Home / MAQOLALAR / QADIMIY VA NAVQIRON KESH – SHAHRISABZNING SAVDO-IQTISODIY BOZORLARI TOPOGRAFIK MUNOSABATLARINING XRONOLOGIK TAHLILI

QADIMIY VA NAVQIRON KESH – SHAHRISABZNING SAVDO-IQTISODIY BOZORLARI TOPOGRAFIK MUNOSABATLARINING XRONOLOGIK TAHLILI

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, ІX-X asrlarda О‘rta Osiyo shaharlarida bozor iqtisodiy ixtisoslashib, professional mashg‘ulotga aylangan va XV asrning oxiri XVI asrlar orasida yanada rivojlangan. 

Avvalo shuni ta’kidlash joizki, о‘zbeklarda bozorga borib savdo-sotiq qilishni «bozor-о‘char qilish» deyiladi. Shu о‘rinda savol tug‘iladi: bozor degani savdo qilinadigan joy ekanligi ma’lum, lekin o‘char degani qanday ma’noni anglatadi? Bozor sо‘zining eroniy tillardagi qadimiy shakli vazar, ilk davrlarda vachar, vatsal, sug‘diy matnlarda vatsar bо‘lgan bо‘lib, ma’nosi – bozor, savdo qiladigan joydir [1]. О‘zbek tilida bozor-о‘char juft sо‘z, sinonim va bir о‘zakdan hosil bо‘lgan. O‘char vachar sо‘zining adaptatsiya shakli, sug‘d tilidan о‘zgartirib qabul qilingan. Vachar qadimiy eroniy tillardan fors-tojik tiliga bozor shaklida о‘tgan. Demak, о‘zaro aloqalar markazi bо‘lgan bozor sо‘zining yasalishida turli xalqlarning о‘zaro madaniy aloqalari aks etgan.

О‘rta Osiyo shaharsozlik madaniyatining qadimdan rivojlangan viloyatlaridan biri bо‘lgan Qashqadaryo vohasi savdo-iqtisodiy munosabatlari V.S. Rastorgueva, Y.K. Molchanova,   A.Sagdullayev, P. Ravshanov, S. Korayev, B. Bobojonov, O.A. Suxareva tadqiqotlarida tahlil qilingan.

Shaharlarning yirik savdo markazlariga aylanishida  bozorlarning ahamiyati beqiyos edi. Odatda shaharlarning mavjudligini kо‘rsatuvchi belgilardan biri – bozorlarga doimo alohida ahamiyat berilgan. Bozorlarning katta-kichikligi, boyligi va boshqa jihatlari shaharlarning mamlakatda tutgan о‘rni va u yerdagi siyosiy vaziyat bilan chambarchas bog‘liq bо‘lgan[2]. Agar mamlakatda iqtisodiy tanazzul kechayotgan bо‘lsa, bozorlarning ahvoli og‘irlashgan, aksincha bо‘lsa, bozorlar gullab-yashnaganligini kuzatish mumkin.

Sharq bozorlari G‘arb dunyosidagi savdo manzillaridan kо‘plab о‘ziga xos  xususiyatlari bilan ajralib turgan. Jumladan, О‘rta Osiyo shaharlarida shaharning markazi, yani yuragi bozorlar hisoblangan va aynan shu bois hukmdor saroyi yoki qasri emas, balki aynan bozorlargina kо‘plab Sharq shaharlarining topografik markazi bо‘lgan. Shuningdek, О‘rta Osiyo shaharlarida jamiyatning turli vakillari: mansabdor shaxslar, hunarmandlar, savdogarlar, ziyolilar bilan bir qatorda yirik yer egalari ham yashar edi. Bu esa bevosita О‘rta Osiyo shaharlari tarixiy taraqqiyotining ayrim davrlarida G‘arbiy Yevropa shaharlaridan ajratib turuvchi xususiyatlaridan biridir[3].

Shahar aholisining asosiy qismi hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashg‘ul bо‘lgan. Bu yerda kо‘nchilik, kulolchilik, tо‘qimachilik, tikuvchilik, kashtachilik, zardо‘zlik, temirchilik, degrezlik, misgarlik, zargarlik va boshqa hunarmandchilik turlari rivoj topgan. Shahrisabz ilk о‘rta asrlarda Kitob shahri о‘rnida joylashgan. KATE keltirgan ma’lumotlar, xususan, Sh. S. Kamoliddinov yozishicha, vaqt о‘tishi bilan shahar markazi hozirgi Shahrisabz atrofiga kо‘chgan.[4] Jumladan, eski shahar tashqarisida yangi inshootlar qurilgan bо‘lib, shahar hukmdori saroyi va bozor ham shu yerda joylashgan. Keyinchalik shaharning mudofaa devori bilan о‘rab olinishi va mustahkamlanishi Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq. Ammo XVII asrning ikkinchi yarimiga kelib iqtisodiy inqiroz sababli Shahrisabz ham og‘ir ahvolda qolgan. Bu hol XIX asr boshlarigacha davom etgan[5].

Shahrisabz shahri ham uch qism – о‘rtaqо‘rg‘on, qal’a va raboddan iborat bо‘lgan. Bek qо‘rg‘oni shaharning shimoli-sharqiy burchagida joylashgan hamda u xalq orasida Shahrisabz Afrosiyobi nomi bilan atalgan. Qо‘rg‘onning ikkita darvozasi bо‘lib, Sharqiy darvoza Tо‘pxona, janubiy darvoza Kо‘k darvoza deb nomlangan. Qо‘rg‘on oldida shaharning asosiy maydoni – Registon joylashgan. Shahar markazida joylashgan aylanma gumbazli Chorsudan shaharning tо‘rt tomoniga kо‘chalar ketgan va bu kо‘chalar orqali shahar darvozalariga borilgan[6]. Shaharni tashqi muhitdan ajratib turuvchi qal’a devorining 6 ta darvozasi bо‘lgan. Shimoliy darvoza – Kitob, sharqiy darvoza – Kunchiqar, g‘arbiy darvoza – Kushxona, janubiy darvoza – Charmgar deb atalgan. Bundan tashqari, janubi-sharqiy burchakda ikkinchi darajali Qalmiq darvoza va Simxona darvozalari ham bо‘lgan. Shaharda 7 ta karvonsaroy va 2 ta hammom bо‘lgan.

Shahar guzarlarga bо‘lingan va har bir guzar о‘z masjidiga ega bо‘lgan.  A.L.Kun[7] keltirgan ma’lumotlarga kо‘ra, XIX asrning ikkinchi yarmida shaharda 14 ta guzar mavjud edi, XX asr boshiga kelib esa guzarlarning soni 53 taga yetgan. 

 Shahar aholisining asosiy qismi hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashg‘ul bо‘lgan. Bu yerda kо‘nchilik, kulolchilik, tо‘qimachilik, tikuvchilik, kashtachilik, zardо‘zlik, temirchilik, degrezlik, misgarlik, zargarlik va boshqa hunarmandchilik turlari rivoj topgan.

  Shahar ahlining yana bir qismi hunarmandchilik buyumlari savdosi bilan shug‘ullangan. Ular Shahrisabz bozorlarida о‘zlarining alohida rastalariga ega bо‘lgan. Yirik savdogarlar shaharlararo savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Jumladan, Shahrisabz begi ham savdo uchun maxsus mablag‘ saqlagan. Savdogarlarning asosiy qismi shahar bozorlariga yaqin guzarlarda istiqomat qilishgan. Shahrisabzning markaziy bozori Chorsu bek о‘rdasidan janubda joylashgan. XV asrning oxiri – XVI asr boshlarida bunyod etilgan ushbu Chorsu bozori hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan. Uning vujudga kelishini XV asr oxiri – XVI asr boshlariga mansub deb hisoblanadi. Chorsu timi XVIII asrning 80-yillariga oid, Niyozbek nomi bilan bog‘liq, qabilidagi qarashlar ham mavjud. Yodgorlik 1598-1602 yil sanasi bilan rо‘yxatga olingan. 

О‘rta Osiyo bozorlari qurilishi jihatidan bir qancha umumiy xususiyatlarga ega bо‘lgan. Odatda bozorlar odamlar gavjum bо‘ladigan shaharning markaziy qismida, katta kо‘chalar kesishgan yerlarda va kо‘chalar bо‘ylab vujudga kelgan. Yirik shaharlarda tijoriy ishlab chiqarishni о‘zida aks ettiradigan bitta asosiy bozor bо‘lgan. Bunday bozor kо‘pincha asosiy kо‘chalar kesishadigan joylarda о‘rnashgan bо‘lib, «chorsu», «choxarsu» deb yuritilardi. “Chorsu” sо‘zi dastlab zardushtiylarning muqaddas Avesto kitobida chovrusuk (tо‘rt tomonlama) shaklida uchraydi va “bozor” ma’nosini anglatgan. Keyinchalik bu sо‘z chaharsu va nihoyat chorsu shaklini olgan[8]. Chorsular asosan usti yopiq gumbazli bozorlar bо‘lib, ularning mayda  bо‘limlarida ma’lum mollar sotilar edi. Bundan tashqari, fors tilida yozilgan manbalarda chaharbozor (chorbozor) degan sо‘z ham uchraydi. О‘rta Osiyoda qadimdan Chorsu bilan birga rasta deb yuritiladigan maxsus joylar, hamda tim va tok deb ataladigan qubba kо‘rinishidagi bozorlar ham bо‘lgan.

Tim sо‘zi juda qadimiy sо‘z bо‘lib, bir necha ma’nolarni anglatgan. Hozirgi о‘zbek adabiy tilida usti yopiq bozor yoki rasta tomi tim deyiladi, bozor qorovuli timbon deyilgan. Arablar kelmasdan ilgari О‘rta Osiyoda tim deganda har qanday bozor tushinilgan va bu sо‘zning “bozor” ma’nosi sо‘nggi vaqtlargacha saqlanib qolgan. Tim sо‘zi Tojikistonning Mug‘ tog‘idan topilgan qadimgi (VIII asr) sug‘d yozuvlarida va arab tilida yozilgan manbalarda uchraydi. Sug‘d tilida ham tim  “dо‘kon”, “savdo binosi” ma’nolarini anglatgan.

Timlar arxitektura jihatdan uzunchoqroq shaklda, g‘ishtdan qurilgan bо‘lib, usti yopiq savdo inshootini tashkil qilgan. Unda turli rastalar joylashgan. 

Shaharda har kuni savdo bо‘ladigan ushbu bozordan tashqari bir qancha mayda bozorlar mavjud bо‘lgan. Jumladan, shaharning g‘arbiy qismida joylashgan somon bozorida chorva mollari savdosi olib borilgan. Shaharda hunarmandchilik guzarlari, bozorlar, karvonsaroylar bilan birgalikda kо‘plab masjid, madrasalar, hammom va boshqa jamoatchilik binolari ham qad ko‘targan. Umuman, Shahrisabz shahri nafaqat hunarmandchilik, balki yirik savdo  markazi ham edi[9].

1875-yilda «Turkiston xabarlari» gazetasining muharriri N.A.Mayev Shahrisabzga tashrifi haqida yozib, jumladan, bek о‘rdasi yaqinida, qal’a devori qarshisidagi keng maydondan odamlar bilan liq tо‘la bozor boshlanib ketganligini qayd etadi[10]. Uni mahalliy amlokdorlar shahar bozori va butun shahar bо‘ylab olib yurishganini xotirlaydi. Bundan tashqari, Chorsu bozorida kunduz kunlari savdo-sotiq bо‘lsa, kechalari о‘yinchi bolalarning tomosha kо‘rsatishligiga e’tibor qaratadi.

Shahrisabz vohasida juda qadimdan hunarmandchilik markazlari rivojlangan bо‘lib, ular asosan ma’lum bir soha bilan bog‘liq bо‘lgan guzarlarga bо‘lingan.

 Shahrisabzda bir-biriga bog‘liq hunarmandchilik turlari bilan shug‘ullanuvchi aholi yonma-yon guzarlarda yashaganini kuzatish mumkin. Masalan, Shahrisabzda kо‘nchilik bilan bog‘liq bо‘lgan sovungarlik va yelimgarlik bilan shug‘ullanuvchi aholi shaharning janubiy sharqida joylashgan Katta charmgar, Kichik charmgar, Meshgar hamda Yoyilma guzarlarida yashagan. Shuningdek, poyabzal tikish bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar, xususan, kavushdо‘zlar Namaton guzarida, yuqori tabaqa ahli uchun yashil teridan nozik va yuqori sifatli kovush tikuvchilar          Kitob guzari, etikdо‘zlar Xо‘ja Mirhamid va Qalqon guzarida, yaxdondо‘zlar va qamchindо‘zlar Chuyton guzarida, sovungarlar Kunduzak guzarida, telpakdо‘zlar va pо‘stindо‘zlar Telpakdо‘z guzarida kо‘pchilikni tashkil etgan. Kulolchilik va Hazrati shayx guzarida asosan kulollar yashagan, kulollik guzarining bir qismi charxchilik deb nomlangan. Bu yerda temirchilar yashagan. Shahrisabz degrezlari asosan Degrez va Chuyi xaytak guzarida, misgarlar Hovuzi Mardonda, zargarlar esa Balaxovuz, Hovuzi Mardon hamda Kunduzak guzarlarida istiqomat qilgan[11].

Qishloq xо‘jaligi va chorva bozorlari shahar chetida yoki tashqarisida joylashgan. Shu о‘rinda ta’kidlash joizki, ba’zida chorva bozori sotilayotgan hayvon turiga qarab «ot bozor», «qо‘y bozor», «mol bozor»ga bо‘lingan. Bu bozorlar atrofida о‘z navbatida chorva uchun zarur bо‘lgan pichan va yem-xashak bozorlari bо‘lgan. Biz bunday manzarani, Shahrisabz bozorlarining kо‘rinishida ham kuzatishimiz mumkin. Jumladan, Shahrisabzda ham Somon bozori shaharning chekka qismida yoki mol bozori shahardan tashqarida joylashgan. Bozorlar nafaqat shaharlardagi, balki uning atrofidagi iqtisodiy hayotning rivojlanishiga ham ijobiy turtki bо‘lgan. Shahar atrofi va qishloqlarda yetishtirilgan mahsulotlar – paxta, zigir, g‘alla, sholi, tamaki, chorvachilik mahsulotlari va boshqa kо‘pgina  mahsulot turlariga shaharlarda talab katta bо‘lgan. Bu mahsulotlarning ayrimlari shahar hunarmandlari uchun xom-ashyo hisoblangan. Bu esa kо‘plab hunar turlarining, xususan, qishloq ehtiyojlarini qondirishga ixtisoslashgan sohalarning rivojlanishiga samarali ta’sir kо‘rsatgan. Shu tariqa shahar iqtisodiyotining yetakchi sohasi- hunarmandchilik bilan qishloqlar о‘rtasida vujudga kelgan о‘zaro aloqadorlik bir tomondan, qishloqlardagi iqtisodiy taraqqiyotni, ikkinchi tomondan esa shahar xо‘jaligini, shu jumladan, shahar bozorlarining rivojlanishida asosiy omil bо‘lgan. Shahrisabzning savdo ahamiyati shahar aholisida savdogarlarning salmoqli qatlamining rivojlanishiga yordam berdi. Shahrisabz bozorining keng qatorlarida ma’lum tovarlar savdosiga ixtisoslashgan kо‘plab mayda savdogarlar bо‘lgan. Boshqa shaharlar bilan savdo qiluvchi yirik savdogarlar kо‘p bо‘lgan. Ular orasida karvon uchun tuya boqadigan Shahrisabz bekligi ham bо‘lib, tuyalar chо‘lga joylashtirilgan[12].

Xulosa qilib aytish mumkinki, Shahrisabzda eng qadimgi davrlardan boshlab mahalliy aholi tomonidan yaratilgan va qolaversa boshqa yurtlardan olib kelingan turli-tuman mahsulotlarni sotish ichki va tashqi savdoni, bozor, do‘kon, karvonsaroylar tizimi rivojlanishiga olib kelgan. О‘z navbatida bozorlar va savdo aloqalari urbanizatsion jarayonlarda doimo muhim mavqe va о‘ringa ega bо‘lgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Расторгуева В.С., Молчанова Й.К. Среднеперсидский язык// Основы иранского языкознания Й. Среднеиранские языки. – М., 1081. – С. 55
  2. Agzamova G. Sо‘nggi о‘rta asrlar О‘rta Osiyo shaharlarida hunarmandchilik va savdo. 2000. – B.39.
  3. Мукминова Р. Г. Социальная дифференциация населения городов Узбекистана в X-XVII вв. – Т., 1985. – С. 130
  4. A. Sagdullayev va boshqalar. Qadimgi Kesh-Shahrisabz tarixidan lavhalar. –T., 1998.
  5. P. Ravshanov. Naxshab va Kesh tarixi manbalari. – Qarshi, 2005.
  6. Ravshanov P. Xushvaqov N. Qashqadaryo tarixiga sayohat. – T., 2020.
  7. Подробно об этом см. А. Кун. Очеркы Шахрисабзского бекства, СПб, 1880, отделный оттиск из ЗИРГО по отделению этнографии, т. 6
  8. Korayev S. Geografik nomlar ma’nosi. – T., 1978. – B.150.
  9. Bobojonov Behruz Bahodir о‘g‘li. Kesh–Shahrisabz vohasining tarixiy guzarlari. – QarDU xabarlari. 2022.
  10. Сухарева О.А. К истории городов Бухарского ханства. Т., АН УзCCР.
  11. N.A.Mayev. Buxoro xonligi ocherklari. 2012. – B.24.
  12. Сухарева О.А. К истории городов Бухарского ханства. – Т., АН УзCCР.
BEHRUZ BOBOJONOV,
Shahrisabz davlat pedogogika instituti o’qituvchisi

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …