Home / FOTO LAVHALAR / Indoneziya ilmiy muassasalari Markaz bilan hamkorlikka tayyor

Indoneziya ilmiy muassasalari Markaz bilan hamkorlikka tayyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasining beshinchi Prezidenti, Milliy tadqiqot va innovatsiya agentligi Boshqaruvchilar kengashi Raisi Megavati Sukarnoputri xonim rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonlarga Markaz muzeyi faoliyati va Imom Buxoriy asarlarini tadqiq va tarjima qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Muloqot chogʻida delegatsiya rahbari Markaz faoliyati, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va tarjima ishlariga yuqori baho berib, bu muborak maskanda oʻzbek xalqi uchun buyuk alloma va mutafakkir ajdodlari asarlari bilan yaqindan tanishish, ularni chuqurroq oʻrganish va anglash imkoniyati tugʻilayotganidan mamnuniyat izhor etdi va Imom Buxoriyning barcha asarlarini indonez tiliga ham tarjima qilish borasida hamkorlik oʻrnatish taklifini bildirdi.

Sukarnoputri xonim oʻz mamlakatining Milliy tadqiqot va innovatsiya agentligi rahbari sifatida qator ilmiy yoʻnalishlarda qalin hamkorlikni qaror toptirish va rivojlantirish boʻyicha muzokaralarga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Tashrif yakunida Megavati Sukarnoputri xonim Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ustozini koʻproq bahramand qilgan shogird

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziy ilmiy merosi: zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. …