Home / FOTO LAVHALAR / Markaz faoliyati – Malayziya OAV nigohida

Markaz faoliyati – Malayziya OAV nigohida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Malayziyaning “RTM” (Radio Televisyen Malaysia) davlat teleradiokompaniyasi ijodiy guruhi “Syahadah” dasturi uchun Oʻzbekiston madaniy merosi va mamlakatimizda ziyorat turizmi haqida yaratayotgan hujjatli filmning Markazga oid qismini tasvirga oldi.

Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik ommaviy axborot vositalaridan sanaladigan Malayziya davlat teleradiokompaniyasining ushbu dasturi “RTM” telekanalida 2006-yildan buyon efirga uzatiladi. Ayni paytda uning auditoriyasi 10 milliondan oshadi.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi va mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Uning doirasida yurtimizning tarixiy va madaniy turizm salohiyati, amaliy sanʼati va hunarmandligi, zamonaviy turizm infratuzilmasi yoritiladi.

Tasvir ishlari davomida ijodiy guruhga Markazning xalqaro aloqalar yoʻnalishida amalga oshirayotgan ishlari, xususan, Malayziyadagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari xususida batafsil axborot berildi.

2021-yilda taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining ilk gʻolibi sifatida Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktorining oʻrinbosari Mohd Al Adib Samuri, shuningdek, dr. Muhammad Hilmi Jalil va dr. Nurul Hafizah Mohd Nor Markazda amaliyot oʻtagani, shuningdek, joriy yilning may oyida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning Markazga tashrifi mazkur aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani, Malayziyadagi Islomni anglash instituti, Islom sivilizatsiyasi instituti, Islom ilmlari universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar ijodiy guruh aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.

Malayziyalik mehmonlarga Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga oid maʼlumotlar ham berildi.

Jami 10 qismdan iborat hujjatli film kelayotgan Ramazon oyida “RTM” telekanali orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

XALQU AFʼOLIL IBOD

📚 Kitob nomi: XALQU AFʼOLIL IBOD 👤 Muallif: Imom Buxoriy ✅️Ushbu kitob Imom Buxoriyning “Xalqu …