Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” nomli ilmiy loyiha doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Milliy arxivi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Turon akademiyasi olimlari, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchi va talabalari, Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari hamda Turkiya va Germaniyadan tadqiqotchilar qatnashdi.
Seminarda Samarqand viloyati “Maxdumi Aʼzam Dahbediy ilmiy-tadqiqot fondi” raisi, Samarqand davlat universiteti katta ilmiy xodimi Komilxon Kattayev “Hanafiylikning Samarqand rayosat raislari va ularning ziyoratgohlari” mavzusida maʼruza qildi.
Olim dastavval Samarqand tarixiga atroflicha toʻxtalib, koʻplab tarixiy manbalardan olingan ilmiy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Samarqand allomalari haqida soʻz yuritib, shaharda joylashgan mashhur Chokardiza qabristonida abadiy qoʻnim topgan buyuk imom va olimlar nomlarini keltirdi. Uning taʼkidlashicha, ulugʻ ulamolar xokining koʻpligi boʻyicha Madinadagi Boqiya va Makkadagi Muallodan tashqari dunyodagi hech bir qabriston Chokardizaga teng kelolmaydi. Bu yerda hanafiylik mazhabining Imom Moturidiy, uning ustozi Imom Sammosiy, Imom Abulqosim Hakim, Imom Abu Lays, Imom Abu Muʼin Nasafiy, Imom Najmiddin Umar Nasafiy, Imom Kundiy, Imom Margʻinoniy, Imom Yozdah kabi ulugʻ imomlar yotibdi.
Manbalarga koʻra, qabriston hududi Samarqandning buyuk imomlaridan biri Imom Sammosiyning bogʻi boʻlgan. Imom Moturidiy oʻzidan 60-70-yil avval yashagan va oʻz bogʻining markazidagi tepalikka dafn etilgan Sammosiyning oyoq tomoniga koʻmishni vasiyat qilgani bu insonning naqadar ulugʻ darajaga ega ekanidan dalolat beradi. Birinchi boʻlib, uning egasi koʻmilgan bogʻ IX asr oxiri – X asr boshlarida allomalar qabristoni sifatida shakllangan.
Taʼkidlanganidek, Samarqand zaminining oʻzidagina shunchalik koʻp alloma oʻtganki, boshqa yurtlarda bu hol kuzatilmagan. Hozirgacha bu zaminda dunyo miqyosida taniqli eng buyuk allomalardan 25 nafarining qabri aniqlangan. Kelgusi tadqiqotlar natijasida ularning soni ortishi aniq. Ulugʻlarimizning aksariyati fiqh, hadis, kalom ilmi ulamolari, qolganlari tasavvuf tariqati namoyandalari va davlat arboblari boʻlgan.
Maʼruzachi Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Shamsulaimma Halvoyi va Samarqand hanafiylik mazhabi rayosati raisi Imom Ali Soʻgʻdiy, shuningdek, Abul Hasan Rastugʻfoniy, Imom Ali Pazdaviy va ishtixonlik olimlar hayoti va ijodiga oid maʼlumotlar ham berdi. Olim eng buyuk imom va allomalar qabri, qabrtoshlarini izlab topish va oʻrganish yuzasidan olib borilayotgan tadqiqotlar hamda ziyoratgohlarini obod qilish boʻyicha qilinayotgan ishlarga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.