Home / FOTO LAVHALAR / Hamkorlikka ehtiyoj katta

Hamkorlikka ehtiyoj katta

Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Italiyaning «CORIES» islomiy diniy jamiyati vitse-prezidenti, Milan shahridagi Al-Vohid masjidi imomi Yahyo Serjio Pallavichini boshchiligidagi delegatsiya 8-iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov kutib oldi. Delegatsiya aʼzolari dastlab Markaz muzeyi va kutubxona ishi bilan tanishdi. Eksponatlar va kitoblar fondi ularda katta qiziqish uygʻotdi.

Shundan soʻng Markaz rahbariyati bilan Italiya delegatsiyasi vakillari oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Unda Sh.Ziyodov Markazning maqsad va vazifalari, bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot jarayonlari xususida maʼlumot berdi.

Delegatsiya rahbari Yahyo Serjio Pallavichini Markaz faoliyatiga yuqori baho berib, kelgusida millatlararo va dinlararo munosabatlarni yanada yaxshilashga doir loyihalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik oʻrnatish taklifini bildirdi.

Suhbat chogʻida diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash, radikalizmga qarshi kurashish, islomning asl mohiyatini keng targʻib etishga qaratilgan xalqaro konferensiya va onlayn seminarlar tashkil qilish, hadisshunoslik sohasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish zarurati va dolzarbligi taʼkidlandi. Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekistondagi ilmiy markazlar vakillarining Italiyaga safarini tashkil etish va turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga, 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan «Bagʻrikenglik haftaligi» tadbirlarida ikki mamlakat tadqiqotchilari ishtirokini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Muloqot doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Indoneziyalik yirik davlat arbobining qalb izhori

Xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasining beshinchi Prezidenti, Milliy tadqiqot va innovatsiya …