Hijriy ilk asrlar (milodiy VII asr)dan boshlab Movarounnahr, ayniqsa koʻhna Samarqand hududidan koʻplab olimlar yetishib chiqib, oʻlkada islom dinining keng yoyilishi bilan bir qatorda hadis, fiqh, tafsir va aqida kabi islomiy ilmlar rivojiga hissa qoʻshgan. Quyida hudud tarixi, islom dinining kirib kelishi va uning Bunjikat, Maymurgʻ, Varagʻsar, Vazor, Yorkas, Burnamaz, Kabuzanjikas kabi shahar va qishloqlaridan yetishib chiqqan muhaddis olimlar haqida soʻz yuritamiz.
Arab manbalarida Sumron [13:246] koʻrinishida zikr etilgan Samarqand shahri Zarafshon (Soʻgʻd) daryosining janubiy qismidan yetti kilometr uzoqlikda joylashgan aholi istiqomat qilgan eski hududdir [51:2626-2627]. Samarqandning ichki shahri devor bilan oʻralganidek, tashqi tomoni ham devor bilan oʻralgan edi. Shaharning tashqi devori oʻn ikki farsax uzunlikda boʻlgan. Devorning ichki tomonida bogʻlar, ekin yerlari va tegirmonlar mavjud boʻlgan. Tashqi devorning oʻn ikki eshigi boʻlib, har bir eshik oraligʻi bir farsax edi. Shaharni hujumdan himoya qilish uchun devorlar tepasida minora va qalʼalar mavjud boʻlgan. Tashqi devorning oʻn ikkita darvozasi ham temirdan qilingan [20:621]. Daryo boʻyida va keng shahar oʻrtasida ichki shahar mavjud edi [26:279]. Oʻrta asrlardagi Samarqand shahri haqida aniq tasavvurga ega boʻlish mumkin emas. Ammo bugungi kunda qabul qilingan maʼlumotlar haqiqat boʻlsa, bu shahar zamonaviy Samarqand shimolidagi Afrosiyob deb nomlangan xarobaga toʻgʻri keladi [7:90]. Ushbu ichki shahar toʻrt eshikli devor bilan oʻralgan. Sharq tomonidagi darvoza Xitoy darvozasi deb ataladi va yer sathidan yuqorida joylashgan. Xitoy darvozasiga koʻp bosqichli zinapoya orqali boriladi, yuqoridan esa Soʻgʻd vodiysi koʻrinib turadi. Gʻarbiy tomonda Navbahor darvozasi baland joyda joylashgan. Shimol tomonda Buxoro darvozasi, janubda Qish darvozasi joylashgan [18:492].
Samarqand aholisi haqidagi maʼlumotga koʻra, Chingizxon bosqinidan oldin shaharda yuz mingga yaqin oila yashagan. Agar bu voqeadan koʻp yillar oldin shahar Xorazmshoh tomonidan yoqib yuborilgani va vayron etilganini eʼtiborga olsak, Samarqand Somoniylar davrida besh yuz mingdan ortiq aholiga ega boʻlganini taxmin qilish mumkin [7]. Shaharning suvga ehtiyoji oqar suvning qoʻrgʻoshindan yasalgan kanal orqali shaharga kirishi bilan qoplangan. Ushbu kanal boʻylab yerdan balandlikda bir kamar qurilgan. Zargarlik doʻkoni yonida doʻkon oʻrtasida toshdan yasalgan ombor mavjud boʻlgan. Omborda miskarlar bozoridan boshlab Qish darvozasidan shaharga kirgunga qadar suv oqib oʻtadi [18]. Shahar ichidagi katta kanal islomdan oldingi davrda mavjud boʻlgan eski kanal boʻlib, suv ular oʻrtasidan oqib oʻtgan va shaharning eng soʻlim joyi boʻlgan “Raʼsut toq” mavzesini ham suv bilan taʼminlagan [21:317]. Bu katta kanaldan ajralib chiqqan kichik irmoqlar shahar koʻchalari yonidagi uylarning koʻpiga yetib borgan. Natijada koʻplab xonadonda muntazam oqib oʻtgan suv mavjud boʻlgan. Shahar koʻcha va bozorlarining yogʻoch darvoza bilan bekitilishi va koʻpgina uylardagi bogʻlarning jozibali yashilligi ushbu suv natijasi edi [14:248].
Samarqand nomining manbalari haqida turli rivoyatlar mavjud. Manbalarda eng koʻp tilga olingan rivoyatlarga koʻra, Yaman viloyatida buyuk davlat tuzgan Himyariylar qiroli Samir oʻn besh ming kishilik armiyasi bilan Iroqqa, keyin Xitoyga yoʻl olgan. Soʻgʻd viloyatiga kelganida, u hozirgi Samarqand deb nomlangan shaharga keldi, shahar aholisi unga qarshilik koʻrsatib, Samirga juda koʻp qiyinchilik tugʻdirgan. Shu sababli u odamlarning aksariyatini qirgʻin qilib, shaharni vayron qilgan. Shu sababli, bu shaharni Samir vayron qilgan, xarobaga aylantirgan yer maʼnosida Samirkent deb nomlangan. Keyinchalik arablar bu yerni fath etib, Samarqand deb nomlagan [20:621]. Bartold Yaman qirollarining Samarqandga kelishini afsonaning bir parchasi sifatida qabul qilgan [7:91-92].
Samarqand viloyati tarkibiga oʻn ikki rustoq (hudud) kirgan. Oltitasi – Bunjikat (Panjikent), Varagʻsar (Varagser), Maymurgʻ, Sanjar-Fargʻon, Dargʻom, Abgor, Zarafshon (Soʻgʻd) daryosining janubida, qolgan oltitasi Yorkas, Buzmajon, Burnamaz, Kabuzanjikas, Vazor va Marzbon shimolida joylashgan. Maymurgʻ, Kabuzanjikas va Abgor kabi baʼzi hududlar islomdan oldingi davrda hukmron xonadon vakillari tomonidan boshqarilgan [8].
Hududga islom dinining kirib kelishi
Soʻgʻd nomi arab tilidagi manbalarda ikki xil koʻrinishda beriladi. Biri “sin” harfi bilan “سغد”, ikkinchisi “sod” harfi bilan “صغد” shaklida keladi. Yoqut Hamaviy bu shahar haqida quyidagilarni yozadi: “Ikkita Soʻgʻd mavjud. Biri Buxoroning Soʻgʻdi, ikkinchisi Samarqand Soʻgʻdi. Soʻgʻd – suvi serob, daraxtlari yam-yashil boʻlib, unda turli sayroqi qushlar va besh kunlik masofaga choʻzilgan jannatmakon bogʻlar bor. Daraxtzor koʻpligidan uning aksariyat joyiga quyosh nuri tushmaydi, daraxtlar orasidan shahar koʻrinmay turadi. Soʻgʻd Buxoro va Samarqand orasida boʻlib, unda koʻplab qishloqlar joylashgan. Markazi – Samarqand shahri. Abu Abdulloh Maqdisiy Soʻgʻddagi oʻn ikkita koʻrkam joyni sanab oʻtgan. Ulardan oltitasi – Amudaryo janubida joylashgan. Ular Panjikent, Varagʻsar, Maymurgʻ, Saharqaʼr, Dargʻom va Avfar. Qolgan oltitasi shimoliy tomonda joylashgan. Ular Borgat, Varimad, Burmojar, Kabuzanjikas (Kabudanjakat), Vazor va Mirzabon. Uning Koshoniya, Ishtixon, Dabusiya, Kesh, Nasaf va Kirmoniya nomli shaharlari bor. Baʼzilar Buxoroni ham Soʻgʻd deb biladi va Jayhunning boshlanish joyidan Buxorogacha boʻlgan yerlarni Soʻgʻd deb tushunadi. Bu notoʻgʻri, Soʻgʻd aslida vodiy nomi” [13:222-223,409]. Qutayba ibn Muslim Soʻgʻdning koʻrkam va goʻzal manzarasiga mahliyo boʻlib qolgani haqida manbalarda taʼkidlanadi [17:1247]. Keyinchalik Soʻgʻd “Amirul moʻminin boʻstoni” [17:1302] degan nomga ham sazovor boʻlgan. Tarixiy manbalarda Soʻgʻd nomi asosan Samarqandga nisbatan qoʻllangan. Bu ikki atama bir-birining oʻrnida ham qoʻllangan [27].
Samarqandga hadis ilmining kirib kelishi islom dinining bu mintaqada tarqalishi bilan bogʻliq, albatta. Muhaddislar islom maʼrifatining Samarqandda rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan [28:48].
Samarqand ilmiy muhiti tarixi bilan shugʻullangan Abu Hafs Nasafiy (1068-1142) “Kitobul qand fi zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand ulamolari toʻgʻrisida qanddek shirin kitob”) asarida [4:622] Movarounnahrga birinchilardan boʻlib kirgan musulmonlar rivoyat qilgan bir qator hadislarni keltirgan. Samarqandda ilk davrda arab sarkardalari marfuʼ hadislar, yaʼni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytgan soʻzlardan koʻra koʻproq sahoba, tobein, xalifa va hokimlar aytganlarini xabar sifatida rivoyat qiladi. Baʼzan tarixiy shaxslar soʻzlari hikmatli maqollar sifatida rivoyat qilinadi. Bu esa islom dinining vaqt oʻtgani sayin mahalliy xalqlar hayotiga yanada chuqur kirib borganini koʻrsatadi. Zaif va ishonchsiz hadislarni tanqid qilish bilan birga, sahihlarini toʻplamga jamlash jarayoni ham boshlanib ketdi. Bu borada olimlar turli yoʻnalishlarda ish olib bordi. Quyida Samarqandning turli hududlaridan yetishib chiqib, Movarounnahr hadis ilmi rivojiga hissa qoʻshgan olimlar haqida soʻz yuritiladi.
Panjikent (Bunjikat, Bunjikas) – Amudaryo janubida joylashgan shahar boʻlib, Istaxriy matnlarida – بنجيكث نحٮكت ٮٮحٮكث ٮحيكٮ ٮٮحكت بيجكت يحكت koʻrinishlarida ham kelgan. Buxoro daryosi, yaʼni Zarafshon boʻyidagi shahar [15:113]. Bu shahar Mugʻ togʻidan topilgan soʻgʻd hujjatlarida pncyknδh shaklida [46:221], XVI asr hujjatlarida Panjikat پنجيكث shaklida qayd etilgan [34:397]. Hozir ham bu shahar Panjikent deb ataladi [25:91]. Ilk oʻrta asrlarda bu yerda yirik shahar boʻlib, uning xarobalari katta maydonni egallagan. Arxeologlar bu yerda devorlariga rangli suratlar chizilgan katta ibodatxona, hashamatli qasrlar va mahallalarning qoldiqlarini kovlab topgan [16].
J.Kramers matnida mazkur nom Bumijkat بومجكث shaklida berilgan [12:503], lekin bu Buxoroning eski nomidir. M. de Guye tanqidiy matnida – Bunjikat بونجكث [2:379] va Bunjikas بنجكث [26:49]. Bunjikat nomi sugʻdcha βwnh– “teshik” soʻzi va -s suffiksidan yasalgan boʻlishi mumkin [25:96]. X asrda bu shaharda Ushrusana amiri qarorgohi boʻlgan [15:115]. Bu shahar hozirgi Oʻratepa oʻrnida joylashgan boʻlishi mumkin [9:191]. Boshqa fikrga koʻra, u Oʻratepa daryosi havzasidagi Shahriston qishlogʻi va uning atroflarida joylashgan boʻlib, uch qismdan iborat, uning xarobalari Qalʼai Qahqaha deb ataladi. Kuhandiz Qalʼai Qahqaha II, shahriston Qalʼai Qahqaha I, rabod esa Shahriston qishlogʻining oʻzidagi xarobalar oʻrnida joylashgan [32].
“Bunjiykas” (baʼzi manbalarda Bunjikat)dan yasalgan nisba boʻlib, Samarqanddagi qishloqlardan birining nomi. Abu Muslim Moʻmin ibn Abdulloh ibn Yunus Bunjikasiy (Bunjikatiy) shu qishloqqa nisbat berilgan muhaddis va roviy boʻlib, manbalarda Muhammad ibn Nasr Batuxiydan [6:60] hadis rivoyat qilgani keltirilgan.
Ustrushona vohasi poytaxti Bunjikat – Samarqanddan olti farsax (36-48 km) masofada joylashgan. Bunjikatdan yarim farsax masofadagi Sangzor daryosi va shaharning hozirgi davrdagi oʻrni esa Jizzax viloyatining Baxmal tumani deb belgilangan.
Mazkur shaharga nisbat berilgan muhaddis olimlardan biri – Usmon ibn Yahyo ibn Muhammad Hajjoj Bunjikatiy Samarqandiy boʻlib, X asr oxiri XI asr boshida yashab ijod qilgan. Bunjikatda tugʻilgan. Soʻng ilm olish maqsadida Samarqandga koʻchib oʻtadi va shu yerda muqim yashab qoladi. Usmon ibn Yahyo Bunjikatiy ilm-maʼrifat yoʻlida juda koʻp Sharq mamlakatlariga boradi. Xususan, 426/1035-yil Masjidul Haromda juma kuni kechqurun hadislarni shayx faqih Abulqosim Abdurahmon ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh Ansoriydan hadis rivoyat qilgani haqida maʼlumot bor. Mavjud manbalarda Usmon ibn Yahyo Bunjikatiyning tavallud topgan va vafot etgan yili haqida birorta maʼlumot keltirilmagan. Usmon ibn Yahyo Bunjikatiy 426/1035-yili Masjidul Haromda hadis rivoyat qilganidan xulosa qilsak, uning vafot sanasini 426/1035-yildan keyin desak boʻladi [6:59].
Maymurgʻ (مايمرغ) – Istaxriy matnlarida – ماٮمرح , ماى مرع, ما يفرٮح , شمرغ kabi shakllari ham uchraydi. Samarqanddan janubi-sharqda joylashgan Maymurgʻ nomli rustoq. Samarqanddan ikki yoki uch farsax masofada joylashgan [40:136]. Bu rustoq nomi avest. Māya – “shodlik”, “yaxshilik” va sugʻd. mrγw – “oʻrmon”, “oʻtloq” soʻzlaridan yasalgan [25:141].
Maymurgʻ (مايمرع) – bu joy Buxoro va Nasaf orasidagi yoʻlda joylashgan kichik shaharcha boʻlgan [12:517].
“Maymurgʻ” (baʼzi manbalarda Moyamargʻ)dan yasalgan nisba boʻlib, Naxshab tomondan Buxoroga ketish yoʻlidagi qishloqlardan biri “Maymurgʻ” deb nomlangan. Shuningdek, Samarqand shahri atrofidagi bir qishloq ham “Maymurgʻ” nomi bilan atalgan.
Bu hududdan ham koʻplab muhaddis olimlar yetishib chiqqan, jumladan:
Abu Nasr Ahmad ibn Ali ibn Hasan ibn Iso Maymurgʻiy (243/857-304/916-y.) solih, toʻgʻri soʻz, koʻp hadis rivoyat qilgan muhaddis boʻlgan. Abu Amr Muhammad ibn Sobir, Abu Saʼid Xalil ibn Ahmad, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Ismoil va Buxoro qozisi Abu Ahmad Hakimdan taʼlim olgan. Allomadan esa, Abu Bakr ibn Isʼhoq Kaloboziy, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Baladiy va boshqa muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Abu Nasr Ahmad ibn Ali ibn Hasan ibn Iso Maymurgʻiyning vafot etgan yili borasidagi maʼlumotlarda ixtilof bor. Jumladan, Shamsiddin Zahabiyning yozishicha, alloma toʻqson yil umr koʻrgan. U 243/ 857-yili tavallud topgan, 304/916-yili vafot etgan [49].
Muhammad ibn Abu Abdulloh Maymurgʻiy (vaf. 396/1006) oʻz davrining mashhur faqih va voizlaridan biri boʻlgan. Buxoroga borib, u yerdagi ustozlardan taʼlim olgan. Koʻplab muhaddis va roviylardan hadislar rivoyat qilgan. Oʻz navbatida, Muhammad ibn Abu Abdulloh Maymurgʻiydan ham koʻplab allomalar hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, jiyani – shogirdi Abdulaziz ibn Ahmad ibn Muhammad Buxoriy usul fiqh ilmida mashhur olim va muhaddis boʻlib, amakisi Muhammad ibn Abu Abdulloh Maymurgʻiydan hadis ilmini oʻzlashtirib, bir qancha hadis rivoyat qilgan.
Manbalarda qayd etilishicha, alloma 396/1006-yil, robiul avval oyining avvalgi oʻn kunligida, dekabr oyi boshlarida Buxoroda vafot etgan. Maymurgʻ qishlogʻiga olib kelib, dafn etilgan [43].
Abu Mushhid Muhammad ibn Ali ibn Muhammad Maymurgʻiy Nasafiy (vaf. 535/1141) zohid, solih, vazmin purviqor kishi boʻlib, ahli ilmlardan boʻlgan. Xalq orasida solih kishilardan deb yuritilib, hadis ilmi borasida ishonchli kishilardan boʻlgan. Buxoroda istiqomat qilgan. Abulyusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn Pazdaviy, Abu Bakr Muhammad ibn Hasan ibn Mansur Nasafiy, Abu Ato ibn Ahmad Haraviy kabi allomalardan hadis rivoyat qilishga ruxsat olgan. U 535/ 1141-yili vafot etgan [44:118].
Abulmuayyad Muhammad ibn Ahmad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Nasr ibn Muso ibn Ahmad Maymurgʻiy Nasafiy (442/1050-yili tugʻilgan) muhaddis, olim, imom, fozil kishi boʻlgan. Hijoz va boshqa shaharlarga borib, u yerdagi allomalardan hadis eshitgan va rivoyat qilgan. Najmiddin Umar Nasafiyning yozishicha, alloma 442/1050-yili “Maymurgʻ” qishlogʻida tavallud topgan. Manbalarda Muhammad ibn Abdusattor ibn Muhammad Imodiy Kardariydan (vaf. 642/1244) taʼlim olgani haqida maʼlumot keltirilgan [23:24].
Abulabbos Fazl ibn Nasr Maymurgʻiy Samarqandning “Maymurgʻ” qishlogʻida tavallud topgan Abbos ibn Abdulloh Samarqandiydan hadis rivoyat qilgan. Oʻz navbatida, allomadan faqih Bakr ibn Muhammad ibn Ahmad kabi allomalar hadis rivoyat qilgan [41].
Faxriddin Muhammad ibn Ilyos Maymurgʻiy oʻz zamonasining mashhur faqihlaridan biri boʻlgan. Alloma Kardariyning shogirdi boʻlib, “Al-Hidoya” asarini rivoyat qilgan. Husayn ibn Ali ibn Hujjoj ibn Ali, Hisomuddin Sigʻnoqiylardan tahsil olgan. “Faxriddin” – “Din faxri” unvonini olgan [24].
Samarqandning Varagʻsar hududiga nisbat berilgan olim – Abu Zakariyo Yahyo ibn Muhammad Varagʻsariy boʻlib, tarixchi olim Samʼoniy u haqda: “Varagʻsar – Samarqanddan toʻrt farsax (27-28 km.) uzoqlikdagi qishloq. Xoja Abu Zakariyo Yahyo ibn Muhammad Varagʻsariy bu nisbat bilan mashhur obid va zohid kishi boʻlib, Samarqanddan besh farsax uzoqlikda Varagʻsar rabotining xoʻjayini boʻlgan. Chiroyli yodgorlik meros qolgan. Muhaddislar undan hadis rivoyat qilgan. 230/844-yil, rabiul avval oyida vafot etgani” haqidagi maʼlumotni keltirgan.
Istaxriy “Yer surati kitobi” asarining “Samarqand ariqlari” bobida keltirgan maʼlumotlarga koʻra, Varagʻsar soʻgʻdcha soʻz boʻlib, “toʻgʻon boshi” degan maʼnoni anglatadi. Bu yer daryo suvini ariqlarga taqsimlanish joyi, arabcha tarjimasi “Raʼc as-Sakr” yoki “Raʼc as-Sadd” boʻlib, XI asrda Samarqandda Siqoya boshi (turkiycha “toʻgʻon boshi”) boʻlgan. “Suv togʻlar orasidagi [oʻsha nohiya]dan oqib chiqib, Bunjikatga (بنجيكث), keyin esa “Toʻgʻon boshi” maʼnosini anglatadigan Varagʻsar (ورغسر) nomli bir yerga yetib boradi. Bu yerdan Samarqand ariqlari ajralib chiqadi va vodiyning gʻarbiy qismida Samarqand tomondagi rustoqlar ularga bevosita tutashadi.
Vodiyning sharqiy qismidagi ariqlar [esa] Varagʻsar qarshisidagi Gʻubor nomli yerdan boshlanadi, chunki aynan shu yerda togʻlar ayrilib, ekin ekish va ariq oʻtkazish mumkin boʻlgan yerlar boshlanadi. Varagʻsardan Nahr Barsh, Nahr Bormish va Nahr Bashmin [nomli] ariqlar boshlanadi” [19:57,204-205].
Varagʻsarda uzumzor va bogʻlar boʻlib, ularning egalari xiroj [toʻlovi]dan ozod etilgan, buning evaziga esa ularga shu toʻgʻonlarni tuzatib turish [vazifasi] yuklatilgan [19:60].
Varagʻsar (hozirgi Rabotxoʻja)da joylashgan katta ziyoratgoh “Xoja Abu Zakariyo Varagʻsariy” nomi bilan ataladi. Mazkur ziyoratgoh Urgut tumani Rabotxoʻja qishlogʻi, hozirgi Zarafshon daryosining irmoqlarga boʻlinish joyi (toʻgʻon boshi)dagi hududda joylashgan boʻlib, X asrlarga qadar Rabotxoʻja – Varagʻsar nomi bilan atalgan.
Taniqli olim N.Begaliyev akademik V.V.Bartold bergan maʼlumotga asoslanib, Xoja Abu Zakariyo Varagʻsariyni “844-yilda vafot etganini” [31:76-77] qayd qilgan. “Qandiya” asari muallifi Xoja Abu Zakariyoni “Xoja Zikriyo Isfaroniy”, deb keltirib, uning qabrini “Samarqand daryosi yoqasida, shahardan besh farsax yoʻlda” [3:92] joylashganini aytib oʻtgan.
Xoja Abu Zakariyo Varagʻsariy qabr toshida: “… shayx, zohid, muttaqiy imom Abu Zakariyo ibn Yahyo Varagʻsariy, 230/844-yil rabiul avval oyida vafot etgani” [50:73-75] qayd etilgan. Bundan maʼlum boʻladiki, Rabot xoʻja otaning asl ismi Xoja Abu Zakariyo, otasining ismi Yahyo, bobosining ismi esa Muhammad ekani, Varagʻsariy shu yerda yashaganidan dalolat qilsa, u kishi ustozi kabi muhaddislardan biri sanalib, obidu zohidlik darajasiga yetgan mashhur allomalardan boʻlgani ayon boʻladi.
Sh.Kamoliddinov keltirgan maʼlumotga koʻra, bu hududdagi eng qadimgi qayroq toshlar samarqandlik shayx Abu Zakariyo ibn Yahyo Varagʻsariy (vaf. 230/844) va oʻzgandlik shayx Abu Ziyod ibn Ismoil (vaf. 230/844) ga tegishli [22:134]. Ammo bu qayroq toshlar ham XI asrda, qabrlarga qayroq toshlar qoʻyish ommaviy tarqalganidan keyin qoʻyilgan boʻlishi ham mumkin [29:8-10].
Rabotxoʻja qishlogʻidagi Xoja Abu Zakariyo Varagʻsariy qabri ustiga qachonlardir qurilgan maqbara, vaqt oʻtishi bilan buzilib, oʻz holatini batamom yoʻqotgach, 1970, 1995, 1997-yillarda (eski maqbara gʻishtlaridan foydalangan holda) maqbara bino qilingan [5]. Mazkur maqbara oʻrtasi katta gumbazli, oʻng va chap-yon tomonlari kichik gumbazli tarzda bunyod etilgan. Maqbaraning uch (sharq, janub va shimol) tomonidan kirish eshiklari qoʻyilgan. Asosiy kirish eshigi sharq tomonda boʻlib, dastlab maqbara oʻrtasidagi katta gumbazli xonaga kiriladi. Ushbu xona koʻrinishidan namoz oʻqishga moʻljallangan, uning chap tomonining gʻarbi (qiblasi)da Xoja Abu Zakariyo Varagʻsariy qabri joylashgan. Undan sharq tomonda birinchisi xotini, ikkinchisi qizi va oxirgisi nomaʼlum kishi qabri oʻrin olgan.
Maymurgʻ tarkibida boʻlgan Varagʻsarga arab qoʻshinlari bir necha bor yurish qilgan [47]. Zarafshon daryosi shimolida joylashgan Yorkas (Yarkat) (ياركث) – Istaxriy matnlarida – ٮاركٮ واركب باركٮ shakllarida ham uchraydi.
Ushrusana chegarasidagi rustoq [26:279]. Ushrusanada ham shu nomli qishloq boʻlgan [1:469]. Agar bu nom Borkat (Aborkat) nomining oʻzgargan shakli boʻlmasa, unda turkiy jar – “jar” soʻzidan yasalgan boʻlishi mumkin [11:238]. Sharqiy Turkistonda ham shu nomli shahar boʻlib, hozir u Yorkent deb ataladi.
Yorkasiy – “Yorkas”dan yasalgan nisba boʻlib, Samarqand shimolida joylashgan qishloqlardan birining nomi. Bu hududdan ham koʻplab muhaddis olimlar yetishib chiqqan.
Abu Muhammad Abdulmulk ibn Husayn ibn Abi Ahmad Matuiy Sahhok Yorkasiy Ustrushonaning “Yorkas” qishlogʻida tavallud topgan, keyinchalik Samarqandning “Nuqadul ayn” mahallasiga koʻchib kelib, shu yerda muqim yashagan. Abdulmulk ibn Husayn Yorkasiy hadislarni Tohir ibn Muhammad Nadariy va Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali ibn Tarxon vositasida Muhammad ibn Mohondan rivoyat qilgan. Abdulmulk ibn Husayn Yorkasiydan esa Abulfath Muborak ibn Ismoil Termiziy rivoyat qilgan. Manbalarda Abdulmulk ibn Husayn Yorkasiyning tavallud topgan yoki vafot etgan sanasi haqida biror maʼlumot keltirilmagan [6:69].
Abulfazl Muhammad ibn Muhammad ibn Fazl Yorkasiy Husayn ibn Koshafuriydan hadis rivoyat qilgan. Allomadan Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy rivoyat qilgan [6:71].
Imron Ibn Muso Yorkasiy hadislarni Abu Rujo Barbariy vositasida Abdusamad ibn Muʼqildan rivoyat qilgan. Oʻz navbatida, Iso ibn Husayn Kasbaviy Imron Ibn Muso Yorkasiydan rivoyat qilgan [6:71].
Abu Bakr Muhammad ibn Hasan ibn Jaʼfar ibn Ali ibn Ahmad Yorkasiy (1055-1126) Ustrushonaning “Yorkas” qishlogʻida tavallud topgan boʻlib, keyinchalik Samarqandga koʻchib oʻtadi va shu yerda muqim yashaydi. Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy alloma haqida shunday deydi: “Doʻstimiz Muhammad ibn Muhammad ibn Hasan Yorkasiyning otasi Samarqandda yashab, qozi imom Muhammad ibn Ahmad Xaffofdan fiqh ilmidan taʼlim olgan”. Muhammad ibn Hasan Yorkasiy hadislarni Abu Bakr ibn Hamza Madiniy vositasida qozi Abu Ali Hasan ibn Muhammad ibn Jaʼfar Faqoiydan eshitib, yozib olgan. 520/1126-yili vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan [6:87].
Burnamaz – Istaxriy matnlarida – ڡرٮمد , ٮورميد , قورعد , موٮمرد , ڡورٮمد kabi shakllarda uchraydi. Ibn Havqalda Furnamad فورنمذ [19:63]. “F” va “B” harflarining almashuviga qaraganda) bu rustoqning asl nomi Purnamad boʻlsa kerak. Samarqanddan 2 farsax masofada Ushrusana tomonda Burnamaz بورنمذ nomli qishloq va tuman joylashgan [35:33]. Bu rustoq hozirgi Jizzaxning janubi-sharqidan oqib oʻtuvchi Ravotsoy havzasida joylashgan. Bu yerdagi eng katta qishloq Paymart deb ataladi. Ehtimol uning nomi qadimgi Burnamad nomining buzilgan shaklidir [10:149-152]. Bu rustoqda oqar suv boʻlmagan, uning aholisi faqat yomgʻir suvi va buloqlardan foydalangan [33:40,85].
“Burnamaz” (baʼzi manbalarda Burnamad)dan yasalgan nisba boʻlib, Ustrushonaning Samarqand yaqinidagi qishloqlaridan biri. Burnamadning lugʻaviy maʼnosi “bugʻlanish” soʻzini anglatadi.
Abdurahmon ibn Maoz ibn Husayn Burnamaziy hadislarni Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Abdulloh Abdiy va Abu Usmon Salim Balxiy vositasida Abu Maʼshar Hishom ibn Urvadan rivoyat qilgan. Abdurahmon ibn Maoz ibn Husayn Burnamaziydan hadislarni oʻgʻli Abu Ahmad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Maoz ibn Husayn Burnamaziy va Abdulloh ibn Masʼud ibn Komil Samarqandiy rivoyat qilgan. Abdurahmon ibn Maoz Burnamazda hadis aytgan [6:71].
Abu Ahmad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Maoz ibn Husayn Burnamaziy (vaf. 899) yetuk muhaddis olim boʻlib, uning hadis ilmi borasidagi shakllanishida oilaviy muhitning ahamiyati katta boʻlgan. Zero, uning ilk ustozi ham oʻz otasi muhaddis Abdurahmon ibn Maoz boʻlgan. Abdulloh ibn Abdurahmon Burnamaziy hadislarni otasidan rivoyat qilgan. Ali ibn Noʻmon Kabuzanjakasiy Abdulloh ibn Abdurahmon Burnamaziydan rivoyat qilgan [6:72].
Kabuzanjkat كبوذنجكث – Istaxriyning matnida كٮحوٮحكث shakli mavjud. Samarqanddan 2 farsax masofada joylashgan shaharcha [36:345].
Kabuzanjikasiy – “Kabuzanjikas”dan yasalgan nisba boʻlib, Samarqanddan ikki farsax uzoqlikda joylashgan shahar.
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Nasr ibn Anbar ibn Jarir ibn Muhammad ibn Shahuya Zabbiy Kabuzanjikasiy (vaf. 315/927) Samarqanddan ikki farsax uzoqlikda joylashgan Kabuzanjikas shahriga Marvdan kelgan muhaddis olim. Siqa [45] roviy boʻlib, koʻplab hadis rivoyat qilgan. Ahmad ibn Nasr Atakiy, Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy, Said ibn Hoshim Kogʻaziy, Abu Dovud Sulaymon ibn Mabad Sinjiy, Ali ibn Hashram Mabirsamiy va Ali ibn Nazr Marvaziylardan hadis tinglagan, saboq olgan. Oʻz navbatida, bir qancha olimlar undan hadis rivoyat qilgan. 315/927-yilda vafot etgan [37:28].
Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Nuʼmon ibn Sahl Kabuzanjikasiy (vaf.377/987) Samarqanddan ikki farsax uzoqlikda joylashgan Kabuzanjikasga mansub muhaddis olim. Kabuzanjikas shahri voliysining maxsus kotib (“Aminul hukkam”)ligini qilgan. Ustozlari orasida otasi, Ibrohim ibn Hamdavayh (Hamduya) Ishtixoniy va boshqa muhaddislar oʻrin olgan. Abu Said Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiy kabi olimlarga ustozlik qilgan. 377/987-yilda tugʻilib oʻsgan Kabuzanjikasda vafot etgan [38].
Fotima binti Ali ibn Nuʼmon Kabuzanjikasiy (vaf.380/990) Samarqanddan ikki farsax uzoqlikdagi Kabuzanjikasga mansub hadis olimi. Muhaddis Abu Bakr Muhammad ibn Alining singlisi. Ustozlari orasida otasi va Nazr ibn Rasul Yazdodiy kabi olimlar oʻrin olgan. Abu Said Idrisiyga ustozlik qilgan. 380/990-yilda vafot etgan [42].
Vazoriy – “Vazor”dan yasalgan nisba boʻlib, Samarqand shimolida joylashgan qishloqlardan birining nomi. Bu hududdan ham koʻplab muhaddis olimlar yetishib chiqqan.
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Solih Xatib Samarqandiy Vazoriy (vaf. 1110) “Vazor” qishlogʻining xatibi boʻlib, 480-487/1087-1094-yillar orasida tugʻilgan. Hofiz Abu Hafs Umar ibn Mansur ibn Habib va boshqa ulamolardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa boshqalar rivoyat qilgan. Umar Nasafiy alloma haqida bunday deydi: “U mening qoʻshnim edi. Mening imlo majlislarimga kelib turar edi. 503/1110-yil Samarqandda “Baroat” kechasi vafot etdi. Sankdiza qabristoniga dafn etildi”. Oʻgʻli Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Abdulloh Xatib Vazoriy ham solih shayx va xulqi chiroyli kishi boʻlgan [48].
Abu Mazohim Siba ibn Nazr ibn Masʼada ibn Bujayr ibn Nazr ibn Habib Bakriy Vazoriy (vaf. 269/882) Samarqanddan 4 farsax uzoqlikda joylashgan Vazor qishlogʻiga nisbat berilgan muhaddis olim. Ali ibn Abdulloh Madaniy va Yahyo ibn Maʼinlardan taʼlim olgan. Abu Iso Termiziy, Muhammad ibn Isʼhoq Hofiz Samarqandiy, Hasan ibn Ali Nazr Tusiy, Muhammad ibn Munzir Haraviy va boshqa olimlarga ustozlik qilgan. 269/882-yilda vafot etgan va Vazor qishlogʻiga dafn etilgan [39].
Abu Bakr Muhammad ibn Siba ibn Nazr ibn Masada Vazoriy (vaf.290/903) Camarqanddan toʻrt farsax uzoqlikda joylashgan Vazor qishlogʻiga nisbat berilgan. Ustozlari orasida otasi Abu Mazohim Siba ibn Nazr, Somoniylar amiri Nasr ibn Ahmad ibn Asad, Abdulloh ibn Abdurahim Samarqandiy va boshqa muhaddis olimlar oʻrin olgan. 290/903-yilda vafot etgan [37:581-582].
Abul Hasan Ali ibn Umar Taqiy ibn Kulsum ibn Ibrohim ibn Abdulloh ibn Abdurahmon Vazoriy Samarqanddan toʻrt farsax uzoqlikdagi Vazor qishlogʻiga mansub muhaddis olim Salmon ibn Ahvas Dabusiy va Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy kabi olimlardan hadis tinglagan, saboq olgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Umar Vazoriy Muaddib, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Shohin Forisiy va koʻplab boshqa olimlarga ustozlik qilgan [37:581]. Ustozi Iso Termiziyning 279/892-yilda vafot etgani [30] hisobga olinsa, III/VIII asr oxirlarida yashaganini taxmin qilish mumkin.
Tadqiqot davomida hijriy ilk uch asrda Soʻgʻd vohasidan yetishib chiqib, hadis ilmi shakllanishi va rivojlanishiga hissa qoʻshgan yigirma ikki nafar muhaddis tarixi oʻrganildi. Ularning tarixiga oid nodir qoʻlyozma asar va qayroqtoshlar aniqlandi. Muhaddislarning Bunjikatiy, Yorkasiy, Burnamaziy, Vazoriy, Kabuzanjikasiy kabi nisbalar bilan kelgani, Soʻgʻd hududida shu nom bilan ataluvchi shahar yoki mavzelar mavjud boʻlganini koʻrsatadi.
Geosiyosiy jihatdan janubni shimol bilan, sharqni gʻarb bilan bogʻlovchi asosiy markazlardan biri sanalgani sababli Soʻgʻd hududi ilm-fan taraqqiy etishida muhim oʻrin tutgan. Shuningdek, mahalliy aholining ilk asrlardan boshlab islom ilmlari rivojlanishi aholi savodxonligi islom kirib kelishiga qadar ham yuqori boʻlganidan dalolat beradi.
Soʻgʻdlik muhaddislar – vohaning nafaqat maʼnaviy-madaniy taraqqiyoti uchun, balki ijtimoiy-siyosiy sohalarida ham muhim oʻrin tutganini Abu Zakariyo Yahyo ibn Muhammad Varagʻsariy, Abu Nasr Ahmad ibn Ali ibn Hasan ibn Iso Maymurgʻiy, Muhammad ibn Abu Abdulloh Maymurgʻiy, Usmon ibn Yahyo ibn Muhammad Hajjoj Bunjikatiy Samarqandiy kabi olimlar hayoti misolida koʻrish mumkin.
Hijriy ilk uch asrda Buxoro va Samarqand shaharlarida hadis ilmining rivojlanish jarayonini oʻrgansak, birinchi asr mintaqaning fathi va tobeinlar avlodidan boshlangan hadis ilmining mintaqaga kelishi asridir. Ikkinchi asrda esa Buxoro va Samarqand shaharlarida muhaddislar yetishib chiqishi va boshqa ilmiy markazlardan oʻlkaga hadis olimlari kelgan asrdir. Movarounnahrda, ayniqsa Buxoro va Samarqand shaharlarida hadis ilmining eng muhim rivojlanish bosqichini koʻrsatgan asr uchinchi asr boʻldi. Buxoro va samarqandlik muhaddislarning jins jihatidan tarqalishi oʻrganilganda, ular orasida Fotima binti Ali ibn Noʻmon Kabuzanjikasiy (vaf. 380/990) nomli bir ayol roviy ham boʻlgani koʻzga tashlanadi.
Buxoro va Samarqand shaharlarida faqatgina hadis ilmi emas, balki tafsir, kalom va fiqh ilmlari ham keng rivojlangan. Bu ilmlarning eng koʻzga koʻringan namoyandalari ham ushbu oʻlkadan yetishib chiqqan. Ushbu sohaga oid eng qimmatli asarlar ham shu yerda yozilgan.
-
Abd al-Karim al-Samʻani. The Kitab al-Ansab / Reproduced facsimile from the manuscript of British Museum with an introduction of by D.S.Margoliouth. – Leiden-London, 1912. J. XIII.
-
Abuʻl-Kasim Ibn Haukal. Viae et regna, Descriptio ditionis Moslemicae / Ed. M.J. de Goeje. – Bibliotheca Geographorum Arabicorum, pars 2. – Lugduni Batavorum: E.J.Brill, 1873.
-
Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad an-Nasafiy as-Samarqandiy. Al-qand fi tarixi Samarqand (Qandiya). Tadqiqot, tarjima, soʻzboshi, izoh va lugʻatlar muallifi K. Kattayev. – Samarqand: Soʻgʻdiyona, 1994.
-
Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Nazar Muhammad Foryobiy tahriri ostida. – Saudiya Arabistoni: Maktabatul kavsar, 1991.
-
Amonov M. Xoja Abu Zakariyo Varagʻsariy ziyoratgohi. https://www.bukhari.uz/?p=6950 Respondentlar: Rabotxoʻja mahallasi istiqomat qiluvchi Rahmat bobo Tursunov va Farmon bobo Xudoyberdi oʻgʻli (79 yoshda).
-
Atayev M. Jizzax allomalari.
-
Bartold V.V. Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya // Bartold V.V. Sochineniya. T. I. – M.: Vostochnaya literatura, 1963.
-
Bartold V.V. Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya // Bartold V.V. Sochineniya. T. I. – M.: Vostochnaya literatura, 1963. – B. 97-98; Ibn Xavqal. Suratul arz. Kramer-Yoxannes Xeynd tahqiqi. – Leyden, 1938. 498-500; Istaxriy, Abu Isʼhoq. Masolikul mamolik. – Bayrut: Dorus sadr, 2004. – B. 321-323.
-
Beleniskiy A.M., Bentovich I.B., Bolshakov O.G. Srednevekovыy gorod Sredney Azii. – Leningrad: Nauka LO, 1973.
-
Gritsina A.A. Ustrushanskiye bыli. – T.: 2000.
-
Drevnetyurkskiy slovar. – Leningrad: Nauka LO, 1969.
-
Ibn Haukal. Opus geographicum. Liber imagines terrae. Bibliotheca geographorum arabicorum. J.H. Kramers. – 8 Vol., – V. II. – Lugduni Batavorum: Brill, 1967.
-
Yoqut al-Hamaviy. Muʼjam al-Buldon. J.3. – Bayrut: Dar Bayrut, 1984.
-
Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. Ahmad Noji Jamoliy nashri. – Qohira, 1906. J. III.
-
Hudud al-ʻAlam, the Regions of the World / A Persian geography / Translated and explained by V. Minorsky. – London, 1970.
-
Jivopis drevnego Pendjikenta. – Moskva: Izd-vo AN SSSR, 1954.
-
Ibn Jarir Tabariy. Tarixut Tabariy. – Ar-Riyod: Baytul afkorud davliyya, 2005.
-
Ibn Xavqal. Suratul arz. Kramer-Yoxannes Xeynd tahqiqi. – Leyden, 1938.
-
Ibn Havqal. Kitob surat al-ard (Yerning surati kitobi). Arab tilidan tarjima, izohlar muallifi Sh.S. Kamoliddin. – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2011.
-
Ibnul Faqih, Abu Abdulloh. Kitobul buldon. Yusuf Hoviy tahqiqi. – Bayrut, 1996.
-
Istaxriy, Abu Isʼhoq. Masolikul mamolik. – Bayrut: Dorus sadr, 2004.
-
Kamoliddin Sh.S. Predaniya o rannix poxodax arabov v Ferganu (Safid Bulan).
-
Qurashiy. Javohirul muziyya. J.2.
-
Qurashiy. Javohirul muziyya. J.2. – B. 213; Usul faxri-l-islom 5/14.
-
Lurye P.B. Istoriko-lingvisticheskiy analiz sogdskoy toponimii. Diss.kand.filol.n. – Sankt-Peterburg: LO IV RAN, 2004. – B. 91.
-
Maqdisiy, Abu Abdulloh. Ahsanut taqosim fi maʼrifatil aqoliym. Muhammad Amin Dannoviy tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 2002.
-
Mallaboyev A. Oʻzbekistonga islom dinining kirib kelishi va uning ilk taʼlimotlari. https://e-tarix.uz/vatan-tarixi/1079-ozbekistonga-islom.html
-
Markaziy Osiyo madaniyati va sanʼati: Ilm-fan // Moziydan taralgan ziyo. – T.: Sharq, 1998.
-
Masson M.Ye. Sredneaziatskiye namogilnыye kayraki // EV, vыp. 11. M.; L.: Izd-vo AN SSSR, 1956.
-
Mizziy. Tahzibul kamol. J. XXVI. – B. 252; Zahabiy, Shamsuddin. Siyaru aʼlamin nubala. Shuayb Arnavut tahqiqi. – Bayrut: Muassasatur risala, 1990. J. XIII. – B. 277.
-
N.Begaliyev. Samarqand toponimiyasi. SamDCHTI. – Samarqand. 2011.
-
Negmatov N.N. Usrushana v drevnosti i rannem srednevekovye // Trudы Instituta istorii, arxeologii i etnografii AN TadjSSR. T. 55. – Stalinabad: Izd-vo AN TadjSSR, 1957. – B. 30-31, 84; Negmatov N.N., Xmelniskiy S.G. Srednevekovыy Shaxristan (Materialnaya kultura Ustrushanы). Vыp. 1. – Dushanbe, 1966. – B. 191-196.
-
Negmatov N.N. Usrushana v drevnosti i rannem srednevekovye // Trudы Instituta istorii, arxeologii i etnografii AN TadjSSR. T. 55. – Stalinabad: Izd-vo AN TadjSSR, 1957.
-
Samarkandskiye dokumentы XV-XVI vv. o vladeniyax Xodji Axrara v Sredney Azii i Afganistane / Faksimile, kriticheskiy tekst, perevod, vvedeniye, primechaniya i ukazateli O.D. Chexovich. – Moskva: Nauka, 1974.
-
Samʼoniy, 1980, II: 328; V.
-
Samʼoniy, 1980, X.
-
Samʼoniy Abu Saʼd. al-Ansob. Abdulloh Umar Barudiy tahqiqi. – Bayrut: Dorul jannon, 1988. J. V.
-
Samʼoniy Abu Saʼd. al-Ansob. Abdulloh Umar Barudiy tahqiqi. – Bayrut: Dorul jannon, 1988. J. V. – B. 28; Ibnul Asir. Lubob. J. III. – B. 27; Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. Ahmad Noji Jamoliy nashri. – Qohira, 1906. J. IV. – B. 435.
-
Samʼoniy Abu Saʼd. al-Ansob. Abdulloh Umar Barudiy tahqiqi. – Bayrut: Dorul jannon, 1988. J. V. – B. 581; Nasafiy. al-Qand. – B. 115-116; Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. Ahmad Noji Jamoliy nashri. – Qohira, 1906. J. V. – B. 369.
-
Samʼoniy. al-Ansob. – Bayrut: Muhammad Amin Dimaj, 1980. J. IX.
-
Samʼoniy. Al-ansob. J. 5. – B. 185; Kitob ulamo van nujum. – B. 60; Abdulloh Abdulhamid Saad. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – B. 326.
-
Samʼoniy. Al-ansob. J. V. – B. 28; Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. Ahmad Noji Jamoliy nashri. – Qohira, 1906. – B. 435.
-
Samʼoniy. Al-ansob. J.11. – B. 331; Qurashiy. Javohirul muziyya. J.1. – B. 246.
-
Samʼoniy. At-taxbir fil muʼjamil kabir. J.1.
-
Siqa – ishonchli (adolati va zehni yuqori darajada boʻlgan roviy).
-
Smirnova O.I. Karta verxovyev Zeravshana pervoy chetverti VIII veka // Stranы i narodы Vostoka, vыp. 2. Geografiya, etnografiya, istoriya. – Moskva, 1961.
-
Tabari. Istoriya at-Tabari. Izbrannыye otrыvki. Perevod s arabskogo V.I. Belyayeva. Dopolneniya k perevodu O.G. Bolshakova i A.B. Xalidomirova. – T.: 1987. – B.135.; Bartold V.V. Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya. Soch. T.I. – M.: Vostochnaya literatura, 1963. – B.249.
-
Shamsiddin Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubala. – J. 19. – B. 369; Samʼoniy. Al-ansob. J. 5. – B. 582.
-
Shamsiddin Zahabiy. Tarixul islam. J.29. – B. 398; Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J.5. – B. 50; Kalobodiy. Bahrul favoid bi maʼnal axyor 1/1; Samʼoniy. Al-ansob. J.5. – B.184.
-
Epitafii musulmanskix uchenыx Samarkanda (X-XIV veka). Vvedeniye, podgotovka k izdaniyu originalnыx tekstov, perevodы, kommentarii: B.M. Babadjanov, L.N.Dodxudoyeva, A.K.Muminov, U.Rudolf. – Stambul, 2019. – S. 73-75.
-
Şemsettin Sami. Kamus el-Alam. J. VI.