Islomdan oldingi Oʻrta Osiyo tangalarining sezilarli qismini turkiy atamalar – hukmdor ismi, unvon va epitetlar oʻrin olgan tangalar tashkil etgan. Ularning katta bir qismi sugʻdiy, qolgan qismi esa baqtriy, pahlaviy va qadimgi turk-run yozuvida zarb qilingan. Qadimgi turkcha atamalar uchraydigan ushbu tangalar, ayniqsa, ular orasida sugʻdiy yozuv tushirilganlari Gʻarbiy Turk xoqonligi (568-740) bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq edi. Ularning koʻpchiligi xoqonlar tomonidan Choch vohasida zarb qilingan [3: 60-61]. Shuningdek, xoqonlikka u yoki bu darajada aloqador sugʻdiy yozuv tushirilgan tangalar Fargʻona vodiysi, Sugʻd va Toʻxoristonda ham zarb qilingan. Shu bilan birga, sugʻdiy yozuv tushirilgan Oʻrta Osiyo tangalarining katta qismi Choch, Fargʻona, Oʻtror, Sugʻd va Toʻxoristondagi xoqonlikka aloqador turkiy sulolalarga tegishlidir [4: 66-67].
Yuqorida aytilganidek, islomdan oldingi Oʻrta Osiyo tangalarining katta qismi baqtriy, pahlaviy va boshqa tillardagi yozuvlar bilan zarb qilingan. Ularning koʻpchiligi turk xoqonlariga emas, balki u bilan aloqaga ega sulola yoki xoqonlik noiblari tomonidan zarb qilingan. Bu davrda turli yozuvli Oʻrta Osiyo tangalarining katta qismida qadimgi turkcha unvonlar oʻrin olgan. Bu, oʻz navbatida, mintaqa va unga qoʻshni hududlarning Turk xoqonligi (552-744) qoʻl ostida boʻlganini bildiradi. Ushbu masalani tahlil qilishdan oldin quyidagi jadvallarda qadimgi turkcha atamalar oʻrin olgan baqtriy yozuvi tushirilgan Oʻrta Osiyo tangalarini keltirib oʻtamiz:
1-jadval. Baqtriy yozuvli qadimgi turk tangalari
№ |
Unvonlar nomi |
Tanga rasmi |
Zarb qilingan davri va joyi |
Nashr qilingan tadqiqot |
1 |
Hoqon sri bago adēbo bagdaiggo kagano soi bagi “Buyuk hukmdor, tugal baxt egasi Xoqon” |
|
VII – VIII asrlar. Toʻxoriston |
Göbl, 1967. P. 166-167, 244. |
2 |
Jabgʻu tγwʼrʼk xwβ “Toʻxor(iston) hukdmori” (sugʻd.) yoki τoγoro iaβγo? Toʻxor yabgʻusi?” (baqtr) |
|
VII – VIII asrlar. Toʻxoriston, Chagʻoniyon. |
Boboyorov, 2021. B. 160. |
3 |
Tegin 1. ταγινο υwpσavo þaυo “Xuroson Tegin-shoh”;
2. σρι ταγινο þaυo “Buyuk hukmdor Tegin” |
|
VII – VIII asrlar. Kobuliston. |
Göbl, 1967. P. 140. Babayar, 2007. S. 210. |
4 |
Tudun-tarxon tadonotarxano bagdaiggo υarobido “Tugal baxtga ega hukmdor Tudun-tarxon” |
|
VII – VIII asrlar. Toʻxoriston, Xuttal. |
Davary, 1982. 100, 170-171, 287. |
Baqtriy yozuvi tushirilgan tangalarda kagano “xoqon”, “jabgʻu”, ταγινο “tegin”, tadono tarxano “tudun-tarxon” kabi unvonlar – “xoqon”, “jabgʻu”, “tegin” kabi Turk xoqonligi unvonlar tizimining oliy toifasiga kirgan. “Eltabar” va “tudun-tarxon” esa birmuncha quyi darajali unvon hisoblangan. “Hoqon”, “jabgʻu” va “tudun-tarxon” unvoni tushirilgan tangalarning koʻpchiligi Toʻxoriston yabgʻuligi va uning tarkibidagi Xuttal hukmdorligiga tegishli boʻlgan. Baqtriy yozuvida “tegin” unvoni tushirilgan tangalar Tegin-shohlar sulolasi hukmronlik qilgan Kobulistonga oiddir [6: 18-28]. VII – VIII asrlarda Toʻxoristonni yabgʻular sulolasi boshqargan. Ularning kelib chiqishi Gʻarbiy Turk xoqonligiga taqalar edi. Toʻxoriston yabgʻulari hukmronligi 620-yillardan 750- yillargacha, yaʼni bu yer arablar tomonidan toʻlaqonli egallanguniga qadar davom etgan. Kobulistonda ham shunga oʻxshash vaziyat hukmron boʻlib, 640- yillardan 843-yilgacha boshqargan sulola kelib chiqishiga koʻra Gʻarbiy Turk xoqonligiga taqalgan [ 5: 17-19].
Toʻxoriston yabgʻulari va Kobul Tegin-shohlari tangalarini faqatgina baqtriy yozuvida emas, balki pahlaviy (oʻrta fors) va qadimgi hind (brahmiy) yozuvida ham zarb qildirgan. Quyida ushbu tangalardan ayrim namunalarini keltiramiz.
2-jadval. Pahlaviy yozuvli qadimgi turk tangalari
№ |
Unvonlar nomi |
Tanga rasmi |
Zarb qilingan davri va joyi |
Nashr qilingan tadqiqot |
1 |
Yabgʼu ybgu bhlkʼn “Balx yabgʼusi” |
|
VII – VIII asrlar. Toʻxoriston |
8: 182-183. |
2 |
Tegin tkyn bg hwtyp hwrʼsʼn MLKʼ “Tegin, qudratli janob, Xuroson hukmdori” |
|
VII – VIII asrlar. Kobuliston |
9: 377. 1: 205. |
Yuqoridagi tangalar birinchisi Toʻxoriston yabgʻuligiga, ikkinchisi esa Kobul Tegin-shohlari sulolasiga tegishlidir. Shu oʻrinda aytish kerakki, Toʻxoriston yabgʻulari tomonidan zarb qilingan tangalarning koʻpchiligida pahlaviy yozuvi tushirilgan. Ularning ikonografiyasi va matnida Eron Sosoniylari tangalarining kuchli taʼsiri koʻrinib turadi. Bu holatni ayrim tadqiqotchilar Toʻxoriston yabgʻuligi janubi-gʻarbiy tomondan Sosoniylar bilan chegaradosh boʻlganini ilgari suradi. Shuningdek, yaqin qoʻshnichilik natijasida Toʻxoristonda tanga zarb qilish anʼanalariga Sosoniylarga xos jihatlarning taʼsir koʻrsatganini taʼkidlaydi.
Aslida shunga oʻxshash holat Kobulistonda ham koʻzga tashlanadi. Toʻxoriston janubida joylashgan bu hududning chegaralari gʻarbiy tomondan Sosoniylar saltanatiga tutash boʻlgan. Toʻxoriston yabgʻuligi kabi Kobuliston hukmdorlari ham ish yuritish va yozishmalarni yunon-baqtriya yozuvi asosidagi baqtriy tili bilan birga pahlaviy va qadimgi hind tillaridan ham foydalangan [10: 346]. Buni qadimgi hind (brahmiy) yozuvi tushirilgan quyidagi tangalar ham tasdiqlab turibdi.
3-jadval. Qadimgi hind (brahmi) yozuvi tushirilgan qadimgi turk tangalari:
№ |
Unvonlar nomi |
Tanga rasmi |
Zarb qilingan davri va joyi |
Nashr qilingan tadqiqot |
1 |
Tegin hıtıvıra kharalāva pārameśvara śrı vahı tıgına devakārı tam “Hitivira/ Eltabar – Buyukligi, Xaralaja, eng buyuk janob, Tegin-shoh buyukligi, hashamatli hukmdor uchun [bu tanga] zarb qilindi” |
|
VII – VIII asrlar. Kobuliston |
8: 142-208. 9: 377-378. 2: 206.
|
2 |
Eltabar hıtıvıra kharalāva pārameśvara śrı vahı tıgına devakārı tam–“Hitivira/ Eltabar – Buyukligi, Xaralaja, eng buyuk janob, Tegin-shoh buyukligi, hashamatli hukmdor uchun [bu tanga] zarb qilindi” |
|
VII – VIII asrlar. Kobuliston |
8: 142. |
Yuqorida keltirilgan “tegin” unvoni tushirilgan tangalar Kobul Tegin-shohlari sulolasiga tegishli boʻlib, ular 3 ta tilda – baqtriy, pahlaviy va qadimgi hind (brahmi) yozuvlarida zarb qilingan. Kobul Tegin-shohlari sulolasiga tegishli tanga matnlarining bir necha tilda yozilishi oʻzining tarixiy asoslariga ega. Birinchidan, Kobul viloyati va unga qoʻshni Zobuliston, Qandahor kabi bugungi Afgʻonistonning sharqiy va janubiy viloyatlari, shuningdek, Gandxara (Panjob), Kashmir singari Shimoliy Hindiston (bugungi Pokiston) viloyatlarining bir qismida qadimda va ilk oʻrta asrlarda asosan hind va eroniy tilli, qisman turkiy tilli elatlar yashagan. Turk xoqonligi davrida bu yerda turkiy aholining salmogʻi ancha oshadi. Ayniqsa, Kobul Tegin-shohlari sulolasi davrida hukmron toifa va qoʻshin asosan turkiylardan tashkil topgan edi.
Oʻzaro qoʻshni ikkala hukmdorlik – Toʻxoriston yabgʻuligi va Kobul Tegin-shohlari mintaqadagi etnik xilma-xillikdan kelib chiqib, tangasini turli tillarda zarb qildirgan. Shunday boʻlsa-da, ular qadimgi turkiy anʼanalarni davom ettirgan. Tanga matnlarida esa “jabgʻu”, “tegin” kabi Turk xoqonligiga xos unvonlarga asosiy urgʻu berilgan.
Umuman olganda, islomdan oldingi yozma manbalardan anglash mumkinki, jabgʻu – xoqondan keyin turuvchi unvon edi. U Gʻarbiy Turk xoqonligining ilk bosqichida eng yuqori daraja boʻlib, keyinchalik xoqonlikning bir qismi hisoblangan Toʻxoriston hukmdorlari unvoniga aylangan. Tegin esa Turk xoqonligida shahzodalar unvoni sifatida xoqonlikka borib taqaluvchi Choch teginlari, Toʻxoriston yabgʻulari va Kobul Tegin-shohlari kabi sulolalar tomonidan ham qoʻllana boshlagan. Eltabar – Turk xoqonligida “tegin” (shahzoda)lardan keyingi oʻrinda turuvchi unvon boʻlib, uning egalari xoqonlikning hukmron toifasiga tegishli boʻlmagan. Xoqonlik oʻz vassallariga ushbu unvonni bergan. Eltabar Choch, Toʻxoriston va Kobuliston tangalarida uchraydi. Ular koʻproq kichik hududlar boshqaruvchilari unvoni sifatida qayd etilgan. Tudun – Turk xoqonligida vassal hukmdorlarni nazorat qilish va ulardan soliq yigʻish ishlarini tashkil etuvchi amaldor unvoni, noib. Vazifasiga koʻra qadimgi turkcha “bosqoq” unvoniga ham toʻgʻri kelgan. U Choch va Toʻxoriston tangalarida uchraydi. Ushbu unvon sohibi ham eltabar unvoniga ega shaxs bilan deyarli teng mavqeda boʻlgan.
-
Babayarov G. Drevnetyurkskiye monetы Chachskogo oazis. – T., 2007.
-
Babayar G. Köktürk Kağanlığı sikkeleri Katalogu. The Catalogue of coins of Turkic Qaghanate. – Ankara: TIKA, 2007.
-
Boboyorov Gʻ.B. Choch tarixidan lavhalar (Ilk oʻrta asrlar). – T., 2010.
-
Boboyorov Gʻ.B. Gʻarbiy Turk xoqonligi tarixi va tanga-pul tizimi. – T., 2021.
-
Djumaniyazova F. Ilk oʻrta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysida turkiy sulolalar. Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – T., 2018.
-
Djumaniyazova F. Sharqshunoslik // 2017, № 3.
-
Davary G.D. Baktrisch: Ein Wörterbuch auf Grund der Inschriften, Handschriften, Münzen und Siegelsteine. — Julius Groos Verlag, 1982.
-
Göbl R. Dokumente zur Geschihte der İranischen Hunnen in Baktrien und İndien. Band I. – Wiesbaden., 1967.
-
Harmatta J., Litvinsky B.A. Toharistan and Gandhara under Western Turk rule // History of civilizations of Central Asia, vol. 3. – Paris., 1996.
-
Sims-Williams N. Bactrian documents from northern Afghanistan. – Oxford., 2000.
HILOLA NORMAMATOVA,