Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyaning “Diyanet” jamgʻarmasi huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) bilan hamkorlikda tashkil qilingan Hanafiy mazhabi boʻyicha IV yillik xalqaro konferensiya 6 iyun kuni oʻz ishini yakunladi.
Anjumanning soʻnggi bosqichida hanafiy fiqhiga oid matnlar mutolaa qilinib, Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-Foiq fi shurutil vasoiq” asaridagi Qoraxoniylar davriga oid vaqf ijara shartnomalari xususida soʻz yuritildi. Qatnashchilar uchun, shuningdek, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Umar Shaʼbiyning “Kitobu majolisi Shaʼbiy” asaridan parchalar oʻqib eshittirildi. Abu Zayd Dabusiy asarlaridan ham namunalar keltirildi.
Uch kun davomida jami olti shoʻbada ish olib borgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va ISAM ilmiy xodimlari bilan birga Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi professorlari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Namangan Davlat universiteti, shuningdek, Turkiyadagi Sabanji, Istanbul va Marmara universitetlari, AQSHdagi Texas, Toronto va Nyu-York universitetlari, Avstriyadagi Vena universiteti, Germaniyadagi Tyubingen universiteti va Gumboldt universitetining Islom ilohiyotshunoslik instituti vakillari qatnashdi.
Konferensiya davomida jami 20 dan ortiq maʼruza tinglandi. Hanafiy mazhabining Markaziy Osiyo, shuningdyek, Iroq, Misr, Turkiya va Liviya hududlarida yoyilish omillari va mazkur davlatlar xalqlari tarixida tutgan ahamiyati keng muhokama qilindi, Abu Hafs Nasafiy, Abu Zayd Dabusiy, Husomiddin Sadr Shahid Buxoriy, Alouddin Usmandiy kabi allomalar ilmiy merosining yuksak qiymati yuzasidan mulohazalar bildirilib, hanafiy fiqhiga oid tarixan shakllangan huquqiy munosabatlar borasida ilmiy munozaralar yuritildi.
Anjuman qizgʻin munozaralar, ilmiy bahslar va oʻzaro tajriba almashish maydoniga aylandi. Konferensiya yakunlari sarhisob qilinib, tegishli xulosalar shakllantirildi.
Qatnashchilar tadbir yuksak darajada samarador boʻlgani va uni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsadlarga toʻla erishilganini yakdillik bilan qayd etib, anjumanni tashkil qilishda yaqindan hamkorlik qilgan va yordam koʻrsatgan Markaz rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Konferensiya ishtirokchilariga tashkilotchilarning tegishli sertifikatlari, shuningdek, Markazning esdalik sovgʻalari hadya qilindi.
Tadbir yakunida qatnashchilar buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.