Home / XALQARO YANGILIKLAR / SAUDIYA ARABISTONI PODSHOHLIGI OʻZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIGA KAʼBAPOʻSH BOʻLAGINI HADYA ETADI

SAUDIYA ARABISTONI PODSHOHLIGI OʻZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIGA KAʼBAPOʻSH BOʻLAGINI HADYA ETADI

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi vakillari bilan uchrashdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov bilan Haj va umra vazirining Jidda shahridagi vakili Hasan ibn Yahyo oʻrtasida muzokarada bugungi kunda ilmiy-maʼnaviy islohotlar natijasida Oʻzbekistonda yangi ilmiy-tadqiqot muassasalari tashkil etilgani, shu orqali ulugʻ ajdodlarimizning madaniy merosini tiklash va targʻib qilish yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ayni paytda yurtimiz delegatsiyasi Saudiya Arabistonidagi boy ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega muzeylar, tarixiy obidalar va islom sivilizatsiyasi belgilarini oʻzida mujassam etgan maskanlarni oʻrganayotgani qayd etildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonining doʻstona munosabatlari, hamkorlik aloqalari bugun yuksak darajada rivojlanayotganini taʼkidladi. Xususan, bir yil avval Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashrifi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishga asos boʻlayotganini qayd etdi. Shuningdek, oʻtgan yili sentyabr oyida Haj va umra vaziri Oʻzbekistonga keldi va bu tashrif asnosida koʻplab yangi bitimlar tuzildi.

Firdavs Abduxoliqov Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maʼlumot berdi.

Davlatimiz rahbari ushbu Markaz muzeyini yangi mazmun bilan boyitish boʻyicha qator topshiriqlar bergan. Shu asosda xalqaro ilmiy jamoatchilik fikri ham oʻrganilyapti, tegishli qarorlar qabul qilinyapti. Xalqaro tajribani oʻrganish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Saudiya Arabistoniga keldik. Delegatsiyamizga koʻrsatilgan izzat-ikrom uchun mamlakatingiz hukumatiga, vazir janoblari va barcha masʼullarga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Muzeylar faoliyatini oʻrganish, tajriba bilan oʻrtoqlashish foydadan xoli boʻlmadi, – dedi Firdavs Abduxoliqov.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori vazirlik mutasaddilarini Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtadigan xalqaro kongressga taklif qildi. Hasan ibn Yahyo bu taklifni samimiyat bilan qabul qilishi va albatta, ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Vazirlik vakili Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanayotgani, yurtimizga tashrifi chogʻida Islom sivilizatsiyasi markaziga kelgani, uning ochilishini intiqlik bilan kutayotgani, Markaz muzeyi ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitishda har qanday koʻmakka, fikr almashishga tayyor ekanini izhor etdi. Ochilish marosimida Saudiya Arabistoni Podshohligining muzeyga muqaddas Kaʼbapoʻsh (kisva) boʻlagini tuhfa qilish istagini alohida taʼkidladi. U davlatlarimiz oʻrtasidagi uch bosqichli hamkorlikka alohida toʻxtalib oʻtdi.

– Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston rahbarlari oʻrtasida shaxsiy doʻstona aloqalar qaror topgan. Oʻzbekiston Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi va Musulmonlar idorasi bilan Haj va umra vazirligi oʻrtasida ilmiy aloqalar, doʻstona munosabatlar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiyaning Saudiya Arabistoniga tashrifini ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi muloqotlarning amaliy natijalaridan biridir. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining aynan shu shakl va mazmunda bunyod etilishi tahsinga sazovor. Islom madaniyati, sivilizatsiyasi bilan bogʻliq barcha narsalarni bir markazda jam qilish oqilona siyosat samarasidir, – dedi Hasan ibn Yahyo.

Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi. Ikki tomon ham hamkorlik uchun ochiq va xayrixoh ekanini bildirdi.

Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligiga Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati tomonidan nashr etilgan kitob-albom tuhfa etildi.

Samimiy ruhda kechgan uchrashuv hamkorlikni bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

Manba:cisc.uz

Check Also

XALQU AFʼOLIL IBOD

📚 Kitob nomi: XALQU AFʼOLIL IBOD 👤 Muallif: Imom Buxoriy ✅️Ushbu kitob Imom Buxoriyning “Xalqu …