmiy anʼanalarning ustoz-shogird munosabatlari orqali rivoj topgan.

Samarqand va boshqa shaharlarda koʻplab hadis maktablari faoliyat koʻrsatgan, Movarounnahrga butun dunyodan talabalar kelib, ilm oʻrgangan. Bu maktablar tarixda hadis ilmining rivojlanishiga muhim hissa qoʻshgan.

Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan olimlar nafaqat hadis, balki islom tarixi, arab tili va boshqa fanlar boʻyicha ham katta ilmiy meros qoldirgan. Ular orasida Imom Buxoriy, Abdulhamid Keshiy va Mahmud Zamaxshariy kabi allomalarni alohida eʼtirof etish lozim. Ularning ilmiy merosi va maʼnaviy ahamiyati bugungi kun uchun ham dolzarb boʻlib, dunyo musulmonlar hamjamiyati uchun kuchli maʼrifiy taʼsir doirasini mudom yoʻqotmaydi.

Anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyo musulmon allomalari tarixini oʻrganish va ularning boy merosini keng jamoatchilikka yetkazish borasida Oʻzbekiston tajribasini olqishlab, diniy-maʼrifiy islohotlar samarasiga yuksak baho berdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …