Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Buxoriy ilmiy merosi tadqiqiga yangicha yondashuvlar” mavzusida xalqaro davra suhbati oʻtkazildi. Unda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabining mudarris va talabalari, britaniyalik islomshunos olimlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Markaz rahbari Shovosil Ziyodov yigʻilganlarga Imom Buxoriy asarlarini oʻrganish, tadqiq etish, oʻzbek tiliga oʻgirib, keng targʻib qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi. Ilmiy xodimlar tomonidan muhaddis olimning ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Xalqu afʼolil ibod” va “Kitobuz zuafois sagʻir” kitoblarini namoyish etdi.
Qatnashchilar mamlakatimizda Imom Buxoriyning boy maʼnaviy xazinasini asrab-avaylash va kelgusi avlodga toʻla-toʻkis yetkazish borasida qilinayotgan ishlar koʻlamiga yuqori baho berib, Markazning faoliyat davomida qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlari aynan shu saʼy-harakatlarning natijasi ekanini eʼtirof etdi.
Kardiff universiteti huzuridagi (Buyuk Britaniya) Islomni oʻrganish markazining islom ilohiyoti, huquq, tasavvuf va ijtimoiy fanlar boʻyicha yetakchi olim Dr. Horun Ibrohim Sidat mazkur tarjima ishlari yuksak ilmiy natija sifatida muallifning buyuk siyrati, oʻlmas asarlari va chuqur ilmiy gʻoyalarini yosh avlodga sharhlari bilan toʻla-toʻkis yetkazishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Lids universiteti (Buyuk Britaniya) doktori, “Al-Aqso doʻstlari” nodavlat tashkiloti asoschisi Ismoil Adam Patel dunyodagi vaziyat shiddat bilan oʻzgarayotgan bugungi sharoitda islomni turli xuruj va fitnalardan himoyalashda ayniqsa Imom Buxoriy ilmiy merosi ulkan ahamiyatga ega ekanini, uning nafaqat Movarounnahr, balki umummusulmon mulki boʻlgan asarlaridan, avvalo, qondosh va zamindosh avlodlari koʻproq bahramand boʻlishi lozimligi, bu borada Markazda olib borilayotgan tadqiqotlar gʻoyat manfaatli boʻlayotganini qayd etdi. Markaz kutubxonasiga oʻz asarlari toʻplamini tuhfa qildi.