Home / MAQOLALAR / HAZRAT DЕSA, HAZRAT DЕGULIK

HAZRAT DЕSA, HAZRAT DЕGULIK

Hech oʻylab koʻrganmisiz, Navoiyni nima uchun ardoqlaymiz? Oltigina oyda butun dunyo falsafasini oʻzida jam qilgan “Xamsa”ni yozgani uchunmi?!

Yoʻq, Navoiy shuning uchun Navoiyki, hech bir kas undan oshirib yoza olmaydi!

Siz bilan biz Alloh taoloni zikr etganda, nari borsa, jalla jaloluh, deymiz. Hech bir sifatni ishlatmaymiz. Chunki ojizmiz.

Hazrat esa, ilhomlanib shunday vasf qiladiki, chidab turolmaysiz.

“Saddi Iskandariy”ni varaqlar ekan, kamina juda ham tuban ekanini bildi, oʻsha zot qarshisiga borib, shogird tushganimda edi, bunchalar tuban boʻlmas edim, degan oʻyga bordi. Lekin Hazratning huzuriga borishning oʻzi katta mashaqqat va masʼuliyatdir. Bildimki, bunga noloyiqman, besavodlik urchigan bugungi zamonda hech narsaga kuchim yetmaydi.

Shuning uchun oʻquvchiga Navoiyning nima uchun asrlar davomida Navoiy boʻlib qolayotganini, asarlarini oʻqishga kuchi yetmaydiganlar ham uni bunchalar hurmat qilishini koʻrsatib berishga jazm etdim.

Dastlabkisi shuki, biz Alloh taoloni zikr etganda jalla jaloluh, deymiz. Juda yaxshi.

Lekin biror eng mohir shoirimiz, eng soʻzamol doʻstimiz mana buni ayta olarmikan:

Shuncha yuzqoraliklar, rasvoliklar, beboshliklar qilgan boʻlsam-da, Sendan aslo umid uzmayman, chunki karaming daryosidan noumid emasman. Bu olamda kimki gunohkor ekan, Sening iltifotingga sazovordir. Buni bilganimdan keyin holim xarob boʻldi – umid bilan yana koʻproq gunoh sodir qildim. Eshitishimcha, Horun degan oliyhimmat shaxs “hammaning koʻplab xatosini afv qilsam” der ekan. Modomiki shunday ekan, mening qanchalik xursand boʻlishimni xalqim bilsa edi. Xalq oʻzining ana shunday gʻamxoʻrliklar bilan ardoqlanishini bilganida, Uning vasliga yetishish uchun gunohdan boshqa hech qanday ish qilmagan boʻlur edi.

Xudoyo, Horun kabi ulugʻ kishilar minglab, oʻn minglab mavjud boʻlsin. Faqat Horun emas, Ashk va Faridun kabilar ham ziyoda boʻlsin. Sening oldingda karam bobida ular xaschadir, xas ham emas, undan ham pastdir. Saxovatda bular shunchalik boʻlsa, bu bobda Seni nima deb atash mumkin?!

Navoiy shuning uchun Navoiyki, hech kim undan oʻtkazib biror narsa deya olmaydi.

Rasuli Akram sollalohu alayhi vasallamni biz qanchalar ulugʻlamaylik, Hazratning oldida barcha aytganlarimiz yengil urinish boʻladi, xolos.

Mana bunga qarang. Navoiy aytadi: Tabarruk nomlari Sayyidul mursalin (paygʻambarlarning ulugʻi) boʻlgan gunohkorlar himoyachisi va muborak sifatlariga “Biz sizni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” deb yozilgan Rasuli aminga salovatlarning eng afzali va salomlarning eng mukammali boʻlsin!

Ey boshi uzra ulugʻvorlik gavhari porlagan va jamiki paygʻambarlarning sardori boʻlgan zot! Paygʻambarlar sizning elingiz va jamoangiz, desam, toʻgʻri boʻlmas, chunki ularning vujud topishi siz tufaylidir. Avvalo sizning gavhardek pok zotingiz yaratildi, soʻngra dunyodagi boru yoʻq narsalar bir-bir paydo boʻldi.

Bir paytlar, hali nuringiz zuhur etmagan vaqtda qorongʻulik ham, yorugʻlik ham ayon emas edi. Haq sizning nuringizni mahbub qilib, uning ziyodasidan jamiki osmon shamlarini yoritdi. Bu chiroq oʻz shuʼlasini yoritishi bilan barobar, barcha paygʻambarlar uchun ham yorugʻlik manbai boʻldi. Faqat paygʻambarlar emas, nimaiki jonli mavjudot boʻlsa, hammasi bu ulugʻ nur – gugurt ziyosidan kushoyish olar edi. U ziyoni gugurt emas, qizil yoqut, u ham emas, obi hayot deb aytsak, toʻgʻriroq boʻlar.

Vujudingizni taqdir avvaldan noyob-nodir qilib yaratar ekan, siz tufayli barcha paygʻambarlarni gʻilu gʻashdan arigan, pokiza qilib bunyod etdi.

Tangri sizning pok zotingizni hamma narsadan ilgari yaratdi, shunday ekan, Odam ato sizga farzand boʻlsa, ajab emas. U otalik rasmida sizdan ulugʻdir, ammo asli yaratilishida sizga farzand oʻrnidadir. Modomiki shunday ekan, siz unga ota boʻlib, uning yosh bola sifatida yaratilganiga ajablanmasa ham boʻladi. Chunki bu tushunchaga “Men Paygʻambarman” degan hadis ham dalildir. Demak, Odam ato sizga oʻgʻil oʻrnida boʻlsa, boshqalar nabira qatorida boʻlishi tabiiy.

Sizning nasl-nasabingiz aqlni lol qoldiradi, moʻjizalaringiz esa aqlli-zukkolarni hayratga soladi.

Bundan oʻtkazib aytish mumkinmi?

Siz hali ham Navoiyni oʻqimaysizmi?!

Anvar BABAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SALAVOT AYTISHNING FAZILATI

Paygʻambarlarga imon keltirish imonning asoslaridan biridir. Aqida kitoblarida har bir musulmon Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi …