Home / MAQOLALAR / MAVLAVIY CHOʻBIN QISMATI

MAVLAVIY CHOʻBIN QISMATI

Jahonda qaysi mamlakatda intellektual salohiyatli insonlar, yaʼni daholar koʻp boʻlsa, shu mamlakat boshqalarga nisbatan yuksalib boradi. Kishilik tarixida har bir zamon va jamiyat salohiyati va ravnaqi uning ilmga munosabati bilan oʻlchanadi. Musulmon dunyosi ham ilm maʼrifatga intilgan davrlarda martaba va maqomi baland boʻlgan. Aksincha, ilm-fandan yuz oʻgirganida qoʻllaridan nusrat, saltanat, savlat ketgan, xoʻrlangan va xorlangan [1:69].

Tarixda aynan johillar qoʻlida halok boʻlgan allomalardan biri Mavlaviy Choʻbindir. Qoʻqon xonligining mashhur Zodiyon  qishlogʻida tavallud topgan va tarixda Mavlaviy Choʻbin nomi bilan mashhur boʻlgan mutafakkir Mullo Asrorqul Toʻychi mirzo oʻgʻli – Xudoyorxonning uchinchi xonligi davrida (1865–75) Qoʻqonda yashagan. U 1875-yili olomonni oʻrda talon-torojidan toʻxtatmoqchi boʻlganda oʻldirilgan. Bu haqda  manbalarda quyidagi maʼlumotlar uchraydi: “Xoʻqanddagi maqbuli omma, ustozi ulamoi Xoʻqand boʻlgan Mavlavi Chubin domulloni noinsof fuqarolar bosib borib, xoʻb kaltaklab oʻldirib qoʻydilar”.

Muarrix Mirza Olim  Mushrifning “Ansob  us-salotin  va tavorix al-xavoqin” asarida ham johil olomonning 1875-yilda Qoʻqonga  bosqin qilgani va Mavlaviy Choʻbinni halok qilgani haqidagi maʼlumot bor. Mushrif oʻz asarida ushbu voqealar haqida quyidagi misralarni keltiradi:

 

Nechani qatl ayladilar, xazinani toroj etib,
Rustoyi shahr xalqigʻa vabo boʻldi, darigʻ.
Mavlaviy Chubin bila ul Abdumoʻmin rishni
Qatl qildilar, hama kori qazo boʻldi, darigʻ.
Masjidi jomeda jamʼ oʻldi jami xosu om,
Chui hujumi guftugoʻyi mojaro boʻldi, darigʻ [2:103].

 

Mavlaviy Choʻbin toʻgʻrisida Poʻlotjon Domulla Qayyumovning fikri diqqatga sazovordir:

“Choʻbin – bu kishining nomi Mullo Asrorqul boʻlub, Toʻychi Mirzo nomli kishining oʻgʻlidur. Qoʻqon shahrining sharqi janubiy tomonida boʻlmish Zohidonlidur. Sheʼrda ham ixtisosi boʻlmish esa-da, biror narsasini koʻrushga muyassar boʻlolmadik. Otasi ham qishloq ziyolilaridan boʻlub, xon saroyida munshilik mansabida boʻlmishdur. Chunki mirzo unvoniga egadur. Mulla Asrorqul qishloq maktabida xat savod chiqarib olgach, shaharga kelib, Madrasai Muhammad Alida tahsil etmish. Soʻnra Hindistonga borib, riyoziyot va ilmi hayʼat fanlaridan oʻqub, bu ilmlardan bahramand boʻlub qaytib keladur. Boshda bu olimni yaxshi qabul etsalar ham diniy taʼqibli ulamo va shayxlar unga qarshi edilar.

Ilmi hayʼatda Oʻrdadagi Arkda boʻlmish Salomxona maydoniga yogʻochdan yasab doirai hindiya bino  etadur – yaʼni soyadan vaqtni oʻlchash soati yasaydur. Xonga maqbul boʻlub, olimga siporiy aytib qarshi chiquvchilardan himoya etadur. Madrasai jomeʼga birinchi mudarris Ulugʻxon toʻraga noib etib qoʻyiladur. Bu kishi xondan koʻmak olib, shul doirai hindiya masjidi jomeʼga ham yasaydur. Oʻz zamonasining ruhi, saviyasiga toʻgʻri kelmagan hayʼat fani ustida shugʻli ziyoda boʻlganidan mutaassib ruhoniy olimlar toʻgʻridan toʻgʻri kufr fatvosigacha boradilar. Lekin xondan qoʻrqub, yashirin igʻvo fasodga vaqt poylab turadurlar. 

1875 nchi yil yoz oylarinda Xudoyor Toshkandga qochib ketadur. Oʻgʻli Nasriddin hali Hoʻqandga yetib kelmagan edi. Xudoyorga qarshi koʻturilgan  qoʻzgʻolonchilardanmiz, deb boʻsh holda qolgan shaharni va Oʻrdani talashga uringan Bachqirli olomon Jomeʼga kelib, kimnidur ovoz chiqarib, ochiq qichqirib, Jomeʼga kirib shariatga sigʻmaydurgan soatni buzishga targʻib etadur. Boshqa olimlar yoʻl qoʻyib beradilar. Soat buziladur. Bu bilan qanoatlanmay Jomeʼ ayvonining oʻng tomonidagi hujraga qarab alomon yugurib borishib, hujradan Mulla Asrorqul domulloni sudrab olib chiqib ayvon oldida urib oʻldiradurlar. Xalqqa xitoban ovoz chiqarib Mavlaviy Chubinni himoya qilgʻon Domulla Hoʻjamqul degan Mavlaviyning doʻstini ham axtara boshlaydilar. Hovlisiga kelib qochib yotgan begunoh kishining ham uyiga bostirib kirishib obrez oldida shahid etadurlar. Oʻrdaga undan Arkka chiqib talab qaytib ketadurlar. Soʻnra oʻz  shogirdi Mulla Ismoil tomonidan Zohidonga jasadi olib borilib, oʻz yeriga dafn etiladur. Atrofiga gul ekib qoʻyuladur. Hozir shu joy Gulmozor deb  yuritiladur.

“Doirai Hindiya” yogʻochdan yasalganidan (va) bu(ni) olim Hindistondan oʻrganganidan bu kishini Mavlaviy Choʻbin deb atagan edilar. Har holda bu kishi Xoʻqandli hayʼatshunoslardan boʻlub, Ahmad Donishga barobar munavvar hur fikr olimlardan boʻlub shul yoʻlda shahid etilmishdur.

1908-yilda Zohidonda boʻlganimda Muhammad Amin  qozi nomli mulla kishiga uchrashib edim. Bu kishi Mavlaviy Choʻbinning oʻgʻli ekani maʼlum boʻlub edi” [3:307-309].

Vaqfnomalarda bayon qilinishicha, Mavlaviy Choʻbinning otasi Toʻychi mirzo Zodiyonda masjid bino qilgan. Keyinchalik bu masjidga Mullo Asrorqul Oxund, yaʼni Mavlaviy Chubin mutavalli boʻlgan.

Maʼlumotlarga koʻra, Toʻychi mirzoning Asrorqul Oxunddan boʻlak Toshmuhammad ismli oʻgʻli ham boʻlib, qishloqda yuqumli kasallik tarqalgan vaqtda vafot etgan. Mullo Asrorqul Oxund keyinchalik Zodiyonning Roʻzibiy va Ahmad qozi mahallalaridan yer sotib olib, shu joylarda masjidlar qurdirgan va oʻz mulkini vaqf qilgan.

Vaqf hujjatlaridagi maʼlumotlarga koʻra, Mullo Asrorqul Oxund, yaʼni Mavlaviy Chubin Zodiyoning Tovushqon degan mavzesidagi qabristonga dahma qurdirgan. Ushbu dahma hamda qabriston uchun alohida vaqf belgilab, oʻgʻli Abdulatifni mazkur vaqflarga mutavalli etib tayinlagan. Bunday vaqf hujjatlarining birida uning Ulugʻbibi ismli qizi ham boʻlgani qayd etilgan.

 

Zodiyon masjidining vaqfnomasi

Vaqfnoma Qoʻqon qogʻoziga koʻchirilgan boʻlib, hajmi  24×44 sm.  8 ta muhr bosilgan. Vaqfnomaning qisqacha mazmuni quyidagicha.

Xoʻqand dorulmulkiga qarashli Zodiyon qishlogʻida joylashgan masjidi hududining bayoni. Gʻarb tomondan Yunus soʻfi Niyozqul soʻfi oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Shimol tomondan katta yoʻlga tutashgan. Sharqdan xuddi shimol tomon kabi. Janub tomondan Roʻzixon bibi mulkiga tutashgan.

Mazkur qishloqda joylashgan bir qitʼa yer maydonining bayoni. Gʻarbdan katta ariq boʻyiga tutashgan. Shimol tomondan qisman Bobo Qirgʻiz mulkiga va qisman Mavlonqul polvon mulkiga tutashgan. Sharqdan ham uning mulkiga tutashgan. Janub tomondan katta yoʻlga tutashgan.

Tarix 1266 (milodiy 1849) yili Oxund Mullo Asrorqul mudarris  Toʻychi mirzo marhum oʻgʻli iqrori moʻtabari shaʼriy qildi shul haqdakim, uning marhum akasi Toshmuhammad oʻlat chogʻida ogʻir betob boʻlgani bois barcha ishini uning zimmasiga yuklatgan edi. Shu sababdan 20 tillo xoʻqandiyga vaqfnomada koʻrsatilgan yerni sotib olib, masjidga vaqf qilishni shart qilgan edi.

Vaqf qilguvchining shartiga koʻra, vaqfning mutavallisi ushbu masjidning imomi tayin etilib, vaqf qilingan yerdan olinadigan hosildan avvalo masjidni taʼmir ishlariga va uni yoritish uchun sarflanishi va hosildan qolgan (qismi) masjidning imomiga ajratilishi belgilab qoʻyildi.

Vaqfnomaga muhr bosganlar:

Domla Rahimjon qozi kalon. 1259, muftiy Abdullohxoʻja ibn  Xoʻjaxon. 1257, qozi Muhammad Yaʼqub, Mirzo Nosir qozi. 1262, muftiy Abdumaʼri, muftiy Mirzo Shoh Samiʼ. 1263, Yaʼqub aʼlam, Mirzo Abduhoshim aʼlam [4].

 

Zodiyondondagi Toʻychi Mirzo masjidining vaqfnomasi

Vaqfnoma Qoʻqon qogʻoziga koʻchirilgan boʻlib, hajmi 31×40 sm. 9 ta muhr bosilgan. Vaqfnomaning qisqacha mazmuni quyidagicha.

Xoʻqand dorulmulkiga qarashli Zodiyon qishlogʻida joylashgan masjid hududining bayoni. Gʻarb tomondan katta yoʻlga tutashgan. Shimol tomondan xuddi gʻarb tomondagi kabidek. Janub tomondan qisman Boboxon va qisman Adham Abdurahmon soʻfi oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Sharq tomondan qisman Mir Mirakning mulkiga va qisman Mavlonqulning mulkiga tutashgan.

Mazkur qishloqda ushbu masjidga vaqf qilingan taxminan sakkiz qoʻshdan iborat yer hududining bayoni. Gʻarb tomondan zovurga tutashgan. Shimol tomondan qisman Bobo Qirgʻiz va qisman Mavlaviy Toʻychi mirzo oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Sharq tomondan Zodiyondangi Karimberdi Mirshikor tomonidan barpo qilingan boshqa masjidning vaqf yeriga tutashgan.

Tarix 1266-yili safar oyi (milodiy 1850-yilning dekabri)da Oxund Domulla Asrorqul mudarris Toʻychi mirzo marhum oʻgʻli oʻz tassarufidagi mulkini mazkur masjidga vaqf qilganligini iqrori sarih sahih moʻtabari shaʼriy qildi.

Vaqf qilguvchilarning shartiga vaqf mutavallisi etib Mavlaviy Asrorqul mudarrisning oʻzi boʻlib, undan keyin uning avlodlaridan munosibirogʻi tayin etilishini va vaqf qilingan yerdan olinadigan hosilning oʻndan bir qismi mutavalliga va qolgan qismi masjidni taʼmir ishlariga va uni yoritish uchun va yana bir qismi masjidning imomigakim, agar imom solih kishi boʻlib bolalarga taʼlim bergudek boʻlsa sarflanishi belgilab qoʻyildi. Imom bu shartga loyiq boʻlmasa, u holda mutavalli mablagʻni boshqa imom kelgunga qadar saqlashi ham shart qilindi.

Vaqfnomaga muhr bosganlar:

Mullo Rahimjon qozikalon. 1257, Abdullohxoʻja muftiy. 1257, Muhammad Yaʼqub qozi, Mirzo Nazar qozi. 1262, Mirzo Shosaid muftiy. 1263, Mullo Samiʼ muftiy, Xush Odil aʼlam. 1261, Mir Abduxoliq aʼlam, muftiy Abdumaʼri [5].

 

Zodiyon masjidi vaqfnomasi

Vaqfnoma Qoʻqon qogʻoziga koʻchirilgan boʻlib, hajmi 26×40 sm. 2 ta muhr bosilgan. Vaqfnomaning qisqacha mazmuni quyidagicha.

Xoʻqand dorulmulkiga qarashli Zodiyon qishlogʻi Roʻzibiy mahallasida joylashgan bir hovli hududining bayoni. Gʻarb tomondan Muhammadrasul soʻfining mulkiga tutashgan. Shimol tomondan Xoliqqul Jonboʻta oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Sharqdan mazkur vasiqani sotuvchi Muhammadolim  Ahmad qozi oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Janub tomondan katta yoʻlga tutashgan.

Tarix 1281-yilning zulhijja oyi (milodiy 1866-yilning apreli)da mazkur Muhammadolim oʻzini yuqorida bayon etilgan hovlisini masjid mutavallisi Mavlaviy Asrorqul mudarris Toʻychi mirzo marhum oʻgʻlining ishonchli vakili Muhammadrahim Xudoyberdi oʻgʻliga 28 tilloga sotganligini iqrori sarih sahih moʻtabari shaʼriy qildi. Mazkur Muhammadrahim ushbu hovlini masjidning vaqf puliga sotib oldi.

Zodiyoda joylashgan mazkur masjid hududining bayoni. Gʻarb tomondan katta yoʻlga tutashgan.  Shimoldan ham shunday. Sharq tomondan  Mavlon soʻfi Mullo Xudoyor oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Janub tomondan qisman Abdurahim Abdurahmon oʻgʻlining ekinsiz yeriga va qisman Boboxon Abdurahmon oʻgʻlining mulkiga tutashgan.

Vaqfnomaga muhr bosganlar:

Qozi Mulla Voseʼ ibn Domulla Muhammadrahim al-Mutavakkil aʼlo Abu Muhibulloh al-Qadim 1273 (1857).

Muhammad Zakariyo aʼlam ibn Domullo Emin. 1274. (milodiy 1858).

Vaqfnomada ishtirok etgan ahli majlis:

Mullo Yaʼqubbiy, Mullo Muhammadamin, Abduvali pahlavon, Xoliqqul oqsoqol, Boboxon, Tosh oqsoqol, Botirboy, Muhammadrahim, Sulaymon mergan, Niyozaliboy, Asrorboy, Qobilboy va boshqa ahli muslimlar [6].

 

Ahmad qozi mahallasidagi Asrorqul Oxund Mavlaviy masjidining vaqfnomasi

Vaqfnoma Qoʻqon qogʻoziga koʻchirilgan boʻlib, hajmi  33×34 sm. 2 ta muhr bosilgan. Vaqfnomaning qisqacha mazmuni quyidagicha.

Xoʻqand dorulmulkiga qarashli Zodiyon qishlogʻi Ahmad qozi mahallasida joylashgan Asrorqul Oxund Mavlaviy Toʻychi mirzo oʻgʻli tomonidan barpo qilingan masjid hududining bayoni. Gʻarbdan qisman katta yoʻlga va qisman Sultonqul Boboxonboy oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Janubdan qisman Sultonqul mulkiga va qisman xos yoʻlga va qisman Asrorboy Bekboʻtaboy oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Sharq tomondan qisman Asrorqul Esonqul oʻgʻlining mulkiga va qisman Usta Mavlon mulkiga tutashgan. Shimoldan Usta Mavlonning ekinsiz yeriga va qisman katta yoʻlga tutashgan.

Mazkur qishloqda joylashgan yana bir qitʼa yer maydonining bayoni. Gʻarbdan katta yoʻlga tutashgan. Janubdan xuddi gʻarb tomondagi kabi.  Sharqdan Mavlon soʻfi Qoʻrchi soʻfi oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Shimoldan Abduvali polvon Ahmad qozi oʻgʻlining mulkiga tutashgan.

Tarix 1297-yili jumodil soniy oyi (milodiy 1879-yilning mayi)da Boboqulboy Muhammadamin polvon oʻgʻli va Muhammad Sodiq Roziq oʻgʻli vaqfnomaning ikkinchi bandida koʻrsatilgan oʻz tasarrufidagi mulklarini yuqorida bayon etilgan masjidga vaqf qilganligini iqrori moʻtabari shaʼriy qildilar.

Vaqf qilguvchilar shartiga koʻra, vaqfni mutavallisi mazkur masjidning mutavallisi (sifatida) tayin etilib, vaqf qilingan yerdan olinadigan hosildan avvalo masjidni taʼmir ishlariga va uni yoritish uchun sarflanishi va hosildan qolgan qismini masjidni imomi va muazziniga hamda bir qismi mutavalliga ajratilishi belgilab qoʻyildi.

Vaqfnomaga muhr bosganlar:
Qozi Shamsiddinxoʻja ibn Doniyolxoʻja al-Mutvakkil aʼlo Abu Muhibulloh al-Qadim 1297.
Aʼlam Mullo Faxriddinxoʻja ibn Domulla Doniyolxoʻja Marhum. 1297.
Vaqfnomada ishtirok etgan ahli majlis:
Asrorboy, Mullo Oxundjon, Nurmuhammad Aʼzam, Abdulqodir Amin, Muhammadrahimboy va boshqa ahli muslimlar [7].

 

Asrorqul Oxund Mavlaviy vaqfnomasi

Vaqfnoma Qoʻqon qogʻoziga koʻchirilgan boʻlib, hajmi  29×34 sm.  2 ta muhr bosilgan. Vaqfnomaning qisqacha mazmuni quyidagicha.

Zodiyon qishlogʻidagi Chimboy mahallasida joylashgan Toqushqon arigʻidan sugʻoriladigan bir qitʼa yer hududining bayoni. Gʻarb tomondan Qodirqul Aliyor oʻgʻlining mulkiga tutashgan. Janub tomondan Fayziboyning ekinsiz yeriga tutashgan. Sharq tomondan qisman Ulugʻ bibi mazkur yerni vaqf qilguvchi qizining mulkiga va qisman Qodirqulning mulkiga tutashgan. Shimol tomondan qisman yana oʻsha Qodirqulning mulkiga va qisman mazkur Ulugʻbibi va  qisman  Pirimqul polvonning mulkiga tutashgan.

Tarix 1288-yili jumodil soniy oyi (milodiy 1871-yilning avgusti)da Eshon Mavlaviy nomi bilan mashhur boʻlgan Domulla Asrorqul Oxund tani sihatligida va aqli rasoligida yuqorida bayon qilingan oʻz tassarufidagi mulkini oʻzi bino qilgan dahma va Tovushqondagi qabriston uchun vaqf qilganligini iqrori sari sahi moʻtabari shaʼriy qilgan edi. Mazkur vaqfnomaga oʻgʻli Abdulatif maxzumni mutavalli etib, Qozi Eshon Abdulvahobxoʻja qozikalon muhri bilan tasdiqlatgan edi. Vaqf qilguvchining shartiga koʻra, vaqf daromadi 48 qismga boʻlinib, barchasi belgilangan tartibda sarflanishi lozim edi. Chunonchi har juma dahmaga kelguvchilarga taom tayyorlanishi va dahmada oʻqilgan Qurʼoni karimdan hosil boʻlgan savobini vaqf qilguvchi va mazkur qabristondan dafn qilingan ahli muslimlarning ruhiga baxshida qilinmogʻi shart edi. Ammo mazkur vaqfnoma notinch zamonlar vaqtida yoʻqolganligi sababli tarix 1301 (milodiy 1883) yili muharram oyida vaqfnoma qaytadan yozildi va tasdiqlandi. Vaqfnoma muhr bosguvchilar:

Qozi Muhammad Yusuf bin Abdulroziq lafzal Asadulloh Voyiq. 1297 (milodiy 1879).
Muftiy Mullo Bobi bin Mullo Muhammadgʻozi. 1301.
Vaqfnomada ishtirok etgan ahli majlis:
Mullo Abdulkarim, Mullo Subhonqul, Mavlonboy, Sulaymonqul polvon, Mullo Ahrorqul va boshqa ahli muslimlar [8].

XVIII asrda yashagan fransuz faylasufi Pol-Anri Golbax “Bolaligidanoq oʻzining notoʻgʻri fikri izmida boʻlgan, mutaassiblikka mukkasidan ketgan odamlar koʻzidagi jaholat pardasini saqlab qolishni muhim hisoblaydi va ularning koʻzini ochishga uringan kishilar bilan kurashadi. Agar zulmatga oʻrganib qolgan koʻzlari bir lahza yorugʻlikni koʻrgudek boʻlsa, bundan azob chekadi va gʻazab bilan mashʼal tutgan kishilarga tashlanadi”, degan edi. Chindan ham uning soʻzlari naqadar toʻgʻri ekanini Mavlaviy Choʻbinning ayanchli qismatida koʻrish mumkin. Binobarin oʻz davrining peshqadam allomasi ilmsiz johil kimsalar qurboni sifatida tarixda qoldi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Ahmad Muhammad Tursun. Tarozining ikki pallasi. – Toshkent: Sharq, 2019.
  2. Mirzaolim Mushrif. Ansob us-salotin va tavorix al-xavoqin. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom, 1995.
  3. Poʻlotjon Domulla Qayyumov. Tazkirai Qayyumiy. Ikkinchi kitob. – Toshkent., 1998.
  4. OʻzR.MDA, I-19-f. Fargʻona viloyat boshqarmasi. 1-r. 34602-ish. 23-varaq.
  5. OʻzR.MDA, I-19-f. Fargʻona viloyat boshqarmasi. 1-r. 34602-ish. 47-varaq.
  6. OʻzR.MDA, I-19-f. Fargʻona viloyat boshqarmasi. 1-r. 34602-ish. 49-varaq.
  7. OʻzR.MDA, I-19-f. Fargʻona viloyat boshqarmasi. 1-r. 34602-ish. 52-varaq.
  8. OʻzR.MDA, I-19-f. Fargʻona viloyat boshqarmasi. 1-r. 34602-ish. 55-varaq.
NODIRJON ABDULAHATOV,
tarix fanlari doktori,
Fargʻona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish markazining professori

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …