Home / MAQOLALAR / ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (1-qism)

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (1-qism)

Alloh taolo bandalarini Oʻziga toatu ibodat qilishi va xayrli ishlarni amalga oshirib, Oʻzining muhabbatu roziligiga yetishi uchun yaratdi. Bizni Yaratgan zot bandalari orasida Oʻziga shirk keltirmay ibodat qiladigan va solih amallarda bardavom boʻladiganlarini yaxshi koʻradi. Fahsh va boshqa qaytarilgan ishlarni qilgan bandalaridan rozi boʻlmaydi. Albatta, Alloh taolo neʼmat beruvchi zot. Insonlar uchun berilgan neʼmatlar ichida eng buyugi uning hidoyatga musharraf boʻlib, amallarini islom dini aqidasi va koʻrsatmalariga muvofiq bajarishidir. Moʻmin kishi zimmasiga dunyo va oxiratda foydali boʻlgan amallarni tanlab, uni bajarish masʼuliyati yuklatilgan. Albatta, bu ishda unga Allohning hidoyati, inoyati va tavfiqi zarur. Buning uchun u doimo Allohga sigʻinishi, Unga iltijo qilib tavfiq berishini soʻrashi kerak.

Musulmon kishi hayoti davomida har xil fitna-fasod, buzgʻunchi gʻoya va amallardan ehtiyot boʻlishi, hidoyatdan soʻng zalolatga adashib ketishdan saqlanishi lozim. Xususan, “ommaviy madaniyat” kabi fitnalardan ehtiyot boʻlishi va boshqalarni ham bu haqda ogohlantirishi har bir musulmonning asosiy burchlaridan biri sanaladi. Agar insonga Alloh taolo tavfiq bergan boʻlsa, buning uchun Yaratgan Zotga hamdu sanolar aytib, qadamini sobit qilishi, agar tavfiqda boʻlmasa, bu yoʻlga intilishi va unga yetishi lozim. Zero, tavfiq, insonga dunyo va oxirat saodatiga erishmogʻi uchun eng muhim omillardan biri sanaladi. Tavfiqsiz inson dunyo va oxirat saodati hamda Alloh taoloning roziligiga erisha olmaydi. Xoʻsh, tavfiq bizni ikki dunyo saodatiga yetkazuvchi muhim omillardan biri boʻlsa, uning oʻzi nima ekanini bilamizmi? Tavfiqdan nechogʻlik xabardormiz? kabi savollarga javob topish muhim ahamiyatga ega.

Koʻpchilik “muvaffaqiyat qozonish, bir ishga muvaffaq boʻlish, omadi kelish” iboralarini juda tor doirada qoʻllaydi. Bu din va oxirat ishlari zoye qilinishi evaziga boʻlsa ham dunyo eshiklari ochilgan kishiga nisbatan ishlatiladi. Aslida tavfiq, yaʼni omadi kelmoq, ishi yurishmoq iborasini bunday taʼrif bilan nisbat qilish diniy bilimlar yetarli emasligi sabablidir.

Tavfiq keng qamrovli masala boʻlib, bu haqda kelgan manbalarga suyanib ahli sunna val jamoa aqidasiga binoan oʻz fikrimizni bildirishga qaror qildik. Agar Qurʼoni karim va hadislarda kelgan manbalar chuqur tafakkur qilinsa, “tavfiq – omad kelishi” iboralarining haqiqiy maʼnosi namoyon boʻladi.

 “Tavfiq” soʻzi arab tilidagi “vaffaqo” feʼlidan olingan boʻlib, “yaxshi yoʻlga boshqarmoq”, “ezgu amallarga muvofiq qilmoq”, “muvaffaqiyat qozonmoq”, “omadi kelmoq” maʼnolarini anglatadi.[1] Bu soʻz maʼnosi umumlashtirilsa, unda “insonni hayotda yaxshi, solih va ezgu amallar sari yoʻnaltirish, yaʼni bu borada unga “omadning berilishi” mazmuni kelib chiqadi.

Sharʼiy istilohda “tavfiq” soʻzi “Alloh taolo bandasini Oʻzi rozi boʻladigan ishlarga boshqarishi va gunoh ishlardan saqlashi”ni anglatadi.

Quyida dinimizda mavzumizga oid tavfiq – omad berilishi haqida maʼlumotlarni darajasi bilan eʼtiboringizga taqdim qilamiz:

  1. Alloh taolo tomonidan bandaga tavfiq berilishi, yoxud bandasining omadi kelishi belgilaridan eng kattasi – bu inson mutlaq holda jismi, soʻzi va mol-mulki bilan solih amallarga muvaffaq boʻlishidir. Alloh taolo “Ahzob” surasining 71-oyatida: “…Kim Allohga va Uning Paygʻambariga itoat etsa, bas u ulugʻ baxtga erishibdi”, deb Alloh va Rasuliga itoatni eng buyuk muvaffaqiyat ekanini uqtiradi. Jumladan, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam:

– “Alloh taolo agar biror bandasiga yaxshilikni xohlasa, unga amal qildirib qoʻyadi,” dedilar.

  • Ey Rasululloh, unga qanday amal qildirib qoʻyadi? deb soʻraldi. Rasululloh:
  • “Uni oʻlimidan oldin solih ishlarga boshqarib qoʻyadi,”[2]

Shuningdek, Abu Bukra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Bir kishi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan: Eng yaxshi inson kim? deb soʻraganida U zot: “Umri uzun, amali chiroyli kishi,”[3] deb javob berdilar” deyilgan. Demak, inson umrining uzun boʻlishi va shu vaqt davomida yaxshi ish va solih amallar bilan mashgʻul boʻlishi ham ayni saodat va omaddir.

  1. Inson dinda yetuk ilmga ega boʻlishi yoki ilm yoʻlini tanlashi ham unga berilgan omad hisoblanadi. Alloh taolo Baqara surasining 269-oyatida: “U Oʻzi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) Kimga hikmat berilgan boʻlsa, bas, muhaqqaqki, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Vaʼz-eslatmalarni faqat ahli donishlargina oladilar”[4] deb marhamat qilgan va insonga ilm-maʼrifat berilishi unga nisbatan ulkan ilohiy neʼmat ekanini bayon qiladi.

Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (donishmand) qilib qoʻyadi,”[5] deb, kishining oʻz dinida yetuk olim boʻlishi ham unga berilgan ulkan omadlardan biri ekanini taʼkidlaydilar.

  1. Insonning yaxshilik tarqatishi va solih amallar qilishi ham Alloh taolo bergan omaddir. Bu haqda Qurʼoni karimning Fussilat surasida Alloh taolo: (Odamlarni) Alloh(ning dini)ga daʼvat qilgan va oʻzi ham yaxshi amal qilib, “Shak-shubhasiz men musulmonlardandirman”, degan kishidan ham chiroyliroq soʻzlaguvchi kim bor?” deb marhamat qilgan. Bu bilan islomni qabul qilib, ezgu ishlarga intilgan kishining tutgan yoʻli qanday ham chiroyli ekani taʼkidlanadi. Zero, bu yoʻl paygʻambar va rasullar yoʻlidir. Kishining yaxshi amallarga targʻib qilib, yomon ishlardan qaytarishi ham unga berilgan ilohiy inoyatdir. Ezgu ishlarning aʼlosi insonlarni tavhid (yakka xudolik, faqat Alloh taologa sigʻinish)ga chaqirib, shirk (Allohdan boshqaga sigʻinish)dan qaytarishdir.
[1] Ali ibn Hodiya, Hasan al-Balish, al-Jiloniy ibn Hoji Yahyo. Al-Qomusul jadid. – Tunis, 1985. – B.1338.
[2] Muhammad ibn Iso ibn Savra at-Termiziy. Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. – Bayrut. 5-juz, 2142-hadis.
[3] Muhammad ibn Iso ibn Savra at-Termiziy. Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. – Bayrut. 5-juz, 2330-hadis.
[4] Shayx Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Baqara surasi, 269-oyat mazmuni. – T.: TIU, 2006.
[5] Muhammad ibn Iso ibn Savra at-Termiziy. Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. – Bayrut. 5-juz, 2645-hadis.
NODIR QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
(Davomi bor)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …