Home / FOTO LAVHALAR / Delegatsiya aʼzolari Markaz xodimlari ishidan mamnun

Delegatsiya aʼzolari Markaz xodimlari ishidan mamnun

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiyaning Turkiya Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

Tashrifning navbatdagi kuni delegatsiya aʼzolari Turkiya qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi Kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasida boʻldi. Bosh boshqarma boshligʻi Joʻshqin Yilmaz va Kitob shifoxonasi rahbari Nil Baydar xonim bilan uchrashib, Sulaymoniya kutubxonasi va boshqarma faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Oʻzbekistonlik olimlar qoʻlyozmalarni saqlash, raqamlashtirish va katologlashtirish jarayonlarini koʻzdan kechirdi. Muloqotlar davomida Oʻzbekistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʼzolari Istanbulning eng katta kitob xazinasi – Rami kutubxonasiga tashrif buyurdi.

Bir vaqtning oʻziga 4200 kishiga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan bu maskanda koʻplab boʻlimlar va ixtisoslashtirilgan turli kutubxonalar faoliyat yuritadi. Kutubxona inventarida roʻyxatga olingan qoʻlyozmalar va nodir bosma asarlar “Shifaxane” (qayta tiklash boʻlimi)da saqlanadi. Laboratorik tadqiqotlar natijasida jild va kitoblarning eskirganlik darajasi aniqlanib, mutaxassislar tomonidan qayta tiklash ishlari olib boriladi. Oʻzbekiston delegatsiyasi u yerdagi nodir qoʻlyozma asarlar restavratsiyasi, shuningdek, konservatsiya va taʼmirlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ayni kunlarda shu yoʻnalishda malaka oshirayotgan xodimlar ishi delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi. Markaz ilmiy xodimlarining koʻplab kitoblar, ayniqsa, “Sahihul Buxoriy” asari qoʻlyozma nusxasini restavratsiya qilish boʻyicha erishgan natijalari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi nashrlar mintaqa xalqlari maʼrifatini oshirishga xizmat qiladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Buxoriy ilmiy merosi: zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida xalqaro davra suhbati …