Home / MAQOLALAR / SAMARQAND MATBUOTIDA JADIDLARNING ISLOM DINI VA URF-ODATLAR OʻRTASIDAGI TAFOVUT MASALASIDAGI QARASHLARI

SAMARQAND MATBUOTIDA JADIDLARNING ISLOM DINI VA URF-ODATLAR OʻRTASIDAGI TAFOVUT MASALASIDAGI QARASHLARI

Turkistonda XIX asr oxirida vujudga kelgan va XX asr boshida rivojlangan maʼrifatparvarlik harakati vakillari boʻlgan jadidlar faoliyati matbuot bilan bogʻliq kechdi. Ular matbuotda eng koʻp eʼtibor qaratgan masala ijtimoiy hayot bilan bogʻliq maqolalar boʻldi. Ular bu borada islom dini, uning amallari, urf-odat masalasiga koʻp bora murojaat qildi. Matbuot ishi Toshkent, Samarqand, Fargʻona va Buxoroda rivojlanib bordi. Ular orasida alohida oʻrin egallagan Samarqand matbuotida ijtimoiy hayotdagi marosimlar masalasi koʻp marotaba eʼlon qilingan.

Samarqand jadidlari urf-odat masalasiga jiddiy eʼtibor bilan qaradi va uning oqibatini matbuot orqali xalq ommasiga yetkazishga harakat qildi. Samarqandda 1908-yildan yangi usuldagi matbuotni yoʻlga qoʻyish uchun harakat boshlandi. Oʻsha yildan Behbudiy mustamlaka maʼmurlaridan gazeta chiqarish uchun ruxsat olishga harakat qila boshlagan [1:186]. Bu esa 1913-yilga kelib, oʻz natijasini berdi va dastlabki nashr “Samarqand” gazetasi ochildi. Abdulla Avloniy bu haqda “Elu xalqning koʻzini ochishga bois boʻldi” deb yozadi. 

Samarqand matbuotida ilk gazeta “Samarqand” boʻlsa, dastlabki jurnal “Oyina” edi. 1913-yil 20-avgustda Mahmudxoʻja Behbudiy tashabbusi bilan uning birinchi soni nashrdan chiqqan. Samarqanddagi ilk matbuot namunalari hisoblangan ushbu gazeta va jurnallarni nashr qilishdan maqsad aholiga zamonaviy ilm-fan yutuqlari va maʼrifiy bilimlarni yetkazish edi. Lekin Turkiston harbiy senzurasi bosh shtabi doimo bu nashrlar faoliyatini kuzatib borgan. Ayniqsa, ularda “Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo boʻlishi mumkin”ligi gumon qilinib, muharrirlari taʼqib ostiga olingan. Shu kabi taʼqiblar va turli tuhmatlar natijasida 1915-yil 15-iyunda “Oyina” jurnali yopiladi.

Samarqandda mazkur gazeta va jurnallardan tashqari “Mehnatkashlar tovushi” va “Zarafshon” singari nashrlar ham boʻlib, ularda ham ijtimoiy masalalarga katta eʼtibor qaratilgan. 

Mahmudxoʻja Behbudiyning “Oyina” jurnalida “Bizni kemiruvchi illatlar”[2] maqolasi nashr qilinadi. Uni muallif “…butun tirikligimizgʻa sorilgon va bizni inqirozgʻa va tahlikagʻa va jahannamgʻa yumalataturgon toʻy, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman”, [3:338] degan jumla bilan boshlaydi. Maqolada toʻy va azada boʻlayotgan isrofgarchilik haqida asosli maʼlumot keltiradi. Jumladan, Samarqandning Panjikent qasabasidagi toʻyda Navroʻz sayridagi mushakbozlikdan uch kishi oʻlgani,  xatna toʻylaridagi ot-uloqda yuzlab kishilar halok boʻlishini qayd etadi. Toʻy va azaga  sarf-xarajatlar orqasidan kelib chiqayotgan muammolar va bunga yoʻl qoʻymaslik haqida shariatda keltirilgan farzlarni ham aytib oʻtadi: “Shoreʼi aʼzam, paygʻambari akram sollallohu alayhi vasallam hazratlari oʻlganni tez koʻmub va koʻmgandan soʻngra tez tarqalib, ishgʻa ketmoqgʻa va oʻlukxona xalqini uch kundan ziyoda taʼziya tutmasgʻa, qaro kiymasgʻa, kir, falokat boʻlmasgʻa amr etarlar”.

Mahmudxoʻja Behbudiy toʻy va maʼrakalar urf-odat jihatidan kerakli boʻlsa-da, kishilarning iqtisodiy turmushini nihoyatda ogʻirlashtirib yuborayotganini, odamlarning yer va bogʻlarini sotib toʻy qilayotganini, natijada, Samarqandga kelgan yahudiylar aholi yerlarini sotib olib, oʻzini arosatga tushirayotganini afsus bilan yozadi. Oʻz fikrini quyidagicha isbotlaydi: “Samarqandda bir mahalla borki, aksar xalqi faqru zaruratdan, toʻgʻrisi, aql noqisligidan havlilarini pulgʻa qiziqib yahudiylargʻa sotgan uchun mahallagʻa oz musulmon qoldi. Mahalla maktabi yoʻq boʻldi. Masjidi-da yaqinda yoʻqolur. Mana,  aqlsizligimizning oxiri va isroflarimizning xotimasi dinimizgʻa futur kelmoqigʻa sabab boʻlur. Din uchun, masjid va maktab uchun aqcha, sarvat, davlat, somon kerakdur. Toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar. Yoʻq, hozirgi holimizgʻa davom etsak, din va dunyogʻa zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydur”.

Maqola soʻngida Mahmudxoʻja Behbudiy bu kabi illatlarni yoʻqotish xususida “toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar. Yoʻq, hozirgi holimizgʻa davom etsak, din va dunyogʻa zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydur”[3:342]  deb xulosa qiladi.

Samarqandda 1918-yildan “Mehnatkashlar tovushi” nomi bilan chiqa boshlagan gazetada Hoji Muin tomonidan eʼlon qilinadi. Maqolada yuqoridagi kabi illatlar qoralangan[4:1-2]. “Toʻy va aza marosimi” deb nomlangan bu maqola uch qismdan iborat: xatna toʻyi, nikoh toʻyi, oʻlik va taʼziya marosimi. Muallif maqolani “hatto avom xalqining koʻbisi dinning amr va nahyilarindan yuzdan biriga amal qilmagʻon holda, ota-bobolaridan qolgʻon urf va odatlardan chetga chiqmasliq uchun bor kuchi ila tirishadir” deb boshlaydi. Bu bilan XX asr boshida jamiyatda mavjud boʻlgan muammolarning sababi shariat qoidalariga amal qilmaganlikdan kelib chiqayotganini asoslaydi. Turli marosimlar yuki ostida ezilishning sababi ilmsizlik ekanini, odamlarni oʻziga asir etgan odatlarning eng zararlisi xatna, nikoh toʻyi va har xil marosimlar boʻlayotganini qayd qiladi. Bunga qarshi chora koʻrish hukumat darajasiga koʻtariladi. Shu sababli Toshkentda musulmon shoʻrosi tomonidan urf-odatlarni isloh qilish uchun hukumat qarori chiqariladi. Bu qaror ham gazetalarda nashr qilinadi. Oʻsha paytda 5-6 kungacha “bazm”, “koʻpkari” va boshqa marosimlar bilan boʻlib oʻtadigan xatna toʻyi Turkistondan boshqa xalqlarda mavjud emasligi, bu marosim uchun musulmon davlatlarida bir ziyofatgina berilishi taʼkidlanadi. Nikoh toʻydagi katta xarajat talab qiladigan marosimlarni yoʻq qilish va 20-30 kishi bilan faqatgina “nikoh”ni oʻtkazishning oʻzi yetarli boʻlishini muallif qayd etadi.

Hoji Muin aza marosimini ham tanqid ostiga olib, uni isloh qilish kerakligini, “uch”, “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” kabi kunlarda xalqqa osh berishni toʻxtatish zarurligini yozadi. Shuningdek, oʻsha kunlarda faqat 3-4 kishi kelgan holda marhum haqqiga xatmi Qurʼon qilinib, duo oʻqish zarurligini taʼkidlaydi.

Umuman, jadid maʼrifatparvarlari tomonidan koʻtarilgan ushbu masalani isloh qilish taklifi islom dini qoidalariga toʻgʻri kelishi va dunyoviy jihatdan odamlar mushkulini oson qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli edi.

Toʻy masalasida “Oyina” jurnalida Mahmudxoʻja Behbudiyning “Aʼmolimiz yoinki murodimiz” maqolasi eʼlon qilinadi. Unda oʻsha davr kishisining bir maʼraka qilish uchun qanday holatga tushishi toʻgʻrisidagi fikri keltiriladi: “Bechora kosibning aʼmoli toʻydur. Oʻzi rohat yuzi koʻrmaydur. Kecha-kunduzki 18, balki 20 soatni mehnatgʻa oʻtkaraturgʻon kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. Oʻn va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan oʻgʻil tilar, toʻy qilmoq uchun. Ana, bechoraning aʼmoli. Yigirma sanalik mehnati uch kun toʻyda tamom” [5:130]. Bu kabi misollar muallif tomonidan koʻplab keltiriladi. Toʻy-maʼraka oʻtkazgan kishining holati haqida ham toʻxtalib, uylangan va oʻlik koʻmgan kishi hunarmand-kosib yoki dehqon boʻlsa, uzoq vaqt qarz toʻlab yurishga majbur boʻlishini taʼkidlaydi. Maqolada keltirilgan ushbu maʼlumotlar XIX asr oxiri – XX asr boshidagi aholi ijtimoiy holatini yoritib berishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Bu kabi urf-odatlar bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytirish va buning oʻrniga Turkiston yoshlarini ilm-fan rivojlanayotgan Kavkaz, Qrim, Orenburg va Qozonga taʼlim usullarini oʻrganish uchun yuborish toʻgʻri boʻlishini qayd etadi.

Jadid maʼrifatparvarlari urf-odatlar borasida toʻy va aza marosimlaridan tashqari inson salomatligi haqida ham soʻz yuritgan. Shuningdek, mavjud odatlarning bu boradagi salbiy taʼsirini bayon qiladi. Bu boʻyicha Hoji Muin “Oyina” jurnalida oʻzining “Tib va hifz us-sihhatda rioyatsizligimiz” nomli maqolasini eʼlon qilgan[6]. Unda muallif musulmonlar uchun odat boʻlib qolgan kasallikni davolashda muolaja uchun folbin, azayimxonlardan maslahat va shifo istab borishni tanqid qiladi. Folbinlar soʻziga ishonishni shariat taqiqlashini ham aytib oʻtadi. Bu borada “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xastalar uchun tabiblargʻa murojaat etmoqgʻa buyurganlari, hatto oʻzlari ham tabiblardan doru soʻraganlari marviydur” deb qayd etiladi. Muallif tahlil qilayotgan davrga kelib tib ilmi zaiflashgani, tabiblarni faqat dori sotib, pul ishlash bilan shugʻullanib qolgani ham folbin va duoxonlarga murojaat etish urfga aylanishiga sabab boʻlganini koʻrsatadi.

“Zarafshon” gazetasida ham Hoji Muinning “Toʻy-taʼziya isroflari” nomli maqolasi eʼlon qilinadi[7]. Unda 1917-yilgacha matbuotda tinimsiz eʼlon qilingan maqolalar va hukumatning chiqargan qarorlari tufayli 6-7-yil davomida toʻy va taʼziya marosimlari ancha tartibga tushgan boʻlsa-da, 1924-yilga kelib ahvol yana eski holatiga qaytgani aytib oʻtiladi. Jumladan, “Nikoh toʻylaridagʻi “toʻqquz” roʻmolcha, taʼziya kunlarida qabr ustida xalqqa pul va yirtish berish, uch, yetti, yigirma, qirq qilishlar yana burungʻi holigʻa qaytdi. Kambagʻal xalqimiz u rasmu-rusum va urf-odatlarning ijrosi bilan yana ezila boshladi. Bunday isrofchiliqlar orasida yana bogʻ sotish, hovli garov qoʻyish va kekirdakkacha qarzga botishlar koʻrina boshladi”.

Xulosa qilganda, Turkiston jadidlari tomonidan matbuotda nashr qilingan va oʻz davrining asosiy illatlari yoritilgan maqolalarni oʻrganish hozirgi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega. Bunday salbiy holatni koʻra olgan va xalqning koʻzini ochish uchun eʼlon qilingan matbuot materiallarini oʻrganish davr talabidir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Doʻstqorayev B. Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi. – T., 2009.
  2. Mahmudxoʻja Behbudiy. Bizni kemirguvchi illatlar. “Oyina” jurnali.1915-yil 13-son.
  3. Mahmudxoʻja Behbudiy. Bizni kemirguvchi illatlar.
  4. Hoji Muin. Toʻy va aza marosimi haqida. “Mehnat­kashlar tovushi” gazetasi. 1919-yil 22-mart.
  5. Mahmudxoʻja Behbudiy. Aʼmolimiz yoinki murodimiz. “Oyina” jurnali, 1913-yil 6-7-sonlar.
  6. Hoji Muin. Tib va hifz us-sihhatda rioyatsizligimiz. “Oyina” jurnali. 1914-yil 33-son.
  7. Hoji Muin. Toʻy-taʼziya isroflari. “Zarafshon” gazetasi. 1924-yil 24-mart.
GULMIRA OCHILOVA,
OʻzR FA Tarix instituti katta ilmiy xodimi, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …