Home / FOTO LAVHALAR / Islohotlar – soha rivojining asosi

Islohotlar – soha rivojining asosi

Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida 17-may kuni islom dinining Hanafiy-Moturidiy talqiniga bagʻishlangan xalqaro simpozium boshlandi.

Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti shafeʼligida oʻtkazilayotgan ikki kunlik anjumanda mezbon davlatdan tashqari Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Afgʻoniston, Indoneziya va yurtimiz vakillari qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari ham ishtirok etmoqda.

Ellikdan ziyod islomshunos olim, diniy idora vakili va soha mutaxassisi qatnashayotgan nufuzli simpoziumda Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov “Imom Moturidiy taʼlimotida aqliy va naqliy dalillar” va ilmiy xodim, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Jonibek Jumayev “Oʻzbekistonda Imom Buxoriy va Imom Moturidiy merosining oʻrganilishi” mavzularida maʼruza qildi.

Tadqiqotchilar Oʻzbekistonda ulugʻ allomalar ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar, jumladan, ularning asarlarini tarjima qilish va nashr etish, xorij kutubxonalarida saqlanayotgan kitoblarini izlab topish va nusxasini olish, shuningdek, xoki mangu qoʻnim topgan maskanlarini obodonlashtirish borasidagi va boshqa xayrli tadbirlar xususida maʼlumot berdi. Bundan tashqari, soʻnggi yillarda mutafakkirlar ilmiy merosini xalqimiz orasida ham keng targʻib etish yangi bosqichga koʻtarilganini qayd etdi. Xususan, xodimlar tomonidan Markaz ilmiy faoliyati natijasida erishilgan yutuqlar tilga olinib, nashr qilingan yangi kitoblar taqdimot qilindi.

Anjuman ishtirokchilari yurtimizda bu borada olib borilayotgan izchil islohotlar keng quloch yoyib, diniy-maʼrifiy soha rivojida muhim omil boʻlganini taʼkidladi.

Tashkilotchilarga Markazning yangi nashrlari toʻplami hadya qilindi.

Simpozium 18-may kuni yakuniga yetadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Indoneziyalik yirik davlat arbobining qalb izhori

Xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasining beshinchi Prezidenti, Milliy tadqiqot va innovatsiya …